Sayt test rejimida ishlamoqda

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining navbatdagi Rayosat majlisi 2021 yilning 27 fevral` kuni bo‘lib o‘tib, jumladan quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi:
    1. Rayosat majlisi qaroriga asosan 12 nafar talabgor fan doktori, 108 nafar talabgor falsafa doktori ilmiy darajalarida, shuningdek 97 nafar talabgor ilmiy unvonlarda tasdiqlandi.
    2. Rayosat majlisida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar, jumladan “Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash to‘g‘risidagi nizom”, “Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom” talablariga rioya qilish, dissertatsiyalar muhokamasining xolis ekspertizasini ta’minlash, ko‘chirmachilikka yo‘l qo‘ymaslik hamda tegishli ilmiy-tashkiliy ishlarni talab darajasida amalga oshirish masalalari muhokama qilindi,  jumladan:
    a) M.K.Maxamedov dissertatsiyasining ob’ekti sifatida olingan zararkunanda hasharot issiqxona tripsi (H. haemorrhoidalis) o‘rniga Amerika tripsi (Echinothrips americanus Morgan)ning morfo-biologik ko‘rsatkichlari G.I.Suxoruchenko, G.P.Ivanova, L.Yu.Kudryashovaning “Amerikanskiy trips (Echinothrips Americanus Morgan) – Noviy adventivniy vreditel` kul`tur zashhishhennogo grunta v Rossii” rus tilidagi manbadan o‘zbek tiliga o‘girgan holda ko‘chirib olgani sababli talabgorning  qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan PhD/04.02.2021/Qx.228 raqamli attestatsiya ishiga rad javobi berildi. Dissertatsiyada ko‘chirmachilik mavjudligi sababli “Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom”ning  34-bandiga ko‘ra uning attestatsiya ishini to‘xtatishni so‘ragan murojaati ko‘rib chiqilmadi hamda Rayosatning qarori bilan u ushbu mavzu bo‘yicha dissertatsiyani qayta himoya qilish huquqidan mahrum etildi (Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi DSc.05/30.12.2019.Qx.13.01 raqamli ilmiy kengash);
    b) Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi DSc.05/30.12.2019.Qx.13.01 raqamli ilmiy kengash faoliyati quyidagilarni e’tiborga olgan holda tugatildi:
    faoliyatida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilmaslik, dissertatsiyalar muhokamasida noxolis ekspertiza va ko‘chirmachilikka yo‘l qo‘yish, tegishli ilmiy-tashkiliy ishlarni talab darajasida amalga oshirmaslik va boshqalar;
    OAK Rayosatining qarori (30.01.2021 y., №291/1) bilan dissertatsiya mohiyati bo‘yicha ilmiy-uslubiy jihatdan xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani, dissertatsiya va avtoreferatda qator kamchiliklar aniqlangani, tadqiqot yakunlanmagani, olingan ma’lumotlarning ishonchsizligi hamda talabgor bilan o‘tkazilgan suhbatda savollarga qoniqarsiz javob berganligi sababli U.A.Masharipovning qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan PhD/22.12.2020/Qx.1338 raqamli attestatsiya ishiga rad javobi berilgani;
    OAK tomonidan qishloq xo‘jaligi fanlari doktori K.Sh.Mamatovning dissertatsiyasini tegishli o‘zga manba bilan taqqoslagan holda qo‘shimcha xulosa taqdim etmagani.
    3. OAK Rayosatining qarori (27.02.2021 y., №293/1) bilan Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi DSc.05/28.08.2020.Qx.13.03 raqamli ilmiy kengashga (ilmiy kengash raisi X.Ch.Buriev) ikki oy ichida ekspertiza xolisligini ta’minlash maqsadida faoliyati tugatilgan DSc.05/30.12.2019.Qx.13.01 raqamli ilmiy kengashda 2013-2020 yillarda himoya qilingan barcha dissertatsiyalarda plagiat (ko‘chirmachilik) holati mavjud/mavjud emasligi yuzasidan ekspertizani tashkil etib, asoslangan xulosalarni OAKga taqdim etish yuklatildi.
    4. Barcha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarga o‘z faoliyatlarida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar talablariga to‘la rioya qilish, plagiat (ko‘chirmachilik) holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik, ekspertiza sifati va xolisligini ta’minlash, attestatsiya jarayonida ishtirok etayotganlarning mas’uliyatini oshirish masalalarini bir oy muddat ichida muhokama qilib, nizomlar talablariga to‘la rioya etilishini ta’minlash chora-tadbirlarini belgilagan holda uning ijrosini so‘zsiz amalga oshirishni ta’minlash yuklatildi.

 

OAK Axborot xizmati

Yangiliklarga obuna bo‘lish