Davlatimiz rahbarining BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yig‘ilishidagi nutqini diqqat bilan tingladik.

Aytish kerakki, mazkur kengash dunyo bo‘ylab inson huquqlari himoyasini ta’minlashga qaratilgan BMT tizimidagi eng nufuzli organlardan biridir. Kengashga 47 ta davlat a’zo. Kengash a’zolari uch yillik muddatga yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. 

O‘tgan yilda O‘zbekiston 2021-2023 yillar davriga ushbu tuzilma a’zosi etib ilk bor saylangani mamlakatimizda keyingi yillarda inson huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlarning muhim e’tirofi bo‘ldi. Zero, O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, shu qatorda, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakul`tativ protokoliga qo‘shilgan.  

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 22 iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni bu sohadagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Mazkur farmon asosida milliy strategiya va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.  

Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish, so‘z erkinligini ta’minlash borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Masalan, jinoyat sodir etgan shaxslarni afv etish bo‘yicha oxirgi yillarda 13 ta farmon qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni o‘tash joyidan ozod qilindi. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sug‘urta to‘lash tartibi birinchi marta amaliyotga kiritildi. Jasliq qo‘rg‘onidagi jazoni ijro etish koloniyasining yopilgani davlatimizda amalga oshirilayotgan insonparvarlik siyosatining yanada yorqin ifodasi bo‘ldi.

So‘nggi uch yilda 19 mingdan ortiq, shuningdek, bir vaqtning o‘zida 1995 yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizga fuqarolik berilgani xalqimiz tomonidan ham, xalqaro miqyosda ham katta olqishga sazovor bo‘lmoqda. Bunday xayrli ishlar bugungi kunda ham izchil davom etayotgani xalqimizning jamiyatimizdagi islohotlarga daxldorligini kuchaytirmoqda. Yurtimizda yaratuvchilik, bunyodkorlik, tashabbuskorlik, tinchlik-totuvlik muhiti mustahkamlanmoqda.  

Jahonning nufuzli xalqaro minbari – BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi yig‘ilishida davlatimiz rahbarining nutq so‘zlashi mamlakatimizda erishilayotgan ana shunday muhim yutuqlar xalqaro hamjamiyatning doimiy e’tiborida ekanining va qizg‘in qo‘llab-quvvatlanishining e’tirofi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, bu Prezidentimizning inson huquqlarini ta’minlash borasidagi yuksak siyosiy irodasidan ham dalolatdir.  

Yana bir jihat – 160 dan ortiq mamlakatning prezidentlari, hukumat rahbarlari, yirik xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etgan ushbu xalqaro tadbirda aynan O‘zbekiston Prezidentining birinchi bo‘lib so‘zga chiqishi – bu xalqaro hamjamiyatning davlatimiz yetakchisiga, xalqimizga, jonajon O‘zbekistonimizga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning yorqin ifodasi bo‘ldi. Prezidentimiz bu gal ham o‘z nutqini o‘zbek tilida bayon etdi. Bu - ona tilimizning xalqaro yuksak minbarlardan ikkinchi bor jarang sochishi bo‘ldi. Buni ko‘rib qalbimizda g‘urur va iftixor tuyg‘usi yana bir bora jo‘sh urdi, ko‘nglimiz osmon qadar yuksaldi.

Mazkur anjumanda davlatimiz rahbari inson huquqlari sohasida eng dolzarb bo‘lgan muhim masalalarga to‘xtalib o‘tdi va qator tashabbuslarni ilgari surdi. Birinchi masala – O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning qat’iy tarafdoridir. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar, xalqaro maydonlarda ilgari surilayotgan taklif va tashabbuslar Barqaror rivojlanish maqsadlarining “hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili bilan hamohangdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini ta’minlashda parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekistonni global va mintaqaviy kun tartibini shakllantirishdagi faol ishtirokchiga aylanib borayotgan mamlakatlar sifatida baholashimiz mumkin.

Davlatimiz rahbari barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentning roli haqida doimiy ravishda ta’kidlab keladi.

Jumladan, Prezidentimiz Senatning birinchi majlisidagi nutqida ham Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo‘yicha tasdiqlangan indikatorlarga erishilishi ustidan Senat doimiy monitoring olib borishi maqsadga muvofiqligi yuzasidan tegishli takliflar bergan edi. Shu bois, Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning izchil amalga oshirilishi ustidan doimiy nazoratni olib borish maqsadida Parlament komissiyasi tashkil etildi.

Parlament komissiyasi a’zolari ishtirokida O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga doir birinchi ixtiyoriy milliy sharhi loyihasi ishlab chiqildi va mamlakatimiz ilk marotaba barqaror rivojlanish bo‘yicha oliy darajadagi siyosiy forumga ushbu sharhni taqdim etgan 49 ta davlat safidan joy oldi.

Shuningdek, barqaror rivojlanish sohasidagi oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan respublikaning 7 ta hududida o‘rganishlar olib borildi. O‘rganish doirasida 3 ta milliy maqsad, uning 30 ta vazifasi hamda 55 ta indikator qamrab olindi. Natijalar Parlament komissiyasining majlisida muhokama qilinib, Hukumat oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Mazkur ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilda Buxoro shahrida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” mavzusidagi xalqaro forumni o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Barqaror rivojlanishga erishish maqsadida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham munosib baholab kelinmoqda. Xususan, Bertel`sman fondining 2020 yilgi hisobotida O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlari ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha 193 ta mamlakat orasida 66-o‘rinni egallagan. Bunday natijaga erishishning asosiy omillari sifatida kambag‘al aholi ulushining 2015 yildagi 13 foizdan 2018 yilda 11 foizgacha kamaygani, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 2017 yildagi 28 foizdan 2019 yilda 52 foizga oshgani e’tirof etilgan.

Ikkinchi masala – bu gender siyosatiga taalluqli bo‘lib, bu borada mamlakatimizda mustahkam huquqiy asoslar yaratildi. Barcha sohalarda xotin-qizlarning manfaatlarini ta’minlash yuzasidan qator amaliy ishlar qilinmoqda. Bu yo‘nalishdagi ishlarimiz xalqaro miqyosda munosib tan olinmoqda. Misol uchun, xalqaro parlamentlararo assambleyasi bosh kotibi Martin Chungong O‘zbekiston tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi. 2021 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilishning O‘zbekistonga topshirilishini ham mamlakatimizda gender siyosati to‘g‘ri yo‘nalishlar asosida olib borilayapti, deb baholashimiz mumkin.

Uchinchi masala – Prezidentimiz o‘z nutqida yoshlar masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Joriy yilning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb e’lon qilinishi ham bejiz emas. Bolalar ombudsmani instituti faoliyati yanada takomillashtirilib, hozirgi kunda bu borada qonun ham ishlab chiqilmoqda.

Hammamizga ma’lumki, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasi  

72-sessiyasida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilish taklifini ilgari surgan edi. Bugungi chiqishda esa Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi institutini ta’sis etish taklifi bildirildi. Bu orqali yoshlar masalalarini BMTning yuqori minbarlarida doimiy ravishda muhokama qilib borish imkoniyati yaratiladi.

To‘rtinchi masala – korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi ekanligi qayd etildi. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 iyundagi farmoni bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi bu yo‘nalishda katta qadam bo‘lgani hamda bugungi kunda Milliy kengash va Agentlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Milliy kengash ish rejasiga muvofiq, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha turli yo‘nalishlarda aniq chora-tadbirlar belgilandi, bir qator mutasaddi idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi. Singapur, Janubiy Koreya va Sloveniya davlatlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida faoliyat yuritayotgan uch nafar yetakchi ekspertlarini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga maslahatchi sifatida jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligiga erishish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy obro‘-e’tiborini oshirish maqsadida sog‘liqni saqlash, qurilish, oliy va o‘rta maxsus ta’lim va davlat xaridlari sohalarida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish uchun ishchi guruhlar tuzilib, ularning tarkibi tasdiqlandi hamda vazifalari belgilab olindi.

Korrupsiyaning mavjud holati bo‘yicha Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish tashkilotining (Transparency International) 2019 yilda e’lon qilgan indeksida O‘zbekiston 180 ta davlatdan 153-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2020 yilda 7 pog‘onaga ko‘tarilib, 146-o‘rinni egalladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro standartlarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga implementatsiya qilishni davom ettirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish har bir fuqaroning, umuman olganda, barchamizning birdek vazifamiz ekan, bu borada jamoatchilikning roli muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi dasturlarni amalga oshirishda faol ishtirok etish maqsadida Agentlik huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etildi.

Kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish uchun o‘tkaziladigan tanlovlarni internet tarmog‘ida onlayn translyasiya qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish uchun alohida xonalar ajratish va jihozlash hamda majburiy ravishda internet tarmog‘ida onlayn translyasiya qilish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, Milliy kengash nizomi, 2021 – 2025 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya va Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihalari ishlab chiqilib, muhokama etilmoqda.

Beshinchi masala – alohida e’tiborga molik, imkoniyati cheklangan, nogironligi bor fuqarolar masalasi. Prezidentimiz o‘z chiqishida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning parlament tomonidan ratifikatsiya qilinishi kutilayotganini alohida qayd etib o‘tdi. Mamlakatimizda mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish uchun huquqiy asoslar takomillashtirildi. O‘tgan yili “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 2021 yilgi davlat dasturida ham ushbu toifadagi insonlarning ijtimoiy himoyasi yo‘nalishida qator chora-tadbirlar belgilandi. Nogironlikni belgilashning jahon andozalariga mos “ijtimoiy modeli”ga bosqichma-bosqich o‘tilmoqda va, eng asosiysi, bu yo‘nalishdagi islohotlarimiz ortga qaytmas tus oldi.

Oltinchi masala – bu mamlakatimizda bolalar va majburiy mehnat bartaraf etilganligi ta’kidlab o‘tildi. Bu borada oxirgi 4 yil ichida biz misli ko‘rilmagan natijalarga erishdik. Ya’ni yurtimizda bolalar va majburiy mehnatga batamom chek qo‘yildi. Aholi uchun erkin, munosib mehnat bilan ta’minlash ishlari qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash, mehnat sohasiga bozor iqtisodiyoti va standartlarini joriy etish ishlari bilan birgalikda olib borilmoqda. Bu ishlarimiz Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Gay Rayder tomonidan 2020 yilda o‘tkazilgan xalqaro monitoring guruhi ekspertlari tomonidan e’tirof etildi.

Mazkur masalaga yanada aniqroq to‘xtaladigan bo‘lsak, birgina 2020 yilning o‘zida mamlakatimizda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish yo‘nalishidagi vazifalarni tartibga solish maqsadida 19 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Eng asosiysi, majburiy mehnatga barham berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ma’muriy javobgarlikni kuchaytiruvchi hamda jinoiy javobgarlikni belgilovchi me’yorlar kiritildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga jinoiy javobgarlik belgilandi.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, odam savdosidan jabrlangan fuqarolarimizning huquqlari va ularning manfaatlarini himoya qilish maqsadida mavjud qonun hujjatlari takomillashtirildi.

Shu bilan birga, Prezidentimiz tomonidan mazkur nufuzli anjumanda inson huquqlari bo‘yicha ta’limni kuchaytirish, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, so‘z erkinligini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, sud`yalar mustaqilligini ta’minlash, ularning ishlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida bir qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Bundan tashqari, qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning fakul`tativ protokolini ratifikatsiya qilish, Qiynoqlar bo‘yicha BMTning maxsus ma’ruzachisini O‘zbekistonga taklif etish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha so‘z yuritildi.  

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining mazkur anjumandagi nutqida aytilgan har bir fikr-mulohaza, taklif va tashabbuslar nafaqat yurtdoshlarimizni, balki, xalqaro hamjamiyatni ham to‘lqinlantirib yuborgani tabiiy. Zero, unda nafaqat xalqimizning, balki, butun insoniyatning farovon kelajagiga xizmat qiladigan muhim maqsad va vazifalar o‘z ifodasini topdi.

Shu bois ma’ruzada ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar, maqsad-vazifalarni ro‘yobga chiqarish biz – parlament a’zolari, Hukumat vakillari, mahalliy hokimliklar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Endilikda barchamiz bahamjihat bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib, aniq reja va yo‘nalishlarni belgilab olib ish yuritsak, bu borada ko‘zlagan maqsadlarimizga albatta erishamiz.

Tanzila NORBOEVA,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Raisi.

Manba: O‘zA

Yangiliklarga obuna bo‘lish