Alisher Navoiy o‘zining o‘lmas asarlari bilan o‘zbek xalq klassik adabiyotini jahon adabiyoti va umumbashar madaniyati miqyosiga olib chiqqan buyuk shoirdir.
Mamlakatimizda ulug‘ allomalarimizning ma’naviy merosini o‘rganish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, kitobxonlikni keng ommalashtirish, odamlar dardu tashvishi bilan yashash, hayotimizni yanada farovon etish borasidagi keng qamrovli islohotlarda buyuk allomalarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish, asarlarining mohiyatini sodda, ravon tarzda yoshlarga etkazish bo‘yicha amaliy ishlar qilinmoqda.
Navoiyning xalq qalbidagi siymosi, uning obro‘si, unga bo‘lgan hurmat va e’tiqod alloma asarlarining targ‘ibi va tashviqidagi birlamchi qadam, asosiy tamal toshi bo‘lmog‘i kerak. Zotan, buyuk mutafakkirning hayoti va ijodini o‘rganish yuksak ma’naviyatni shakllantirishning munosib omilidir.
Alisher Navoiy o‘zining purhikmat asarlari, sermazmun hayot yo‘li, betakror ilmiy va ijodiy merosi bilan jahon adabiyoti, ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Ushbu ijod namunalari asrlar osha bashariyatga ezgulik va kamolotdan saboq berib kelmoqda.
Alisher Navoiy bugun o‘zbek xalqi uchun milliy iftixor ramziga, adabiy, ma’naviy kamolot timsoliga aylangan. Xalqimiz ulug‘ bobokalonimizning bebaho merosini hamisha sevib e’zozlaydi.
Tadbir davomida shoir haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Manba: uza.uz