Nazarova Moxira Azamatovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qizilqum sharoitida yassi gulli sur rangli qorako‘l qo‘ylarini urchitish va seleksiyalash xususiyatlari”, 06.02.01. - qishloq xo‘jalik hayvonlarini urchitish, ko‘paytirish seleksiyasi va genetikasi (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.RhD/Qx62.
Ilmiy rahbar: Yusupov Suratbek Yunusovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/30.12.2019.Qx.75.01.
Rasmiy opponentlar: Soatov O‘tkir Rajabovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent; Inoyatov Alimbay, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi qumli cho‘l sharoitida sur rangli yassi tipli qo‘ylarni gul tipi bo‘yicha gomogen (yassi x yassi) va geterogen (yassi x boshqa tiplar) juftlashdan olingan avlodlarning biologik va mahsuldorlik xususiyatlarini o‘rganish asosida ularni urchitish va seleksiyalash usullarini takomillashtirish, qo‘ylardan olingan barra terilarining eksportboplik xususiyatlarini oshirish, soha samaradorligini ko‘tarishga tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor qizilqum sharoitida “Saribel” zavod tipiga mansub sur rangli yassi tipli qorako‘l qo‘ylarini gul tipi bo‘yicha gomogen va geterogen juftlashdan olingan avlodlarni seleksion belgilarining namoyon bo‘lishi bo‘yicha kompleks baholash yo‘nalishida tadqiqotlar bajarilib, ularning ustunlik tomonlari aniqlangan;
olib borilgan tadqiqotlardan olingan natijalar asosida yassi tipli sur rangli qorako‘l qo‘ylarini samarali tanlash va undan foydalanish yo‘llari belgilab berilgan;
sur rangli yassi tipli qo‘chqorlardan boshqa tipli qo‘ylarda juftlashda foydalanishda uning ustunlik va yaxshilanishi lozim bo‘lgan xususiyatlari aniqlangan;
sur rangli qorako‘l qo‘ylarining mahsuldorlik sifatlarini takomillashtirishning eng maqbul urchitish tizimlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sur rangli yassigul tipidagi qorako‘l qo‘ylarini urchitish va seleksiyalash xususiyatlarini o‘rganish yo‘nalishida olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
qo‘zilarning rangbarngligi va rang tekisligi xususiyatlarini baholash va ulardan foydalanish usuli Navoiy viloyati Konimex tumani «Yangikazgan-nurli-diyor» MChJda joriy etilgan (Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2020 yil 12 noyabrdagi №1-2/88-son ma’lumotnomasi). Natijada 1 dona qorako‘l terisining sotish bahosi 10,8 ming so‘mga oshgan, rentabellik darajasi 65,9 foizni tashkil etgan;
qo‘zilarda gullarning namoyon bo‘lishini yaxshilash usuli Navoiy viloyati Konimex tumani «Saribel-sur-qorako‘l» MChJda joriy etilgan (Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2020 yil 12 noyabrdagi №1-2/88-son ma’lumotnomasi). Natijada 1 dona qorako‘l terisining sotish bahosi seleksiyalashdagiga nisbatan 9,7 ming so‘mga yuqori bo‘lib, rentabellik darajasi 59,8 foizni tashkil etgan;
qo‘zilar terisida rang ifodalanishini yaxshilash usuli Navoiy viloyati Konimex tumani «Eltay-kumush sur-maskani» MChJda joriy etilgan (Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2020 yil 12 noyabrdagi №1-2/88-son ma’lumotnomasi). Natijada 1 dona qorako‘l terisining sotish bahosi 9,4 ming so‘mga ortishi hisobiga rentabellik darajasi 58,7 foizni tashkil etgan.