Rajapov Shuxrat Zaripbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish mexanizmini takomillashtirish», 08.00.07 – Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Iqt807.
Ilmiy rahbar: Xudoyqulov Sadirdin Karimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.03/10.12.2019.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Toshmuradova Buvsara Egamovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Niyazmetov Islombek Masharpovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish bo‘yicha davlatlararo shartnomalardan foydalanish tartibi tegishli davlatlarning soliq rezidenti bo‘lmagan boshqa shaxs manfaatlarini ko‘zlab foydalanish holatlarini inkor etish asosida takomillashtirilgan;
norezident jismoniy shaxslar mablag‘larining xo‘jalik oborotidan chiqishiga sabab bo‘luvchi daromadlarning to‘lov manbaidan soliq ushlab qolish tartibini maxsus qoidalarga muvofiq pasaytirilgan stavkani qo‘llash orqali takomillashtirish asoslangan;
O‘zbekiston Respublikasida chet ellik soliq to‘lovchilari tomonidan bajarilmagan soliq majburiyatlari oqibatida vujudga kelgan qarzdorlikni undirish yuzasidan bevosita manfaatdor tashkilotning tegishli davlat vakolatli organiga murojaat qilishi tartibi taklif etilgan;
ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish tartibi O‘zbekiston rezidentlari tomonidan mamlakat tashqarisida to‘langan soliqni hisobga olish hamda ularning mamlakat ichkarisida to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq miqdoriga muvofiqligini ta’minlash jihatidan takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston soliq tizimida ikkiyoqlama soliqqa tortish munosabatlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston Respublikasi tomonlardan biri bo‘lgan ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish va soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashni bartaraf etish masalalarini tartibga soladigan xalqaro shartnoma qoidalari shunday shartnomani tuzgan bir yoki ikkala davlatning soliq rezidentlariga nisbatan qo‘llanilishi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi tuzilgan davlatning soliq rezidentiga nisbatan, agar soliq rezidenti ushbu xalqaro shartnoma qoidalaridan mazkur xalqaro shartnoma tuzilgan davlatning soliq rezidenti bo‘lmagan boshqa shaxs manfaatlarini ko‘zlab foydalansa, tatbiq etilmasligiga oid taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 30 dekabrdagi O‘RQ-599-son “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan tasdiqlangan yangi Soliq kodeksining 6-moddasiga kiritilgan (Davlat soliq qo‘mitasining 2020 yil 10 iyundagi 10/1-18501-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amaliyotga tatbiq etish natijasida O‘zbekiston soliq tizimida ikkiyoqlama soliqqa tortish munosabatlarini yanada qulaylashtirishga xizmat qiluvchi chet davlatlari rezidentlarini adolatli soliqqa tortish imkoniyati yaratilgan;
O‘zbekiston Respublikasining norezident jismoniy shaxslar daromadiga to‘lash to‘lov manbaida soliqni ushlab qolmasdan soliqqa oid O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi (bitim) qoidalari bo‘yicha soliqlardan qochishning oldini olish borasida maxsus qoidalarga muvofiq pasaytirilgan stavkani qo‘llagan holda amalga oshirilishi yuzasidan berilgan taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 30 dekabrdagi O‘RQ-599-Qonuniga ko‘ra, yangi Soliq kodeksining 400-moddasi “O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari”ga kiritilgan (Davlat soliq qo‘mitasining 2020 yil 10 iyundagi 10/1-18501-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashning oldini olish, shuningdek, norezident jismoniy shaxslar daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarning to‘g‘ri qo‘llanilishiga, norezidentlar real daromadlariga ega bo‘lish imkoniyati yaratiladi;
O‘zbekiston Respublikasining boshqa chet davlatlar o‘rtasida tuzilgan xalqaro shartnomasi qoidalariga muvofiq chet davlatning vakolatli organidan chet davlat soliq to‘lovchisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida bajarilmagan soliq majburiyatlarini bajarishiga ko‘maklashish to‘g‘risida bevosita murojaat qilish tartibi to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-599-Qonuniga asosan tasdiqlangan yangi Soliq kodeksining 6-moddasiga kiritilgan (Davlat soliq qo‘mitasining 2020 yil 10 iyundagi 10/1-18501-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida davlatlar o‘rtasida o‘zaro norezidentlar tomonidan to‘lanishi zarur bo‘lgan soliqlarni undirishning qulay mexanizmi yaratilgan hamda soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasi oshishiga ijobiy ta’sir qilagan;
O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimida ikkiyoqlama soliqqa tortishni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston rezidentlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida to‘langan soliqni hisobga olish yuzasidan batafsil tushuntirish berishga oid taklifi yangi Soliq kodeksining 342-moddasiga kiritilgan va soliqni hisobga olish soliq davri yakuni bo‘yicha jismoniy shaxs tomonidan taqdim etilgan jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida amalga oshirilishi Soliq Kodeksining 399-moddasida o‘z aksini topgan (Davlat soliq qo‘mitasining 2020 yil 10 iyundagi 10/1-18501-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida soliq xizmati organlari tomonidan bu jarayon natijasi yuzasidan soliq to‘lovchilar bilan o‘zaro hisob-kitob qilishda qulay imkoniyat yaratilgan.