Toreniyazova Lalaxan Elmuratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qoraqalpog‘iston sharoitida ekologik omillar o‘zgarishining hasharotlar rivojiga ta’sirini aniqlash va foydalanishning ilmiy asoslari», 03.00.10 – Ekologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/B125.
Ilmiy rahbar: Shamuratova Nagima Genjemuratovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq tabiiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.02/30.12.2019.B.79.01.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Ikrom Iskandarovich, biologiya fanlari doktori, professor; Matjanova Xolida Kazakbaevna, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qoraqalpog‘iston sharoitida ekologik omillar o‘zgarishining hasharotlar (entomokarifaglar) rivojlanishiga ta’sirini aniqlash va foydalanishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qoraqalpog‘iston sharoitida biotsenozdagi hasharotlar turlarining rivojlanish bioekologiyasiga salbiy va ijobiy ta’sirini ko‘rsatuvchi ekologik omillar elementlarining o‘zgarish dinamikasi aniqlangan;
agrobiotsenozdagi bioxilma-xillikning o‘zgarishida abiotik, biotik, antropogen omillarning hissasi aniqlangan;
qishloq xo‘jalik ekinlari dalalarida mavjud entomoakarifaglarning turg‘unligi va barqarorligini kuzatish natijalari asoslangan;
qishloq xo‘jalik ekinlari dalalarida hasharotlarning «zararkunandalarga qarshi uyg‘unlashgan kurash tizimi»dagi ekologik omillar ta’sirining samarasi o‘laroq yuzaga kelgan yangi yashash sharoitlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qoraqalpog‘iston sharoitida ekologik omillar o‘zgarishining hasharotlar rivojlanishiga ta’sirini o‘rganish va ulardan foydalanish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
qishloq xo‘jalik ekinlari dalalarida hasharot turlari ekologik monitoring chora-tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasida amalyotga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2020 yil 20 yanvardagi 01/18-1-136-son ma’lumotnomasi). Natijada, hasharotlar rivojlanishining bioekologik xususiyatlarini bashorat qilish maqsadida ekologik omillar ko‘rsatkichlaridan foydalanish imkonini bergan.
qishloq xo‘jalik ekinlarining asosiy zararkunandalariga qarshi biologik va kimyoviy kurash tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida amaliyotga joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 10 dekabrdagi 01/06-3625-son ma’lumotnomasi). Natijada, salbiy ekologik omillarni bartaraf qilish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar asosida qabul qilingan qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalariga qarshi «uyg‘unlashgan kurash tizimi» tadbirlarining samaradorligiga erishish imkonini bergan.