Rajabova Ra’no Zaripovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek bolalar adabiyotida fol`klor janrlari stilizatsiyasi (nasriy ertak va topishmoq misolida)», 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Fil1107.
Ilmiy rahbar: O‘raeva Darmon Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti. PhD.03/27.02.2020.Fil.72.09.
Rasmiy opponentlar: Sariev San’at Matchonboevich, filologiya fanlari doktori; Rahmatulla Barakaev, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek adabiyotida yozma nasriy ertaklar va topishmoqlarning janriy xususiyatlari, ularni stilizatsiya qilishda poetik tamoyillar, ijodkorlarning shakliy-uslubiy izlanishlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yozma nasriy ertak va topishmoqlarning badiiy-kompozision, lingvopoetik, uslubiy-vazifaviy xususiyatlari, fol`klordagi shunday janrlar bilan genetik aloqadorligi, ifoda uslubi o‘xshash, ammo mazmuni, obraz va motivlaridagi poetik yangilanishlardan kelib chiqqan shakliy farqli jihatlar, etnopedagogik mohiyatining saqlanishi isbotlangan;
yozma nasriy ertak va topishmoqlarning yaratilishiga sabab bo‘lgan zamon va davr voqeliklari, insonlar ma’naviy ehtiyoji singari ijtimoiy-psixologik omillar, ularning mavzu mundarijasi, ertak-qissa, ertak-rivoyat, ertak-topishmoq, ertak-doston, ertak-drama kabi shakliy tiplariga ko‘ra she’riy, nasriy, dramatik adabiy ertaklar turlari, she’r-topishmoq yoki topishmoq she’rlarning farqi aniqlangan;
nasriy adabiy stilizatsion ertaklar syujet tarkibida, shuningdek, yozma topishmoqlarda uchraydigan an’anaviy motivlar, obrazlarning yangicha ko‘rinishdagi poetik va uslubiy talqinlari, milliylik, xalqchillik, g‘oyaviy ta’sirchanlikni oshirish bilan bog‘liq badiiy-estetik vazifalari asoslangan;
o‘zbek bolalar adabiyotida ertak va topishmoq stilizatsiyasiga erishish uchun bu fol`klor janrlariga xos an’anaviy shakl va ifoda uslubini, detal` yoki epizodning xalqona ruhini aynan yoki qisman saqlashdan iborat badiiy-estetik prinsiplar, bunda poetik janr, mazmun, obraz, motiv yangilanishi bilan bog‘liq ijodkor mahoratiga aloqador shakl va so‘z tanlash, asarga sarlavha berish, an’anaviy motiv va obrazlarni davr ruhiga hamohang ko‘rinishda qo‘llash kabi belgilar ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbek bolalar adabiyotida fol`klor janrlari stilizatsiyasini tadqiq qilish jarayonida erishilgan ilmiy natijalar asosida:
yozma nasriy ertak va topishmoqlarning yaratilishiga sabab bo‘lgan ijtimoiy-psixologik omillar bilan bog‘liq ilmiy natijalar haqidagi xulosalardan Buxoro davlat universitetining F-1-06 «Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi» nomli fundamental loyihada (2012-2016 yy.) foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 sentyabrdagi 89-03-3184-son ma’lumotnomasi). Natijada yozma nasriy ertak va topishmoqlarning yaratilishiga sabab bo‘lgan ijtimoiy-psixologik omillar ochib berilishi hamda ularning mavzu mundarijasi, shakliy tiplariga ko‘ra turlari aniqlanishiga xizmat qilgan;
o‘zbek mifologiyasida hozirgi davr bolalar adabiyotida yaratilayotgan nasriy adabiy stilizatsion ertaklar syujet tarkibida, shuningdek, yozma topishmoqlarda uchraydigan an’anaviy motivlar, yangicha ko‘rinishdagi talqinlari haqidagi xulosalardan Navoiy davlat pedagogika institutining F1-XT-19919 – «O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotidagi tutgan o‘rni» mavzusidagi fundamental ilmiy tadqiqot loyihada (2012-2016 yy.) foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 sentyabrdagi 89-03-3184-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek mifologiyasining ayrim belgilari o‘zbek bolalar adabiyotida ertak, topishmoq kabi fol`klor janrlarini stilizatsiyalashning badiiy-estetik prinsiplari, bunda poetik janr, mazmun, obraz, motiv yangilanishi bilan bog‘liq ijodkor mahorati belgilarini aniqlash imkonini bergan;
yozma nasriy ertak va topishmoqlarning badiiy-kompozision, lingvopoetik, uslubiy-vazifaviy xususiyatlari kabi ilmiy qarashlardan Buxoro viloyat teleradiokompaniyasida «Assalom, Buxoro!», «Sakkizinchi mo‘’jiza» ko‘rsatuvlarining 2020 yil mart va aprel` sonidagi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Buxoro viloyat teleradiokampaniyasining 2020 yil 21 avgustdagi 1/203-sonli ma’lumotnomasi). Natijada teletomoshabinlarning kitobxonlikka qiziqishini oshirishga, yozma nasriy ertak va topishmoqlarning badiiy-kompozision, lingvopoetik, uslubiy-vazifaviy xususiyatlari, fol`klordagi shunday janrlar bilan genetik aloqadorligi, o‘xshash va farqli jihatlari, etnopedagogik mohiyatining saqlanishi bo‘yicha ilmiy tasavvur-tushunchalarini boyitishga erishilgan.