Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Bu borada Kun.uz internet resursi faoliyatini misol tariqasida keltirish mumkin. Mazkur  internet resursi axborotlarni tezkor va xolis yoritish, tomonlar fikrini ob’ektiv tarzda berib borish borasida samarali faoliyat olib bormoqda.
     So‘nggi yillarda mamlakatimizda ilmiy faoliyat olib borish uchun katta imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda, samarali ilmiy faoliyatni munosib rag‘batlantirish borasida ham juda katta ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Masalan, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar bo‘yicha faoliyatni samarali tashkil etishga yo‘naltirilgan 3 ta qonun qabul qilindi, doktoranturaga qabul kvotalari qariyb 2 barobarga oshirildi, 2015 yilda yurtimizda 69 ta oliy ta’lim muassasasi (OTM) faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 130 tani tashkil etmoqda, 2020 yilda professor-o‘qituvchilarning o‘rtacha ish haqi 2015 yilga nisbatan 4 barobarga ortdi, murrabbiy va ilmiy xodimlarning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi tobora yuksalib bormoqda.
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 fevraldagi PF–4958-son Farmoniga muvofiq 2017 yilning 1 iyulidan boshlab oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim ikki pog‘onali tizimining joriy qilinishi tarixiy ahamiyat kasb etdi. Ushbu Farmon iqtidorli yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon etishiga juda katta imkoniyatlar yaratdi.
    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PF-5847-son Farmoniga muvofiq 2030 yilgacha oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 50%ga va shunga muvofiq ravishda OTMlarning ilmiy salohiyati darajasini 70%ga olib chiqish vazifalari belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida keng qamrovli ilmiy-tashkiliy va boshqa chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
    Ilmiy-tadqiqot muassasalari (ITM)da ham ilmiy salohiyatni mustahkamlash bo‘yicha maqsadli chora-tadbirlar qizg‘in amalga oshirilmoqda. Masalan, keyingi yillarda Matematika institutining 18 nafar xodimi ilmiy darajalarda tasdiqlanib, ular institut ilmiy xodimlarining 20%ni tashkil etadi.
      Ilm-fanni sifat jihatdan rivojlantirishga berilayotgan katta e’tibor natijasida, jumladan 2017 yilning 1 iyulidan boshlab oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim ikki pog‘onali tizimining joriy qilinishi sharoitida bir pog‘onali tizimga (2013-2016 yy) nisbatan, jumladan quyidagi natijadorlikka erishildi: mintaqalarda joylashgan OTM va ITM huzurida tuzilgan ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar soni 5 tadan 91 taga etkazildi; talabgorlarni fan doktori (DSc) ilmiy darajasida tasdiqlash sur’ati 246% ni tashkil etdi. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi bo‘yicha himoyalar ilk bor yo‘lga qo‘yilgan holda bugungi kunga qadar 3031 nafar talabgor PhD ilmiy darajasida tasdiqlanib, bu ko‘rsatkichning yildan-yilga o‘sib borishi ta’minlanmoqda.
     Eng asosiysi, bu jarayonda asosiy mezon – sifat va natijadorlikka qat’iyan amal qilinmoqda.

    2020 yil 17 noyabr` kuni Kun.uz internet resursida hurmatli olimimiz, senator Shavkat Ayupovning ilmiy kadrlar tayyorlash bo‘yicha fikrlari e’lon qilindi. Ustoz Sh.Ayupovni  katta olim, bag‘rikeng inson, ilm-fan sohasi zahmatkashi va yoshlar murabbiysi sifatida hurmat qilamiz. Ustozga sihat-salomatlik, ilmiy va yoshlarga murabbiylik faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilagan holda, ular bildirgan fikrlari bo‘yicha  quyidagilarni ma’lum qilamiz:
    1. Materialda “O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori, senator Shavkat Ayupov so‘nggi paytda ilmiy daraja olish ishlari sun’iy oshirilayotganligini bildirdi...”.
    Mazkur xulosa quyidagilarga ko‘ra haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi:
    birinchidan, so‘nggi yillarda ilmiy darajali kadrlarni tasdiqlash avvalgi yillarga, masalan, 1992-2012 yillarga nisbatan keskin ortib ketishi kuzatilmaydi. So‘nggi yillarda (2013-VI.2020 yy.) bir yilda o‘rta hisobda 583 nafar talabgor ilmiy darajalarda tasdiqlangan. Agarda ixtisosliklar ro‘yxatidagi fan tarmoqlarini e’tiborga olsak, bu ko‘rsatkich  “ko‘payib ketyapti” degan xulosa qilish mumkinmi ?!;
    ikkinchidan, bir yilda o‘rta hisobda 1992-2012 yillarda 593 nafar talabgor fan nomzodi ilmiy darajasida tasdiqlangan bo‘lsa, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning 2 pog‘onali tizimi joriy qilinganidan keyin (2017-2020 yy.) 866 nafar talabgor (farqi +273 nafar) falsafa doktori ilmiy darajasida tasdiqlangan. Savol: Bu sharoitda +273 nafarni ko‘payib ketdi, deb xulosa qilish mumkinmi?!  Javob: Yo‘q, chunki 4 yil davomida (2013-2016 yy.) mamlakatimizda shu davrda bir bosqichli tizim amalda bo‘lib, faqat fan doktori ilmiy darajasi berilgan (PhD ilmiy darajasi joriy qilinmagan; fan nomzodi ilmiy darajasi esa bekor qilingan). Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan dissertatsiyalarni himoya qilish imkoniyati bo‘lmagani sababli ular yig‘ilib qolgan. 2017 yildan boshlab yangi tizim asosida PhD ilmiy darajasi uchun dissertatsiya himoya qilish imkoniyati paydo bo‘lganini eslatib o‘tish joiz;
    uchinchidan, materialda “... maoshiga ustama to‘lanishi ...” bo‘yicha bildirilgan fikrga mazkur jarayonni tashkil qiluvchi OTM va ITM rahbarlari, vakillari o‘z munosabatlarini bildiradi, degan umiddamiz. O‘z o‘rnida biz OTM va ITM tomonidan tegishli tadbirlar amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilinayotganiga, shuningdek, ushbu jarayonda qatnashayotgan mutaxassislar masalaga xolis va adolatli yondashayotganiga ishonamiz.

     2. Materialda ko‘chirmachilik (plagiat) holatlari to‘g‘risida fikr bildirilgan. Ushbuda quyidagi 3 holatni ta’kidlab o‘tish zarur:
    birinchidan, bugungi kunda foydalanilayotgan dastur nafaqat o‘zbek tilida, balki rus tilida ham ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, bu imkoniyatdan foydalanilmoqda. Lekin matn rus tilidagi manbadan olinib, o‘zbek tiliga o‘girilgan holda boshqa matnda foydalanilgan bo‘lsa, mazkur dastur bu holatni topa olmaydi. Shuningdek, matnlarni solishtirishda yagona bazaga integratsiya qilingan resurslar imkoniyati ham katta ahamiyat kasb etadi;
    ikkinchidan, asl va tarjima qilingan matnlarni solishtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan mukammal dasturni yaratish katta intellektual resursni birlashtirishni talab etadi. Matematika instituti o‘z salohiyatidan kelib chiqqan holda bunday dasturning mukammalroq variantini yaratib bersa,  nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi;
    uchinchidan, tadqiqotlar sifatini yanada oshirish va ko‘chirmachilik holatlarining oldini olish ishlarini yangi pog‘onaga ko‘tarish, bu jarayonda ilmiy jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida OAK tomonidan dissertatsiyalarning ilmiy jamoatchilik tomonidan elektron ekspertizasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan va uning dasturiy ta’minoti ishlab chiqildi. Mazkur loyihani yil yakunida amaliyotga joriy qilish ko‘zda tutilgan.
 
    3. Ilmiy darajalarda tasdiqlangan shaxslarning ishlarida ko‘chirmachilik holatlari aniqlangan taqdirda amaldagi tartib-qoidaga ko‘ra, ilmiy darajaga ega bo‘lgan shaxslar o‘rnatilgan tartibda ilmiy darajadan mahrum etiladi.
    Sh.Ayupovda ko‘chirmachilik bilan shug‘ullangan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlar va plagiat holatlarini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lsa, undan mazkur hujjatlarni OAKga taqdim etishni so‘rab rasman murojaat qilindi (20.11.2020 y., №01-10/1644).
    Sh.Ayupov tomonidan ko‘chirmachilik (plagiat)ni tasdiqlovchi materiallar rasman taqdim etilsa, bu hujjatlar nizomga muvofiq tegishli ilmiy kengashlarda ko‘rib chiqilib, ko‘chirmachilik holatlari tasdiqlansa, o‘rnatilgan tartibda ko‘chirmachilik bilan shug‘ullangan shaxslar ilmiy darajalaridan mahrum qilinadi.

     4. Materialda I.Mavlonovning “... 23 ta yo‘nalish qamrab olinganiga qaramay, 3 yilda yoqlangan 3450 ta dissertatsiyaning 585 tasi tibbiyotga oid” degan fikri ham keltirilgan. Bu fikr bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qilamiz:
    birinchidan, bir yilda o‘rta hisobda 1992-2012 yillarda tibbiyot fanlari bo‘yicha 178 nafar talabgor fan doktori va fan nomzodi ilmiy darajalarida tasdiqlangan bo‘lsa, so‘nggi paytlarda (2013-VI.2020 yy.) ilmiy darajalarda 95 nafar talabgor tasdiqlandi. Bu holatda ham sifat masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
    ikkinchidan, 1992-2012 yillarda jami himoyalar tarkibida tibbiyot fanlarining ulushi 25% ni tashkil qilgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich 16% ga teng.

    Mamlakatimiz ilmiy salohiyatini mustahkamlash borasida, jumladan oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyalarida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha ilmiy darajali kadrlar tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazish hamda sifat va samaradorligini ta’minlash yuzasidan bundan buyon ham maqsadli tadbirlar izchil amalga oshirib boriladi. Bu boradagi ishlarga barcha olimlarimiz o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shadilar.

Oliy attestatsiya komissiyasi
Axborot xizmati
20.11.2020 y.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish