Kurbanbaev Shuxrat Ergashevichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Mahalliy mineral xomashyolar asosida o‘tga chidamli qoplama va teploizolyasion to‘ldiruvchilar yaratish», 05.10.02–Favqulodda holatlarda xavfsizlik. Yong‘in, sanoat, yadro va radiatsiya xavfsizligi (texnika fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /kimyo fanlari nomzodi/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 30.09.2014/B2014.3-4.T209.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, 16.07.2013.T.23.01 raqamli bir martalik ilmiy kengash.
Ilmiy maslahatchi: Mirzaev Sirojiddin Zaynievich, fizika-matematika fanlari doktori.
Rasmiy opponentlar: To‘laganov Abduqobil Abdunabievich, texnika fanlari doktori, professor; Shhipacheva Elena Vladimirovna, texnika fanlari doktori, professor; Ismoilov Ravshan Isroilovich, kimyo fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: mahalliy mineral xomashyolar asosida yong‘inga qarshi himoya vositalarini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
vermikulit minerali asosida yuqori dispersli o‘tga chidamli teploizolyasion to‘ldiruvchilar yaratilgan;
vermikulit minerali asosida nisbatan past va yuqori haroratda qavariqlanuvchi vermikulitlar, gidrofob vermikulit, yuqori qavariqlanish darajasiga ega bo‘lgan vermikulit va yaxshi g‘ovakdorlikka ega bo‘lgan vermikulit turlari ishlab chiqilgan;
mayin dispersli vermikulit mineralini ul`tratovush ta’siri va kimyoviy reagentlar bilan modifikatsiyalash orqali vermikulitning olov va issiqlik ta’siridan himoyalovchi funksiyasini oshirish usuli yaratilgan;
davlat standartlari talablari bo‘yicha yog‘och qurilish materiallarining qiyin yonuvchan guruhga o‘tishini ta’minlovchi mayin dispersli modifikatsiyalangan vermikulitlar asosida olov ta’siridan ko‘p bosqichli himoyalovchi yangi tarkiblar ishlab chiqilgan;
mayin dispersli modifikatsiyalangan vermikulitlar asosida olovdan himoyalovchi silikat bo‘yoq mahsulotini olish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
qavariqlangan vermikulit asosida yong‘inga qarshi to‘siqlar sifatida ishlatishga mo‘ljallangan o‘tga chidamli, issiqdan saqlovchi materiallar ishlab chiqilgan;
mayin dispersli vermikulit va ortofosfat kislotalari asosida o‘tga chidamli, yangi tarkibli noorganik g‘ovaksimon material yaratilgan;
mayin dispersli vermikulitlar asosida yangi suyuq o‘t o‘chirish tarkiblari yaratildi va ushbu tarkiblar samaradorligini baholash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatkichlarini aniqlash usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Mahalliy mineral xomashyolar asosida o‘tga chidamli qoplama va teploizolyasion to‘ldiruvchilar yaratish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
yog‘och qurilish materiallarini olov ta’siridan samarali himoyalovchi yangi tarkibli bo‘yoq materialini mahalliy mineral xomashyo–«Tebinbuloq» vermikuliti asosida ishlab chiqarish «O‘z-DongJU Peint Ko» MChJ qo‘shma korxonasida joriy qilingan («O‘zAvtosanoat» aksiyadorlik kompaniyasining 2016 yil 17 oktyabrdagi №7/04-25-2340-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan optimal xossalarga ega bo‘yoq materiali yog‘och qurilish konstruksiyalari va materiallarining olovbardoshliligi oshishini ta’minlaydi;
mahalliy mineral xomashyo–«Tebinbuloq» vermikuliti asosida ishlab chiqilgan yog‘och materiallarini olov va issiqlik ta’siridan samarali himoyalovchi bo‘yoq materiali va qoplamalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi yakka tartibdagi namunaviy uy-joylar qurilishida va ishlab chiqarish korxonalarining turli binolarida qo‘llanilgan (Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasining 2016 yil 26 oktyabrdagi №29/3-1-3456-son ma’lumotnomasi). Natijada ob’ektlarning yong‘in xavfliligi darajasi 1,1–1,8 martaga, yong‘inning kelib chiqish ehtimolligi 2–3 foizga va yong‘in ziyon miqdorining 1–2 foizga kamayishiga erishilgan;
antipiren xossali modda va aralashmalar bilan modifikatsiyalangan yuqori dispersli inert to‘ldiruvchilar asosida olov ta’siridan himoyalovchi tarkiblarni yaratish va ular asosida qurilish konstruksiyalari va materiallarining olovbardoshliligini oshirish usullari №KA-14-003 «Sanoat chiqindilari asosida olingan resurstejamkor antipirenlar bilan ishlov berilgan olovbardosh qurilish ashyolarini yaratish va tadqiq etish» loyihasida (2015–2017 yy.) yangi antipiren tarkiblarning yog‘och materialini olovga bardoshlilik samaradorligini oshirishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 24 oktyabrdagi №FTK-0313/707-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi yog‘och materiallarini olovga bardoshliligini samarali oshiruvchi kombinatsiyalashgan xossali yangi antipiren tarkiblarni yaratish imkonini bergan.