Sadiqov Zohid Yaqubjanovichning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asari nemischa va inglizcha tarjimalari qiyosiy-chog‘ishtirma tahlili”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/Fil158.
Ilmiy maslahatchi: Homidov Hamidjon, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.01.10.
Rasmiy opponentlar: Shirinova Raima Xakimovna, filologiya fanlari doktori, professor; Jo‘raqulov Uzoqboy Haydarovich, filologiya fanlari doktori; Shrayber Mixail (Germaniya Mayns universiteti), filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: qadimgi turkiy obida bo‘lmish “Qutadg‘u bilig” asarining nemis va ingliz tillariga tarjimalarini qiyosiy hamda chog‘ishtirma tahlil qilish orqali ularning asliyatga muqobillik darajasini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qadimgi turkiy asarlarning nemischa tarjimasi asliyatga sof filologik tomondan, inglizchasi esa ilmiy-adabiy jihatdan adekvat bo‘la olishi isbotlangan;
tarjimada izoh, sharh, lug‘at kabilardan foydalanish ularning asliyatga muqobillik darajalarini aniqlash vositasi sifatida xizmat qilishi mumkinligi dalillangan;
qadimgi turkiy asarlarning nemischa va inglizcha tarjimalari lisoniy-uslubiy xususiyatlari aniqlanib, badiiy asarlarni ilmiy maqsadlarda o‘girishda tarjimadan tarjimaga takomillashib borish mumkinligi isbotlangan;
qadimgi turkiy asarlarda tasvirlangan tarixiy va milliy o‘ziga xosliklarning tarjimada aks ettirish muammolari aniqlanib, ularni hal etish uchun transkripsiyalash, transliteratsiyalash hamda ilmiy tavsiflash usullari ishlab chiqilgan;
qadimgi turkiy asarlardagi poetik tasvir vositalarini nemis va ingliz tillariga badiiy tarjima qilishda muqobil so‘z tanlash kabi usullari tavsiya qilingan;
g‘arb olimlarining qadimgi turkiy adabiyotda taqlid ustivorligiga urg‘u beruvchi noilmiy yondoshishlari asossizligi dalillangan;
tadqiqot doirasidagi qadimgi turkiy asarlar tarjimalaridagi milliy-madaniy xususiyatga ega so‘z va iboralarning nemischa-inglizcha izohlari tarjima va tarjimashunoslik lug‘atlarini boyitishi acoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qadimgi turkiy asarlarning nemischa tarjimasida adekvatlikka erishi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
“Qutadg‘u bilig” tarjimalarning asliyatga muqobillik darajalari borasidagi natijalar hamda asardagi frazeologizmlarni nemis va ingliz tillariga tarjima qilishga oid xulosalardan “Qiyosiy adabiyotshunoslik” darsligining “Tarjima-kontakt aloqa shakli” bobini yozishda foydalanilgan. (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 14 oktyabrdagi 89-03-4007-son ma’lumotnomasi). Natijada, tadqiqot materiallari zamonaviy tarjimashunoslikning dolzarb muammolari va tahlil metodlarini batafsilroq o‘rganishga zamin yaratgan;
qadimgi turkiy asarning nemischa tarjimasi o‘zining ilmiy aniqligi, inglizcha tarjimasi esa ijtimoiy-intellektual va muayyan badiiylik jihatidan asliyatga ekvivalent bo‘la olishiga oid natijalar Yohannes Gutenberg nomidagi Germaniya Mayns universitetining Germershaym shahridagi Tarjima, til va madaniyatshunoslik fakul`tetining ilmiy va didaktik faoliyatida foydalanilgan (Germaniya Mayns universiteti Tarjima, til va madaniyat fakul`teti dekani, prof. M.Shrayberning 2019 yil 24 avgustdagi 76726-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur universitet ilmiy-uslubiy ishlari ob’ektiga o‘zbek-nemis tarjimachiligi borasida yangi materiallar kiritilgan. Bu esa mazkur fakul`tetning o‘zbek tarjimashunosligi bilan aloqalarini mustaqkamlab, uning ilmiy tadqiqot ishlari doirasini yanada kengaytirishga xizmat qilgan;
“Qutadg‘u bilig”ni nemis va ingliz tillariga o‘girishda tarjima usullarini qo‘llash va ularni asardagi badiiy tasvir vositalari, xususan, metafora, o‘xshatish va sifatlashlarni tarjima qilishda tarjimonlar mahoratlariga oid natijalar Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasining joylarda ta’lim bilan shug‘ullanuvchi muvaqqat vakili doktor G.Vegmarsxaus rahbarligida o‘tkazilgan “Kognitiv tilshunoslik” xalqaro seminarini tashkil etishga asos bo‘lgan (Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili Simon Kreshmerning 2019 yil 26 avgustdagi 15-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu xalqaro anjuman ishi qadimgi turkiy badiiy tasvir vositalarini nemis tiliga tarjima qilish borasidagi nazariy xulosalar, xususan, o‘zbek tilidan nemis tiliga badiiy tasvir vositalarini o‘girishning lisoniy-uslubiy muammolari bilan bog‘liq yangi materiallar bilan boyitilgan;
tadqiqotdagi Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asari poetikasini nemis tilida qayta yaratish va asardagi badiiy tasvir vositalarini nemis tiliga tarjima qilish usullariga oid natijalari “O‘zbek-olmon ilmiy jamiyati”ning 2015-2018 yillarda Germaniyaning Frayburg shahrida “O‘zbek adabiyoti namunalari nemis tilida” mavzusidagi loyiha asosida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarlarni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbek-olmon ilmiy jamiyatining 2019 yil 21 oktyabrdagi 12-31-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi anjuman kun tartibidan joy olgan tarjimashunoslikning ustuvor tendensiyalari, yo‘nalishlari va rivojlanish tamoyillariga oid masalalarni hal etishda zaruriy material bo‘lganligidan dalolat beradi. Natijada qadimgi turkiy obidalarning nemischa tarjimalari o‘zbek-nemis adabiy aloqalarini mustahkamlanishi va yanada taraqqiy etib borishiga xizmat qilgan;
Yusuf Xos Hojib umuminsoniy va falsafiy-didaktik qarashlariga G‘arb olimlari munosabatlari va jahon tarjimashunos olimlarining Markaziy Osiyo qadimgi davrida yaratilgan asarlarni hozirgi zamon tillariga o‘girish masalasiga oid nazariy tavsiyalar Namangan viloyati teleradiokompaniyasining 2017-2018 - yillarda viloyat yosh ijodkorlari, olimlari hamda xalqaro do‘stligini targ‘ib etuvchi ko‘rsatuv dasturlari ssenariyasini tayyorlashga asos bo‘lib xizmat qilgan (Namangan viloyat teleradiokompaniyasining 2019 yil 31 yanvardagi 08-01-68-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot xulosalari ko‘rsatuv ssenariyasining yanada samarali yozilishi hamda uning umumilmiy, ma’naviy-ma’rifiy mazmun bilan boyitilishi, xususan, o‘zbek adabiyotining jahon adabiy jarayonida o‘ziga xos o‘rin tutishiga oid ilmiy dalillarga boy, ommabop va yanada ishonchli bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilgan.