
Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”,-deb yozgan edi.
Bugun dunyoda olti mingga yaqin til va sheva bo‘lib, shundan atigi yuzga yaqini davlat tili maqomiga ega. Ular orasida Ona tilimizning ham borligi bizlarga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Zero, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir.
21 oktyabr` - o‘zbek tili bayrami kuni munosabti bilan Oliy attestatsiya komissiyasida “Til – millatning ruhidir” mavzusida davra suhbati tashkil qilindi. Unda adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Yorqinjon Odilov ishtirok etib, bugun yangilanayotgan O‘zbekistonda Ona tilimizning nufuzini oshirish, millatimiz tafakkurining bebaho xazinasi sifatida uning jahondagi o‘rnini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida gapirdi. Shuningdek, tadbirda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tizimida o‘zbek tilining mavqeini mustahkamlash hamda ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar, natijalar xususida ham ma’lumotlar berildi.
OAK Axborot xizmati