Matkarimova Nazokat Maksudovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Xorazm vohasi o‘zbeklarining nikoh to‘yi marosimlari (XX asr va mustaqillik davri)”, 07.00.07 – Etnografiya, etnologiya va antropologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.RhD/Tar290.
Ilmiy rahbar: Ballieva Ruza, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq Davlat universiteti, PhD.03/30.12. 2019.Tar.20.05.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Ulug‘bek Saydanovich, tarix fanlari doktori, professor; Fayzullaeva Mavlyuda Xamzaevna, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Xorazm vohasi o‘zbeklari nikoh to‘yi marosimlarining vohaga xos etnolokal xususiyatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
tarixiy-etnografik manbalar va dala tadqiqotlari asosida Xorazm vohasi o‘zbeklarining nikoh to‘yi marosimlari kompleks tadqiq etilgan va vohaga xos mahalliy udum va an’analar (xo‘n ochish, novvot sindirish, qulluq aytish, olma otish, ko‘shayana bichar, taxa tashar, belbog‘ echar, kuyov suzildi, rapida go‘ydi, kapkir go‘ydi) ning etnolokal xususiyatlari ochib berilgan;
nikoh to‘yi marosimlarining (sovchilik, potiya to‘y, ko‘rpa bichar, non yopar, qush qo‘ndi, gashir do‘g‘rashma, yigit engnar, xina yoqar, gengash, nikoh qiyish, galin go‘rar, guyov go‘rar, quda-donishma) tarixiy-genetik asoslari aniqlangan, hamda ularning mazmun-mohiyati asoslab berilgan;
nikoh to‘yi marosimlaridagi arxaik inonch-e’tiqodlar bilan bog‘liq etnik an’analarga (kelinni olov ustidan o‘tkazish, kelin otasining chiroq yoqib berishi, kelin-kuyovlarni oynaga qaratish, ko‘zmunchoq taqish, isiriq tutatish, ko‘shayana tutish) amal qilishda mevali daraxtlar, turli predmet va lokal tushunchalarning magik xususiyatiga bo‘lgan ishonchning uyg‘unlashgan holda hozirgacha saqlanib qolganligi ko‘rsatib berilgan;
tarixiy va yozma manbalar asosida nikoh to‘yidan oldin yigit-qizlar o‘rtasida qizil gul sayli, olma otish, qovun-qovun, shirin novvot o‘yinlari o‘tkazilgani aniqlangan hamda vohaning ayrim hududlarida kelin-kuyovlarga tayinlanadigan burunduq ota-onaning ijtimoiy institut sifatidagi ma’naviy-tarbiyaviy ahamiyati tarixiy-etnologik aspektda ko‘rsatib berilgan;
dala etnografik ma’lumotlar asosida nikoh to‘yi marosimlarining turli davrlarda transformatsiyaga uchraganligi (fotiha to‘yi bilan to‘yliq, nikoh to‘yi bilan galin go‘rar qo‘shilgan), ayrimlari o‘zining asl mazmun-mohiyatini o‘zgartirgani (xina yoqar, yigit engnar), ba’zilari yo‘qolib borayotgani (uy ko‘rar, chopon palov, poyando‘z palov, supra qoqdi), ba’zilari esa o‘zining ijtimoiy ahamiyatini to‘la yo‘qotgani (xodim chiqar, tanga sozi, qo‘noq olish) aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xorazm vohasi o‘zbeklarining nikoh to‘yi marosimlari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
tadqiqot ishining nikoh to‘ylarida kiyiladigan marosim liboslari va buyumlari haqidagi ma’lumotlari asosida “Xorazm viloyati va Xiva shahrining turistik salohiyatidan samarali foydalanish va uni yanada oshirish strategiyasini ishlab chiqish” mavzusidagi 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan RZ-201709202 – sonli davlat amaliy granti loyihasining “Nikoh to‘yi marosimlarida ishlatiladigan narsa-buyumlar va kiyiladigan kiyim-kechaklar: an’anaviylik va zamonaviylik” bo‘limini yozishda foydalanilgan (Innovatsiya faoliyati va texnologiyalarni transfer qilish markazi”ning 2019 yil 15-noyabrdagi №2/30-son ma’lumotnomasi) hamda loyiha doirasida foto-al`bom tayyorlangan (Nikoh to‘yi marosimlarida ishlatiladigan narsa-buyumlar va kiyiladigan kiyim-kechaklar: an’anaviylik va zamonaviylik. Al`bom. – Moskva: Shkola Nauki, 2020). Tadqiqot materiallari O‘zbekistonda xususan, Xorazmda turizmni rivojlantirishda, sayyohlarni voha madaniyati hamda nikoh to‘yi bilan bog‘liq bo‘lgan an’ana va odatlar bilan tanishtirishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi;
nikoh to‘yi marosimlari va uni o‘tkazish bilan bog‘liq transformatsion jarayonlarga oid tadqiqot natijalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DUK “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyatining “Muqaddas qo‘rg‘on”, “Millat va ma’naviyat” nomli eshittirishlar (2020 yil yanvar-fevral oylarida) ssenariysini tayyorlashda foydalanildi (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DUKning 2020 yil 6-iyuldagi 04-25-715-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiya ma’lumotlari O‘zbekiston Milliy telekanallarida namoyish etiladigan ma’naviy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarni tayyorlashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish va rivojlantirish uchun asos bo‘ladi;
dissertatsiyaning nikoh to‘yi bilan bog‘liq milliy qadriyatlar va an’analar yoritilgan boblari va paragraflaridagi ilmiy ma’lumotlar va yig‘ilgan materiallardan xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi tomonidan foydalanilmoqda (xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat bo‘limining 2019 yil 29 noyabrdagi №16-son ma’lumotnomasi hamda xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondining 2020 yil 9-avgustdagi 01-46-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari Xalqaro “Oltin meros” hayriya jamoat fondining “Avesto” muzeyi ekspozisiyalarini yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi;
tadqiqot ishining nikoh to‘yi marosimlari bilan bog‘liq milliy qadriyatlar va an’analarning ijobiy jihatlarini oilalarda keng targ‘ib etish haqidagi ma’lumotlaridan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan foydalanilgan (“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Xorazm viloyati boshqarmasining 01.11.2019 yil 1-noyabrdagi №436-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan dissertatsiya materiallari oilalarda milliy va ma’naviy qadriyatlarga bo‘lgan munosabatni shakllantirish va rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi.