Sayt test rejimida ishlamoqda

Koronavirus pandemiyasi davrida ayrim ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoq va turli messenjerlarda o‘z tasdig‘ini topmagan hamda rasmiy manbalardan olinmagan, ayrim vaziyatlarda esa aholida vahima uyg‘otuvchi ma’lumotlar tarqatilishi kuzatilmoqa.

Ayniqsa, turli sohada davlatimiz ravnaqi uchun ko‘p yillar fidoiylik ko‘rsatgan taniqli insonlarning kutilmaganda vafot etgani bilan bog‘liq asossiz xabarlar ko‘paymoqda. Bu kabi noto‘g‘ri ma’lumotlar bemorning yaqin kishilarini sarosimaga solib qo‘yishi, ularning ham sog‘lig‘iga zarar etkazishi mumkin.

Shuni unutmaslik kerakki, biror insonning faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan fundamental huquqi hisoblanuvchi shaxsiy salomatligi yoki koronavirus kasalligidan vafot topgani haqidagi xabarlarni e’lon qilishda O‘zbekiston Respublikasi «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi Qonuniga amal qilinishi lozim.

Mazkur qonunda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari faqatgina o‘zini roziligi, agarda u muomalaga layoqatsiz bo‘lsa uning qonuniy vakili, mabodo olamdan o‘tgan taqdirda merosxo‘rlarining hujjat shaklidagi roziligi bilan e’lon qilinishi mumkinligi belgilangan.

Bundan tashqari, aholi orasida feyk xabarlarni har qanday shaklda tarqatish, noto‘g‘ri xabarlar bilan chalg‘itish amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli javobgarlik keltirib chiqaradi.

Agentlik ommaviy axborot vositalari va blogerlardan ishonchsiz axborotlarni tarqatmaslik hamda noxolis manbalardan foydalanmaslikni so‘raydi.

Bugungi murakkab vaziyatda axborot maydonida qonunga zid holatlardan yiroq  bo‘lgan ijobiy muhitni shakllantirishga hissa qo‘shaylik.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Manba: https://t.me/koronavirusinfouz

Yangiliklarga obuna bo‘lish