Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rahbariyati ishtirokida “Geologiya-mineralogiya fanlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda geologiya-mineralogiya fanlari sohasida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi borasida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari huzurida sohaga tegishli 7 ta ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash faoliyat olib bormoqda. Mazkur ilmiy kengashlar umumiy va mintaqaviy geologiya, qattiq foydali qazilma konlari geologiyasi, ularni qidirish, metallogeniya va geokimyo, geologik razvedka ishlari texnologiyasi va texnikasi kabi ixtisosliklarni qamrab olgan.
So‘nggi 3 yil maboynida 40 dan oshiq dissertatsiya himoyasi amalga oshirilgan. Barcha dissertatsiyalarning ilmiy natijalari to‘liq amaliyotga joriy qilindi. Jumladan, oltin ma’danlashuvining qidiruv mezonlari majmuasi va bashoratlash modeli ishlab chiqilib, Shimoli-g‘arbiy Saritov, Sharqiy Qasqirtov, Sharqiy Karabugut istiqbolli maydonlarini aniqlash hamda geologik qidiruv ishlarini olib borishga imkoniyat yaratilgan.
Gazli va Xo‘jaobod erosti gaz saqlash omborlaridan foydalanish va ularni ishlatishning texnologik metodologiyasi yaratildi. Farg‘ona va Surxondaryo botiqligidagi qazilgan quduqlar devorlarida uchraydigan gil qatlamlarining o‘pirilish xavfi bor intervallarini burg‘ilash texnologiyasi ishlab chiqilgan.
– Shuningdek, Buxoro-Xiva regionidagi yura davriga oid foraminiferlar tadqiqotining monografik bayoni tuzildi, – dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Geologiya-mineralogiya ekspert kengashi raisi, professor Abdurashid Hasanov. – Ochiq kon ishlarida kon jinslari massivlari mustahkamligining zaiflashgan hududlaridan foydalangan holda burg‘ilab portlatish ishlarini olib borishning resurs tejovchi texnologiyalari yaratildi.
Oltin ajratib olishni ta’minlovchi texnik va texnologik echimlarga asoslangan, tarkibida oltin bo‘lgan sul`fidli rudalarning to‘liq ochilishiga yo‘naltirilgan kombinatsiyalashgan qayta ishlash texnologiyasi yaratilishi natijasida oltin ajratib olish darajasi 8-10 foizga oshirildi. Uran ma’danlarini qazib olish jarayoni 1,5 marotabaga jadallashtirilib, tannarxini 5 foizga kamaytirishga erishildi. Voha geosistemalari uchun “er sig‘imi” me’yori ishlab chiqildi. Markaziy Qizilqumda atmosfera yog‘inlarining hududiy taqsimlanishi hamda vaqtincha oqar suvlar yig‘iluvchi havzalar aniqlanib, xaritalari yaratildi va saqlash usullari takomillashtirildi.
Mamlakatimiz va unga qo‘shni hududlardagi 20 ta daryo havzasi, 121 ta daryo subhavzasidagi 680 ta tog‘ ko‘llarining morfometrik va geografik ko‘rsatkichlarini qamrab olgan axborot tizimi ishga tushirildi. Natijada xavfli suv toshqinlarining halokatli oqibatlari kamaytirildi.
Mazkur ilmiy ishlar o‘z tasdig‘ini amalda yanada to‘liq namoyon etishi uchun Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimidagi institutlar bilan uch tomonlama kelishuv asosida ilmiy-tadqiqot ishlari davom ettirilmoqda.
Manba: http://uza.uz