Hamroqulov Bahodir Mamasharifovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ma’naviy ziyonni qoplash asoslarini takomillashtirish», 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar). 
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.DSc/Yu104.
Ilmiy maslahatchi: Rashidov Komil Qayumovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01. 
Rasmiy opponentlar: Nasriev Ilhom Ismoilovich, yuridik fanlar doktori, professor; Imomov Nurillo Fayzullaevich, yuridik fanlar doktori, professor; Abduraxmonova Xosiyatxon Baxtiyorjon qizi, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi yuristlar malakasini oshirish markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi ma’naviy ziyon mazmun mohiyati hamda uni kompensatsiya qilish miqdorini aniqlash hamda ma’naviy ziyonni undirishning huquqiy mexanizmlarini rivojlantirishga oid asosiy yo‘nalishlar va ustuvor jihatlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
murojaatlarini ko‘rib chiqishda davlat organi, tashkiloti va ular mansabdor shaxslarining jismoniy shaxsga etkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish choralarini ko‘rish majburiyati mavjudligi asoslangan;
jismoniy shaxsning arizasi, shikoyati va murojaati bo‘yicha qonunga xilof ravishda qaror qabul qilgan davlat organi, tashkilot  yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan qanoatlantirilgan taqdirda ularga etkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiyalash asoslantirilgan;
qonunga xilof qarorlar qabul qilgan davlat organi, tashkiloti va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’naviy ziyon kompensatsiyasi ixtiyoriy tarzda qoplanmagan taqdirda, kompensatsiya sud tartibida undirilishi lozimligi asoslangan;
jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasini yoxud shikoyatini ko‘rib chiqishda qonun talablari buzilganligi munosabati bilan unga etkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish sifatida davlat organi, tashkilot tomonidan to‘langan mablag‘lar aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinishi lozimligi asoslab berilgan; 
ma’naviy ziyon uchun kompensatsiya undirilishi shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlarni himoya qilishning manbai ekanligi konsepsiyasini rivojlantirish va shunga ko‘ra, ma’naviy ziyonni undirish haqidagi talablarga da’vo muddati tatbiq etilmasligi asoslab berilgan;
ma’naviy ziyonni kompensatsiyalash asoslari kompleks tusga ega bo‘lgani holda uni undirish fuqarolik huquqiy asosda amalga oshirilishidan kelib chiqib, qaysi huquqbuzarlik oqibatida etkazilganligidan qat’iy nazar ma’naviy ziyonni kompensatsiyalash fuqarolik-huquqiy tartibda hal etilishi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Ma’naviy ziyonni qoplash asoslarini takomillashtirish tadqiqoti bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
davlat organi, tashkiloti va ularning mansabdor shaxslari agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki ma’naviy ziyon etkazilgan bo‘lsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning o‘rnini qoplash yoki ma’naviy ziyonni kompensatsiyalash choralarini ko‘rishi shartligi to‘g‘risidagi taklif «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi Qonuni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2019 yil 20 iyundagi 05/1-628-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bilan bir vaqtda fuqaroga etkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilishga oid davlat organlari, tashkilotlari va ular mansabdor shaxslarining tegishli choralar ko‘rishga oid majburiyatlarini aniqlashga xizmat qilgan;
jismoniy shaxsning arizasi, shikoyati ana shu murojaatlar bo‘yicha qonunga xilof qarorlar qabul qilgan davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari tomonidan qanoatlantirilgan taqdirda ularga etkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiyalash to‘g‘risidagi taklif «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2019 yil 20 iyundagi 05/1-628-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif davlat organi, tashkiloti va mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari oqibatida fuqaroga etkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiyalash majburiyati mazkur davlat organi zimmasiga yuklanishi qonunchilikda qat’iy belgilanishi orqali fuqarolarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirishga imkon yaratgan;
qonunga xilof qarorlar qabul qilgan davlat organi, tashkilot va ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’naviy ziyon kompensatsiyalanmaganda uni undirish sud tartibida amalga oshirilishi to‘g‘risidagi takliflar «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2019 yil 20 iyundagi 05/1-628-son ma’lumotnmoasi). Ushbu taklif ma’naviy ziyonni kompensatsiyalash taraflarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra amalga oshirilmaganida, sud tartibida belgilanishi (undirilishi)ga oid huquqiy mexanizmlar ishlashini kafolatlaydi;
jismoniy yoki yuridik shaxsning arizasini yoxud shikoyatini ko‘rib chiqishda qonun talablari buzilganligi munosabati bilan unga etkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish sifatida davlat organi, tashkilot tomonidan to‘langan mablag‘lar aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinishiga oid takliflar «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining 2019 yil 20 iyundagi 05/1-628-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif aybdor shaxsdan regress tartibida ma’naviy ziyonni kompensatsiyalash bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini to‘ldirishning huquqiy choralarini belgilashga xizmat qilgan;
ma’naviy ziyon bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishda uning sub’ektlari doirasini aniqlashtirish, etkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qiluvchi javobgarlar doirasini belgilab olish, ishga daxldor bo‘lgan javobgar bilan almashtirish yoki bu shaxsni qo‘shimcha javobgar sifatida jalb etilishiga oid hamda ma’naviy ziyon uchun kompensatsiya undirish shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlar himoya qilishning manbai ekanligidan kelib chiqib, da’vo muddati joriy etilmaydigan talablar sifatida ma’naviy ziyonni undirish haqidagi talablar ham belgilanishi lozimligi to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018 yil 30 noyabrdagi 34-sonli «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining fuqarolik ishlari bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil 27 maydagi 11-52-19-son ma’lumotonomasi). Ushbu taklif ma’naviy ziyonni kompensatsiyalashga nisbatan da’vo muddatining joriy etilmasligi masalasini aniqlashtirishga imkon bergan;
ma’naviy ziyonni undirish bo‘yicha talab qaysi huquqiy munosabatdan kelib chiqishidan qat’iy nazar, bunday ishlar fuqarolik-huquqiy tartibda hal etilishiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018 yil 30 noyabrdagi 35-sonli «Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi Qarorini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil 27 maydagi 11-52-19-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif ma’naviy ziyonni kompensatsiyalashga oid talab qaysi huquqiy munosabatdan kelib chiqishidan qat’iy nazar fuqarolik-huquqiy tartibda undirish tartibi qo‘llanilishiga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish