Buriev Zabardast Tojibaevichning
doktorlik dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «G‘o‘zada (Gossypium spp.) patogenlarga chidamlilikni belgilovchi MIC-3 klaster genlar oilasini klonlash, tavsiflash va molekulyar evolyusiyasini o‘rganish hamda bu genlarning g‘o‘za biotexnologiyasidagi ahamiyati», 03.00.14–Genomika, proteomika va bioinformatika (biologiya fanlari).
Talabgorning ilmiy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borishga layoqati bo‘yicha test sinovidan o‘tgani haqida ma’lumot: /biologiya fanlari nomzodi/.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: 14.07.2016/B2016.3.B.158.
Ilmiy maslahatchi: Abduraxmonov Ibroxim Yulchievich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genomika va bioinformatika markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘simlik va hayvonot olami genofondi instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, 14.07.2016.V.15.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Muxamedov Rustam Sultonovich, biologiya fanlari doktori, professor; Turdikulova Shaxlo Utkurovna,biologiya fanlari doktori; Rizaeva Sofiya Mamedovna, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Mikrobiologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: MIC-3 genlarini g‘o‘za genomidagi tarkibi, tuzilishi, xromosomalardagi o‘rnini hamda allotetraploid va ularning ajdodlariga yaqin bo‘lgan diploid genomlardagi duplikatsiya mexanizmlari va molekulyar evolyusiyalanish ko‘lamini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
birinchi marta g‘o‘zaning 15 ta allotetraploid va diploid genomlaridan MIC-3 supergen oilasiga mansub 169 ta individual gen a’zolari klonlangan, sekvens qilingan va tavsiflangan;
ushbu 169 ta MIC-3 gen a’zolari tahlili asosida 15 ta g‘o‘za genotiplarida 4 tadan 16 tagacha gen a’zolari mavjudligi va ular 2–10 tagacha suboilalarga bo‘linishi aniqlangan. Barcha Gossypium turlarida 169 ta MIC-3 genlari ketma-ketliklari filogenetik jihatdan umumiy miqdorda 17 ta genomlarga xos bo‘lgan suboilalarga ajratilgan;
allotetraploid genomlarida aniqlangan MIC-3 genlarining tahlili asosida At va Dt genomlarga xos bo‘lgan 42 ta gaplotip ketma-ketliklari isbotlangan. MIC-3 genlariga xos SNP markerlari yaratilgan hamda gaplotip va suboila guruhlari asosida At genomda 9 ta taxminiy MIC-3 lokuslari va Dt genomda 3 ta taxminiy lokuslar aniqlangan;
birinchi marta genomlarga xos bo‘lgan MIC-3 genlaridan olingan maxsus SNP markerlar yaratilgan va MIC-3 genlari g‘o‘zaning 4- va 19-gomelogik xromosomalarida klaster holida joylashganligi aniqlangan;
birinchi marta g‘o‘zaning 15 ta tetraploid va diploid genotiplarida MIC-3 genlarining nukleotidlar almashinuvi tezligi va molekulyar evolyusiya jarayonlari aniqlangan;
MIC-3 genlarini kodlovchi DNK ketma-ketliklaridagi sinonim (Ks) va nosinonim (Ka) nukleotidlarni o‘rtacha sonini baholash asosida «hamkorlikdagi» boshlang‘ich evolyusiya amalga oshganligiga qaramay MIC-3 genlari «tug‘ilish va o‘lim» evolyusion modeli ostida 1-ekzonda tozalovchi va 2-ekzonda divergensiya seleksiyasi ta’sirida evolyusiyalanib borganligi aniqlangan;
ilk bor «genlarni amplifikatsiyalanishi» MIC-3 genlarining barcha duplikatsiyalangan nusxalarini saqlanib qolishini ta’minlovchi mexanizm sifatida ekanligi va g‘o‘zani himoyalanish jarayonida genlarning yangi funksiyalarini «sharpali o‘lja» modeli ostida paydo bo‘lishi aniqlangan;
har xil genomlarda MIC-3 genlarining duplikatsiyasi turli tezliklarda sodir bo‘lishi isbotlangan. Allotetraploid genomlarda har ~1 million yilda, A/F-genomlarda har ~2 million yilda va D genomlarda har ~8 million yilda bitta duplikatsiya sodir bo‘lishi aniqlangan;
MIC-3 genlarining ekspressiyasi tahliliga ko‘ra Fusarium va Verticillium viltiga chidamli genotiplarida bu genlarning faol ekanligi aniqlangan;
birinchi marta o‘zida MIC-3 geni ildiz-spesifik promotorini tutgan 2,5 kb uzunlikdagi regionning genlararo speyser ketma-ketliklari klonlangan, sekvenslangan va tavsiflangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
MIC-3 klaster genlar oilasini tavsiflash va molekulyar evolyusiyasini o‘rganish hamda ularni g‘o‘za biotexnologiyasida qo‘llash doirasida olingan natijalar asosida:
o‘simlik hujayralarida gen ekspressiyasini susaytiruvchi kichik interferensiya beruvchi RNK (siRNA) usuli uchun O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiro patentlari (12.01.2011, № IAP 04300; 02.06.2011, № IAP 04383; 23.05.2011, № IAP 04360; 23.05.2011, № IAP 04361) olingan. Ilmiy tadqiqot natijalari o‘simliklar biotexnologiyasida genlar, jumladan MIC-3 genlari faolligini aniqlash, vektor konstruksiyalar transformatsiyasi orqali yangi liniyalar olish imkonini bergan;
MIC-3 klaster genlari AQSh Qishloq xo‘jaligi departamenti tomonidan moliyalashtirilgan №6064-21000-014-00-D «Markerlarga asoslangan va an’anaviy seleksiya yordamida g‘o‘zani genetik yaxshilash va genlarni Gossypium ning ekzotik turlari orasidan gibridlash» loyihasi doirasida foydalanilgan (2013–2018) (AQSh Qishloq xo‘jaligi departamentining 2016 yil 26 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). MIC-3 klaster genlaridan foydalangan holda nematodalarga chidamli liniyalarni olish hamda g‘o‘zaning patogenlarga chidamliligini yanada oshirish imkoniyati yaratilgan.