Begjanov Muratbay Quralbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysi to‘g‘riqanotli (Insecta: Orthoptera) hasharotlari faunasi va ekologiyasi», 03.00.06- Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/B192. 
Ilmiy rahbar: Medetov Maxsetbay Japakovich, biologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.V.20.04.
Rasmiy opponentlar: Abdullaev Ikram Iskandarovich, biologiya fanlari doktori, professor; Xalimov Fazlitdin Zokirovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Nukus davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Farg‘ona vodiysi to‘g‘riqanotli hasharotlari faunasini aniqlash, ekologiyasini asoslash, zoogeografik tarqalish xususiyatlarini ochib berish va zararli turlariga qarshi zamonaviy kurash choralarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Farg‘ona vodiysi hududida to‘g‘riqanotlilarning 8 oila, 57 avlodga mansub, 88 turi aniqlangan;
ilk bor to‘g‘riqanotlilarning 2 avlod, 2 tur va 1 kenja turi O‘zbekiston faunasi uchun hamda 29 avlod, 29 tur va 8 kenja turi o‘rganilgan hudud faunasi uchun aniqlangan;
to‘g‘riqanotlilar faunasining landshaftlar bo‘ylab tarqalishi bo‘yicha 15 guruhga mansub hayotiy shakllari ochib berilgan;
geografik tarqalishlari jihatidan 7 ta geografik kenglik va 16 ta uzunlik areallari bo‘yicha guruhlanishi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Farg‘ona vodiysi to‘g‘riqanotli (Insecta: Orthoptera) hasharotlari faunasi va ekologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Farg‘ona vodiysining turli biotoplarida tarqalgan to‘g‘riqanotlilar kamyob va yo‘qolib ketish havfi ostidagi turlarini muhofaza qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlari bo‘limlari amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 17 dekabrdagi 04-03/1-1411-son ma’lumotnomasi). Natijada, Sharqiy O‘zbekiston sharoitida antropogen bosim hududlarida tarqalgan himoyaga muhtoj 15 ta to‘g‘riqanotli hasharotlar populyasiyalari holatini baholash va ularni saqlab qolish imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysi sharoitida IMIDAShANS PLYuS, SK preparatlarining 0,05-0,075 l/ga sarf me’yori asosida zararli chigirtkalar tarqalgan hududlarga ishlov berish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Namangan viloyati Pop tumani “Omad Sang” fermer xo‘jaligi hududlarida chigirtkalar tarqalishini oldini olishga joriy qilingan (“O‘zagrokimyohimoya” AJning 2019 yil 23 dekabrdagi 02-12/1168-son ma’lumotnomasi). Natijada, zararli chigirtkalarga nisbatan 94,7% biologik samaradorlikga erishilgan va ekin maydonlari hamda yaylovlarda zararli chigirtkalar sonini boshqarish imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysi hududida tarqalgan to‘g‘riqanotli hasharotlar turkumiga oid 8 oila, 57 avlod 88 turga mansub, 168 nusxa hasharot namunalari respublikada yetakchi bo‘lgan “Zoologiya kolleksiyasi” noyob ob’ektiga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 24 dekabrdagi 4/1255-3332-son ma’lumotnomasi). Natijada, lokal hududlarda tarqalgan to‘g‘riqanotli hasharotlar yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish, kamyob turlari tarqalishining zamonaviy holatini baholash va interfaol atlaslar tayyorlash imkonini bergan;
Farg‘ona vodiysi to‘g‘riqanotlilari to‘g‘risidagi OrthopteraInfo MB elektron ma’lumotlar bazasining nazariy modeli va konstruktiv sxemasi VA-FA-F5-011 raqamli «O‘zbekiston to‘g‘riqanotsimon (Insecta: Orthopteroidea) hasharotlari» (2017-2020) mavzusidagi fundamental loyihada biologik ob’ektlar haqidagi axborotlarni qidirish hamda to‘g‘riqanotlilar tarqalishi modelini tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 24 dekabrdagi 4/1255-3332-son ma’lumotnomasi). Natijada, to‘g‘riqanotli hasharotlarning zamonaviy tarqalish areallarini aniqlash va o‘zgargan ekotizim sharoitlarida hasharotlar xilma-xilligini monitoring qilish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish