Sobirov Anvar Kuvandikovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «She’riyatda so‘z tartibi. (Hozirgi o‘zbek she’riyati misolida)», 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil499.
Ilmiy rahbar: Mirzaev Ibodulla Kamolovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.02.03.
Rasmiy opponentlar: Xayrullaev Xurshid, filologiya fanlari doktori; Mamatov Abdi, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek tilida so‘z tartibining turlari, ifoda imkoniyatlari, birlamchi va ikkilamchi vazifalari, badiiy tasvir vositalarni hosil qilishdagi o‘rni, yondosh hodisalarga munosabati masalalarini hozirgi o‘zbek she’riyati misolida o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ishda hozirgi o‘zbek tilida so‘z tartibi, she’riy matnlarda gapning aktual bo‘linishi kabi sintaktik hodisalarga yangicha munosabat bildirildi, she’riyatda so‘z tartibining o‘ziga xos xususiyatlari aniqlangan;
she’riyatda so‘z tartibi turlari aniqlandi, ularning birlamchi va ikkilamchi vazifalari ko‘rsatib berildi: so‘z tartibining birlamchi vazifasi sintaktik, ikkilamchi vazifasi esa she’r arxitektonikasini shakllantirish va poetik deb ataluvchi vositalarni yuzaga keltirishi ekanligi asoslangan;
o‘zbek tilida so‘z tartibi turlarining ifoda imkoniyatlari to‘g‘ri, o‘zgargan, kontakt, distant va aralash tartiblar asosida hozirgi o‘zbek she’riyatiga doir tanlangan matnlarni sintaktik, pragmatik tahlil qilish orqali ochib berilgan;
she’riyatda to‘g‘ri so‘z tartibi va o‘zgargan so‘z tartibi (inversiya) qiyosiy o‘rganildi, so‘z tartibi turlarining bajaradigan vazifalari ahamiyatliligi nuqtai nazaridan tasniflandi, so‘z tartibining boshqa sintaktik, poetik va stilistik hodisalarga munosabati ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy etilishi.
O‘zbek she’riyatida so‘z tartibini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
she’riyatda so‘z tartibi turli badiiy san’atlarni hosil qilish orqali badiiy matnning ta’sirli, obrazli bo‘lishini ta’minlashi haqidagi nazariy xulosalardan 2003-2007 yillarda bajarilgan 5.1.17 raqamli “Sharq mumtoz adabiyotida komil inson konsepsiyasi” nomli fundamental loyihada foydalanilgan. (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 26 dekabrdagi 89-03-5156-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida o‘zbek adabiyotida komil insonni shakllantiruvchi so‘zlarning gap yoki misralarda turli kombinatsiyalarda namoyon bo‘lishi ochib berish imkonini yaratgan;
so‘z tartibi turlaridan bo‘lgan to‘g‘ri va o‘zgargan tartibda derivatsion yondashuvning ustunligiga oid nazariy xulosalardan 2007-2011 yillarda bajarilgan OT-F8-062 raqamli “Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari” nomli fundamental loyihada ham foydalanilgan. (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 26 dekabrdagi 89-03-5156-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar asosida ko‘plab ijodkorlarning so‘z tartibidan foydalanish individualligi aniqlash imkonini bergan;
dissertatsiya amaliy natijalaridan umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun ona tilidan DTS, o‘quv dasturlari va darsliklarni takomillashtirishda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining 2019 yil 17 sentyabrdagi 01/11-01/4-2292-son ma’lumotnomasi). Natijada, 8-sinf “Ona tili” darsligining sintaksis bo‘limiga doir “Gap bo‘laklari”, “Gapda so‘zlar tartibi”, “Gap urg‘usi” mavzulari nazariy jihatdan ixchamlashtirildi, qoidalarni mustahkamlovchi mashq va topshiriqlarga mosligi asoslashga hizmat qilgan.