Ziyaev Avaz Ixtiyorovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tilda intensifikatsiya/deintensifikatsiya semantikasining lisoniy birlik va shakl paradigmalarini hosil qilishi», 10.00.11 – Til nazariyasi. Amaliy va kompyuter lingvistikasi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2 DSc/Fil.97.
Ilmiy rahbar: Xoshimov G‘anijon Mirzaaxmedovich filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Uluqov Nosirjon Muhammadalievich, filologiya fanlari doktori, professor; Muxammedova Saodat Xudoyberdievna, filologiya fanlari doktori, professor; Xayrullaev Xurshid Zaynievich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: hozirgi zamon tilshunosligidagi intensifikatsiya/deintensifikatsiya kategoriyasi bilan bog‘liq umumlisoniy muammolarni aniqlash, tildagi miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga aylanishi natijasida intensifikatsiya/deintensifikatsiya semantik birliklar paradigmalarining hosil bo‘lishini nazariy va amaliy asoslarini hamda ulardagi lisoniy kodning namoyon bo‘lish xususiyatlarini ilmiy dalillashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
intensifikatsiya/deintensifikatsiya kategoriyasi asosida til birliklarining ozayishi/ko‘payishi kabi muhim o‘zgarishlari, sifat, miqdor, me’yor, o‘zgaruvchanlik kategoriyalari aniqlangan;
dialektikaning ob’ektiv va sub’ektiv olamdagi narsa-hodisalarning paydo bo‘lishiga oid miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga aylanishi umumqonuniyatining tildagi amali asosida lison (til) da ham shu qonun asosida yangi fonetik, leksik-semantik, morfemik til birliklari va tovush, qo‘shimcha, so‘z shakllarning hosil bo‘lishi asoslangan;
fonetik-fonologik sath birliklari bo‘lgan monoftong, diftong, triftong kabi fonologik birliklarning intensifikatsiya/deintensifikatsiya hodisasi natijasida hosil bo‘lganligi izohlangan hamda segment birlik hisoblanuvchi bo‘g‘inning intensifikatsiya/deintensifikatsiya hodisasi extiyoji asosida shakllanganligi, supersegment birlik bo‘lgan intonatsiya va uning pauza, temp, tembr, ton, urg‘u, melodika komponentlarining qo‘llanishi turli-tuman intensifikatsiya/ deintensifi katsiya asosida amalga oshishi isbotlangan;
lug‘aviy sath birliklari bo‘lgan leksema va frazemalarning shakllanishi, ularning paradigmalar tashkil etishi intensifikatsiya/deintensifikatsiya semantikasi asosida yuz berishi aniqlanib, darajalanuvchi leksik va frazeologik semalar asosida gradual antonim va sinonimlarning shakllanishi isbotlangan;
morfologik sathda intensifikatsiya/deintensifikatsiya kategoriyasi-ning voqelanishi ko‘rib chiqilib, tashqi intensifikatorlarning so‘z shakllari hosil qilishi, otlarning son, kichraytirish, suyush-erkalash, o‘xshatish, chegara sifatlarning daraja, sonning jamlovchi, fe’lning modal (davomli-davomsizlik), nisbat shakllarida o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘lishi aniqlangan;
so‘z birikmasi, gap va matnlarning ham shakl (ifoda) ham mazmun tomonlariga intensifikatsiya/deintensifikatsiya hodisasining xosligi aniqlangan, intensifikatsiya/deintensifikatsiya asosida ta’kid konstruksiyalari, gapning mazmun va emotsional turlari, qo‘shma gapning ekspressiv turlari, kirish, kiritma va ajratilgan bo‘laklari, gapning kommunikativ (tema-rematik) variantlari, undalma, period va matnning shakllanishi aniqlangan, sintaktik intensifikatsiya/deintensifikatsiyaning asosiy funksiyalari belgilangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tilda intensifika-siya/deintensifikatsiya semantikasining lisoniy birlik va shakl paradigmalarini hosil qilishi tadqiqining ilmiy natijalari asosida:
derivatsion qonuniyatlarga munosabat bildirishda tadqiqotchining intensifikatsiya/deintensifikatsiya semantikasining morfologik va sintaktik sath birliklari paradigmalarining shakllantirishi borasidagi nazariy xulosalari va dissertatsiyaning tahlil natijalaridan Samarqand davlat chet tillar institutida 2007-2011 yillarda bajarilgan OT- F8-062 raqamli «Til taraqqiyotining derivatsion qonuniyatlari» mavzusidagi fundamental loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 fevraldagi 89-03-719-son ma’lumotnomasi). Natijada til rivojlanishining derivatsion qonuniyat-larini aniqlashning milliy stereotiplarini belgilash va derivatsion qoliplarini ishlab chiqish imkoniyati yaratilgan;
Intensifikatsiya/deintensifikatsiya semantikasining gradual sinonimlar va frazemalar paradigmalarini shakllantirishiga oid nazariy xulosalardan 574097-EPP-1-2016-1-CY-eppka2-CBHE-JP RUECVET: “Pilotirovanie professional`nogo obrazovaniya i obucheniya Rossii i Uzbekistana” nomli Evroittifoq proekti asosidagi Erasmus+fundamental loyihada kasb-xunar kollejlari hamda akademik lisey o‘qituvchilari uchun tashkillangan malaka oshirish kurslarini o‘tkazishda, dasturlar tuzishda hamda qo‘llanmalar tayyorlashda keng foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 20 fevraldagi 89-03-719-son ma’lumotnomasi). Natijada malaka oshirish kurslarini samaradorligini oshirishda, mavjud dasturlarni takomillashtirishda hamda qo‘llanmalarning mukammallashuviga erishilgan.
Dissertatsiya natijalari Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2019 yil davomida efirga uzatilgan “Ma’naviyat sarchashmasi”, “Adabiy muhit”, “Qadriyat” ko‘rsatuvlari, shuningdek, “Ma’naviyat-qalb ko‘zgusi” radioeshittirishlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (Farg‘ona viloyat teleradiokompaniyasining 2020 yil 4 fevraldagi 69 - son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ko‘rsatuvlar ma’naviy-ma’rifiy hamda milliy o‘ziga xosligi jihatdan boyitish imkoni yaratilgan.