Ziyaev Shoxruxmirzo Abdumannop o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Neonatal sepsisda timusning morfologik va morfometrik o‘ziga xos xususiyatlari», 14.00.15 – Patologik anatomiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/Tib941.
Ilmiy rahbar: Israilov Rajabboy, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.04/30.12.2019.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Nishanov Doniyor Anarboevich tibbiyot fanlari doktori; Rasulov Xamidulla Abdullaevich tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Timusning o‘ziga xos gistoarxitektonikasida neonatal sepsisga qarshi javob reaksiyasida rivojlanadigan morfologik va morfometrik o‘zgarishlarni baholashni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
bosh miya jarohati bilan tug‘ilib nobud bo‘lgan chaqaloqlar timusning angioarxitektonikasida o‘ziga xos tomirlar to‘ri mavjudligi, arteriyalarning asosiy tarmog‘i parakortikal sohadan o‘tib, po‘stloq qavatini qon bilan ta’minlashi asoslangan;
po‘stloq qavat kapillyarlar devori mustahkam, mag‘iz qavatniki esa o‘tkazuvchan, qavatlar chegarasidagi postkapillyar venulalarni devorida T-limfotsitlarning mavjudligi, ularning shu sohadan qonga migratsiyalanishidan dalolat berishi asoslangan;
timusning me’yoriy va patologik holatlari morfologik belgilarini baholash natijasida neonatal sepsis ta’sirida chala tug‘ilgan chaqaloqlarga nisbatan muddatida tug‘ilganlar timus gipoplaziyasi 8,8%ga, inert timus 4,7%ga, timomegaliya 4%ga ko‘p va aksincha aksidental transformatsiya darajalari o‘rtacha 13,9% ga kam rivojlanishi isbotlangan;
neonatal sepsis ta’sirida timusda rivojlangan aksidental transformatsiyaning IV-V-darajasida po‘stloq qavat qalinligi me’yorga nisbatan 959,1 mkmgacha, mag‘iz qavatniki esa 724,4 mkmgacha yupqalashganligi, me’yorga nisbatan aksidental transformatsiyaning V-darajasida po‘stloq qavat indeksi 0,5 gacha kamayganligi, po‘stloq qavatdagi limfotsitlar zichligi esa 146 tagacha tushganligi, mag‘iz qavat tarkibidagi Gassal tanachalar soni aksidental transformatsiyaning III-darajasida 12,5 taga ko‘payib, aksidental transformatsiyaning V-darajasida yana 4,3 tagacha kamayishi asoslangan;
sepsis og‘ir va uzoq vaqt davom etadigan infeksion jarayon bo‘lganligidan timusda qaytmas darajadagi aksidental transformatsiya va ikkilamchi atrofiya rivojlanishi, ikkilamchi immun tanqisligining asosiy morfologik belgisi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Neonatal sepsisda timusning morfologik va morfometrik o‘ziga xos xususiyatlari baholash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
«Neonatal sepsisning morfologik va morfometrik baholash algoritmi» uslubiy tavsiyanomasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 25 iyundagi 8n-d/79-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanomada neonatal sepsisda timusning morfologik va morfometrik o‘ziga xos xususiyatlari baholash, kasalliklarni o‘z vaqtida samarali davolash tartibini tizimli tashkillashtirish imkonini bergan.
Neonatal sepsisda timusning morfologik va morfometrik o‘ziga xos xususiyatlarini morfologik tashxislash va davolash tartibini takomillashtirish asosida olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, jumladan, Respublika sud tibbiy ekspertizasi ilmiy-amaliy markazi Andijon filiali va Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Andijon filialining Patologik anatomiya bo‘limiga tadbiq qilingan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020 yil 7 avgustdagi 8n-z/100-son ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning amaliyotga joriy qilinishi og‘ir va uzoq vaqt davom etadigan infeksion jarayonda, ya’ni sepsisda timusda qaytmas darajadagi aksidental transformatsiya va ikkilamchi atrofiya rivojlanishi, ikkilamchi immun tanqisligining asosiy morfologik belgisi asoslash tartibini joriy qilish imkonini bergan.