Aloxunov Alisher Axmadjonovichning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Farg‘ona vodiysining bronza va ilk temir davri tarixi (madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy munosabatlar muammolari)», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2019.3.PhD/Tar.7.
Ilmiy rahbar: Isamiddinov Muxammad Xasanovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Andijon davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Tar.60.01.
Rasmiy opponentlar: Matboboev Boqijon Hoshimovich, tarix fanlari doktori, professor; Yo‘ldashev Ikromjon Tursunovich, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi  Farg‘ona vodiysi bronza va ilk temir davri madaniyati hamda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tarixini yoritishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Farg‘ona vodiysining ilk temir davri tarixiga oid arxeologik hamda yozma manbalarning qiyosiy tahlil natijalariga tayanib, vodiyning «Avesto jamiyati» hududlariga kirishi asoslangan;
Farg‘ona vodiysi dehqon jamoalari va chorvadorlari madaniyatlarining vujudga kelishi, xo‘jaligi, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlari tarixi o‘rganilib, ularning davrlashtirilishiga aniqlik kiritilgan. Chust madaniyatining kelib chiqishida eneolit va ilk bronza davriga oid mahalliy jamoalar hamda Sarazm madaniyatining o‘rni va roli arxeologik materiallarga tayangan holda asoslab berilgan;
Qadimgi Sharq hududlarida eneolit, bronza va ilk temir davrida boshlangan migratsiyalarning Farg‘ona vodiysi qadimgi madaniyatlarining (Chust, Qayroqqum, Eylaton, Oqtom madaniyatlari) shakllanishiga, ishlab chiqarish rivojiga va etnik jarayonlarga hal qiluvchi ta’siri ko‘rsatib berilgan hamda  ikki xil xo‘jalik yuritish madaniyatlari, ya’ni dehqonchilik yo‘nalishi Chust madaniyati – Eylaton madaniyati; ko‘chmanchi chorvachilik yo‘nalishi Qayroqqum madaniyati – Oqtom madaniyati bosqichlarining xronologik ketma-ketligiga qo‘shimchalar kiritilib, yangicha talqin etilgan;
Markaziy Osiyo ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar tizimida ilk dexqonchilik (mil. avv. XIV–VII asrlar), dastlabki shaharlar (mil. avv. X–VII asrlar) hamda ilk davlatchilik (mil. avv. VIII–VI asrlar) an’analarining yuzaga kelishiga ta’sir ko‘rsatgan ichki (sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik, xonaki chorvachilik, ixtisoslashgan hunarmandchilik) hamda tashqi (savdo va madaniy aloqalar) omillarning tadrijiy rivojlanishi Farg‘ona vodiysi arxeologik materiallari asosida isbotlab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: 
Farg‘ona vodiysining bronza va ilk temir davri tarixiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
Farg‘ona vodiysining bronza va ilk temir davri tarixiga oid yodgorliklarning tarixiy-arxeologik tadqiqi, joylashish o‘rni hamda bu davr tarixi, madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlari va diniy turmushi haqidagi yangi ma’lumotlar va materiallardan Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi ekspozisiyalarini shakllantirishda va ilmiy tavsiflashda foydalanilgan hamda ko‘rgazmalar tashkil etilgan (O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi 2020 yil 3 fevraldagi 01-12-10-471-son ma’lumotnomasi). Ilmiy ma’lumotlar xorijiy va mahalliy sayyohlarning Farg‘ona vodiysi qadimgi tarixiga oid yangi ma’lumotlarni olish imkonini bergan;
Farg‘onaning qadimgi dehqon jamoalari va chorvadorlari o‘rtasidagi madaniy aloqalar xususiyatlari hamda etnik jarayonlariga doir ilmiy xulosa va natijalaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O`zbekiston tarixi» telekanalining «Taqdimot» ko‘rsatuvida foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi 2020 yil, 30 yanvardagi 02-10-224-son ma’lumotnomasi). Bu ko‘p sonli teletomoshabinlarning bronza va ilk temir davri tarixi mavzusi doirasidagi ko‘nikma va bilimlarini oshishiga asosdir.
Farg‘ona vodiysining ilk temir davrida madaniy taraqqiyot hamda ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga oid ilmiy xulosa va natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasining «Dunyo bo‘ylab» telekanalida 2016 yil (Mingtepa shahar xarobasi to‘g‘risida), 2018 yil (Quva shahar xarobasi to‘g‘risida)da efirga uzatilgan «Ekspedisiya» teleko‘rsatuvini tayyorlashda manba sifatida foydalanilgan («Dunyo bo‘ylab» telekanali» Davlat unitar korxonasining 2019 yil, 1 avgustdagi 08-14/338-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ma’lumotlar ko‘rsatuvni ilmiy dalillarga boy va xalqchil bo‘lishini ta’minlash barobarida, ko‘hna shahar xarobalarining quyi qatlamlaridan aniqlangan ilk temir davri – Eylaton madaniyatiga oid moddiy madaniyat ashyolarini o‘rganish orqali bu davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jarayonlarning ilmiy-ommabop uslubda xalqimizga yoritib berilishi yoshlarni ulug‘ ajdodlarimiz yaratgan madaniy merosni asrash hamda kelajak avlodga qoldirishga o‘z hissasini qo‘shish ruhida tarbiyalashga qaratilgan ishlar samaradorligining yanada oshishiga asos bo‘lib xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish