Qobilova Nargisabegim Sulaymonbek qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Jek London va Abdulla Qahhor ijodida badiiy psixologizm», 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.4.PhD/Fil664.
Ilmiy rahbar: Afoqova Nodira Maxmudovna, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Buxoro davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.72.03.
Rasmiy opponentlar: Qarshibaeva Uljan Davirovna, filologiya fanlari doktori, professor; Toirova Nargiza Isakovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: roman va hikoya kabi katta-kichik janrlarda badiiy psixologizmning, psixoanalitik hodisalarning o‘ziga xos ifodalanishini, ularning har bir xalq adabiyotida o‘z ijtimoiy va milliy psixologiyasi, ijodkorning ijod psixologiyasi hamda individual poetik-uslubiy mahorati negizida berilishini amerikalik adib Jek London va o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qahhor ijodini qiyosiy o‘rganish misolida asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“badiiy psixologizm” tushunchasining mazmun diapazoni ilk marta ilmiy talqin etilib, inson ruhiyati badiiy manzaralarini yaratishda dialog, monolog, portret, tush, gallyusinatsiya, maktub, psixologik tafsilot, psixologik parallelizm kabi psixoanalitik vositalarning qisqalikka intilish, qahramon ruhiy holatini uning qiyofasi orqali tasvirlash, verballashtirish kabi uslubiy prinsiplari aniqlangan;
Jek London va Abdulla Qahhor roman hamda hikoyalarida badiiy psixologizm, qahramon ruhiyati, portreti, muhabbat, o‘lim kategoriyalarining psixoanalitik ifodasi o‘xshash motivlar doirasida voqelanishi isbotlangan;
“Martin Iden” va “Sarob” romanlarida turli zamon va makonga xos milliy-ijtimoiy psixologiyaning badiiy voqelanishidagi mushtarak va farqli jihatlari, ijod va ijodor psixologiyasi mutanosibligi asoslangan;
ikki roman markazida turgan hurfikrlilik, yakranglik, qo‘rquv, moddiyunchilik, qaramlik kabi ijtimoiy-psixologik hodisalar ilk marta psixoanaliz va biografik metod nuqtai nazaridan talqin etilib, inson ruhiy olamining hayotiy haqiqatlari, olam manzaralarini badiiy aks ettirishning psixoanalitik asoslari dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jek London va Abdulla Qahhorning hikoya va romanlarida badiiy psixologizmni qo‘llashdagi o‘ziga xos xususiyatlarni, badiiy psixologizmning ijtimoiy, milliy, ijodkor psixologiyasi kabi ko‘rinishlarini o‘rganish yuzasidan olib borilga ilmiy tadqiqotlar asosida:
qiyosiy adabiyotshunoslikda inson ruhiy olamini badiiy qayta gavdalantirishning adabiy-estetik an’analar hamda individual uslublar bilan aloqasi, Jek London va Abdulla Qahhorning badiiy psixologizmni qo‘llash, psixoanalitik hodisalarnipoetik tahlil qilish mahoratidagi o‘xshash va farqli jihatlari xususidagi xulosalardan O‘zbek tili tarjimon baholovchisi Umid Sayidov tomonidan AQShdagi “ALTA”til xizmatlari kompaniyasida amaliyotga joriy etilgan (“ALTA”til xizmatlari kompaniyasining 2020 yil 5 fevraldagi ma’lumotnomasi). Natijada kompaniyada til o‘rganishda ikkala mamlakat adabiyotini qiyosiy taxlil qilishda samarali ma’lumot sifatida foydalanish imkoni yaratilgan;
badiiy asarlarda badiiy psixologizmni ifodalashga xos xususiyatlar, uning ijtimoiy, milliy, ijodkor psixologiyasi kabi ko‘rinishlari turli makon va zamonda yaratilgan asarlarda o‘ziga xos aks ettishiga oid ilmiy natijalardan F-1-06 “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” mavzusidagi fundamental loyihada hamda ijod va ijodkor psixologiyasi masalasi adabiy material zaminida real hayotdagi yozuvchilar faoliyatiga qiyosan diqqat markaziga qo‘yilishi, “Martin Iden” va “Sarob” romanlarida aks etgan psixologik hodisalar Evropa adabiyotshunosligida ommalashgan psixoanaliz metodi asosida tadqiq qilinishi, jumladan, badiiy asar va uning yaratuvchisi munosabatlari, badiiy adabiyotda aks etgan inson ruhiy olamiga aloqador hayotiy haqiqatlar psixoanalitik asoslari yoritilishiga oid ilmiy natijalardan OT-F3-090 raqamli “Jadid adabiyoti – jahon adabiyotining sintezi sifatida” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 5 noyabrdagi 89-03-4282-son ma’lumotnomasi). Natijada adabiy ta’sir, badiiy sintez bilan bog‘liq muammolar qiyosiy aspektda o‘rganilib, echimlari tavsiya qilingan;
O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston” teleradiokanalining “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharriyatining “Bedorlik”, “Ta’lim va taraqqiyot”, “Hamroh” nomli eshittirishlarida tadqiqotchi tomonidan tavsiya etilgan adabiy aloqalarning adabiyotni rivojlantirishdagi, xalqlar orasida o‘zaro do‘stlik, adabiy hamkorlik rishtalarini mustahkamlashdagi roli bilan bog‘liq fikr-mulohazalardan, taniqli adiblar Jek London va Abdulla Qahhor ijodida inson ruhiy olamining o‘ziga xos badiiy talqini haqidagi xulosalardan foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat unitar korxonasi 2019 yil 7 yanvardagi O’z\k-1-3-son ma’lumotnomasi). Natijada berilgan ma’lumotlar tinglovchilarning kitobxonlikka e’tibori va muhabbatini kuchaytirishga, Jek London va Abdulla Qahhor asarlarida inson ruhiyati manzaralari aks ettirilishiga doir ma’lumotlarini oshirishga xizmat qilgan.