Erkaeva Nazokat Aktamovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mahalliy xomashyo resurslaridan sintetik yuvish vositalari olish texnologiyasini ishlab chiqish», 02.00.13 – Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/T1278.
Ilmiy rahbar: Kaipbergenov Atabek Tulepbergenovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Namazov Shafaat Sattarovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik; Sultonov Baxodir Elbekovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Urgench davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatiga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: natriy karbonat, uglerod (II) oksidi va vodorod peroksidi asosida natriy peroksikarbonat va seskvikarbonat olish, ularni qayta ishlash orqali kukunsimon va suyuq maishiy sintetik yuvish vositalari olish texnologiyasini ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Na2CO3-H2O2-H2O; Na2CO3-CO2-H2O sistemalar eruvchanlik politermasini nazariy tahlil qilish orqali natriy peroksikarbonat va seskvikarbonat olishning texnologik parametrlar maqbul oralig‘i asoslangan;
fizik-kimyoviy tahlil usullari asosida natriy karbonatini vodorod peroksidi bilan o‘zaro ta’siri natijasida Na2CO3•1,5H2O2 hosil bo‘lishi isbotlangan;
soda eritmalarini karbonat angidrid bilan bosim ostida karbonizatsiyalash orqali natriy seskvikarbonat olish usuli ishlab chiqilgan;
ilk bor SYuVning tarkibi va xossalari orasidagi bog‘liqlik qonuniyatlari yuvuvchi komponentlarning va faol qo‘shimchalarning turli nisbatlariga bog‘liqligi aniqlangan;
ilk bor gaz-suyuq usulda olingan natriy seskvikarbonat va natriy peroksikarbonatdan foydalanib, yuqori funksional ko‘rsatkichga ega bo‘lgan kukunsimon va suyuq maishiy yuvish vositalarining tarkibi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kal`sinatsiyalangan soda eritmasiga vodorod peroksidi eritmasi va uglerod (II) oksidini ta’sir ettirish yo‘li bilan natriy peroksikarbonat va seskvikarbonat olish xamda ular asosida ekologik toza maishiy SYuV olish texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kukunsimon sintetik yuvuvchi vositaga tashkilot standarti ishlab chiqilgan va "O‘zstandart" agentligi tomonidan tasdiqlangan (TSh 15510698-03: 2016). Mazkur standart mahsulotning tarkib va sifatlarini texnologik nazorat qilish imkonini bergan;
natriy peroksikarbonat va seskvikarbonat, kukunsimon va suyuq sintetik yuvish vositalarini olish texnologiyalari "Qo‘ng‘irot soda zavodi" AJning istiqbolli ishlanmalari ro‘yxatiga kiritilgan ("O‘zkimyosanoat" AJning 2020 yil 3 iyuldagi 14-2969-son ma’lumotnomasi). Natijada mahalliy xomashyo asosida sintetik yuvish vositalarini ishlab chiqarish uchun keng assortimentdagi komponentlar olish, shu orqali tayyor mahsulotlar tannarxini kamaytirish imkonini bergan.