Tosheva Nilufar Shirinboevnaning fan doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Hozirgi o‘zbek nasrida fol`klorga oid vositalarning poetik funksiyasi (Isajon Sulton nasri misolida)», 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4. PhD/Fil652.
Ilmiy rahbar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Jumanazarov Umrzoq Abdurazzoqovich, filologiya fanlari doktori, professor; Boboxonov Mavlon Rahmatillaevich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ma’naviy merosimiz bo‘lmish fol`klor unsurlarining yozma adabiyotga ko‘rsatadigan ijodiy ta’sirini hozirgi o‘zbek nasri, xususan, iste’dodli adib Isajon Sultonning ijodi sahnida ko‘rsatib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
hozirgi o‘zbek nasrida fol`klorga oid vositalarning poetik funksiyasi milliy kolorit sathida asoslangan;
yangi tipdagi obrazlarning psixologik holati tasviri, ularning sistemaviyligi, adibning yangicha tasvir va bayon uslubi, o‘ziga xos badiiy sintaksis yaratgani dalillangan;
zamonaviy nasr shakllanishi, uning kitobxon ongiga singishida adibning yozma adabiyotda: xalq dostonlari, ertaklari syujetidan foydalanish mahorati va afsona, rivoyat hamda miflarning nasrda badiiy tajassum topganligi aniqlangan;
yozuvchi asarlarida an’ana va novatorlik, asar syujetining ikki shaxs muhabbati asosiga qurilishi bilan bog‘liq romanik kod tushunchasi ilk bor ilmiy muomalaga kiritilishi va undagi muammolar ochib berilgan;
yozma adabiyotga singdirilgan xalq falsafasi elementlari logik fol`klorizm nomi bilan ilk bor atalishi va mazkur tushunchaning adabiyotshunoslikda yangi hodisa ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Zamonaviy o‘zbek nasrida fol`klorga oid vositalarning poetik vazifasini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
zamonaviy nasrda fol`klorga oid vositalarning badiiy asar kompozisiyasida tutgan o‘rni, ularning poetik funksiyasi milliy kolorit sathida asoslanishiga doir ilmiy xulosalardan 2008-2010 yillarda bajarilgan XT – F2– 004 raqamli “O‘zbek xalq pedagogikasi va fol`klor an’analari” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan. (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 14 yanvardagi 89-03-213-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha nasriy asarlarda fol`klorning ahamiyati haqidagi ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitish imkoni yaratilgan;
Isajon Sultonning yangi tipdagi obrazlarning psixologik holati tasviri, ularning sistemaviyligi, adibning yangicha tasvir va bayon uslubi, o‘ziga xos badiiy sintaksis yaratgani va adib ijodidagi obrazlar nutqida uchraydigan xalq iboralari, maqollarning, rivoyatlarning asar badiiyatidagi ahamiyati, ulardagi ayrim so‘zlarning tarixan fol`klor unsurlariga bog‘lanib ketishidagi nazariy xulosalaridan 2012-2016 yillarda bajarilgan FA-F1-GOO2 raqamli “Qoraqalpoq fol`klori va adabiyoti janrlarining nazariy masalalarini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020-yil 14 yanvardagi 89-03-213-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha nasriy asarlardagi obrazlar nutqi, xalq iboralari, rivoyatlar badiiyati haqidagi ilmiy-nazariy materiallar bilan boyitish imkonini bergan;
zamonaviy nasrda fol`klorga oid vositalarning badiiy asar kompozisiyasida tutgan o‘rniga doir xulosalardan «Madaniyat va ma’rifat» telekanalining «Adabiy jarayon» ko‘rsatuvida foydalanilgan. (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» telekanali» davlat unitar korxonasining 2019 yil 17 dekabrdagi 01-14/488-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuv ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilib, ularning ilmiy-ma’rifiy saviyasini oshirish imkonini bergan.