Urimbetov Axmet Abdirazakovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Shimoliy – g‘arbiy qizilqum sharoitida qoraqalpoq sur qorako‘l qo‘ylarining etologik xususiyatlari», 06.02.03 – Xususiy zootexniya. Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Qx265.
Ilmiy rahbar: Boboqulov Nasillo Asadovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qorako‘lchilik va cho‘l  ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.05/30.12.2019.Qx.75.01. 
Rasmiy opponentlar: Turganbaev Ruzimbay Urazbaevich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor; Ajiniyazov Baxitbay Kenesbaevich, qishloq xo‘jalik fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Shimoliy – g‘arbiy qizilqum hududi sharoitida urchitiluvchi qoraqalpoq sur qorako‘l qo‘ylarining etologik xususiyatlari, etogramma ko‘rsatkichlari, ushbu xususiyatlarning qo‘ylarda va ularning avlodlarida mahsuldorlik ko‘rsatkichlarining shakllanishi hamda namoyon bo‘lishiga ta’sirini o‘rganish asosida ular mahsuldorligini oshirish yo‘llarini aniqlashdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Shimoliy – g‘arbiy Qoraqalpog‘iston sharoitida urchitiluvchi qoraqalpoq sur qorako‘l qo‘ylarining etogramma ko‘rsatkichlari, etologik xususiyatlari va ularning mahsuldorlik bilan bog‘liqlik darajalari aniqlangan;
turli etologik xususiyatlar bilan xarakterlanuvchi qoraqalpoq sur qorako‘l qo‘ylarining hayotchanlik va konstitusional xususiyatlari aniqlangan;
turli etologik tiplarga mansub qoraqalpoq sur qorako‘l qo‘ylarining yosh dinamikasi miqyosida ekster`er, tirik vazn, tana o‘lchamlari va tana tuzilish indekslari ko‘rsatkichlari, go‘sht, sut va jun mahsuldorligi aniqlangan;
turli etologik tipga mansub qoraqalpoq sur qorako‘l qo‘ylari avlodlariga barra teri belgilarining namoyon bo‘lish darajalari bo‘yicha baho berilgan va ularning o‘xshashlik va farqlanish xususiyatlari aniqlangan;
turli etologik tipdagi qoraqalpoq sur qorako‘l qo‘ylarini qayd etilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholash natijalari asosida ulardan samarali foydalanish yo‘llari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Shimoliy – g‘arbiy qizilqum sharoitida urchitilayotgan qoraqalpoq sur qorako‘l qo‘ylarining etologik xususiyatlarini, ularning mahsuldorlik bilan bog‘liqligini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
turli etologik tipdagi qoraqalpoq sur qorako‘l qo‘ylarining go‘sht mahsuldorligini oshirish yo‘llari Qoraqalpog‘iston respublikasi To‘rtko‘l tumanining “Qorako‘l chorva nasl” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 05 martdagi 03/018-575 son, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish ko‘mitasining 2020 yil  29 maydagi 33/04-218 son ma’lumotnomalari ). Natijada etologik tiplar bo‘yicha bir bosh qo‘ydan olingan foyda 130000 so‘mni, rentabellik ko‘rsatkichi 59,7 foizni tashkil etgan;
qo‘ylarning etologik tiplarini hisobga olgan holda seleksiyalash usuli Qoraqalpog‘iston respublikasi To‘rtko‘l tumanining “Yusup-Axmet” fermer xo‘jaligida joriy qilingan (Qoraqalpog‘iston respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 05 martdagi 03/018-575 son, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish ko‘mitasining 2020 yil  29 maydagi 33/04-218 son ma’lumotnomalari). Natijada etologik tiplar miqyosida 1 dona qorako‘l terilarini sotishdan sof foyda 15300 so‘mni, rentabellik darajasi 58,8 foizni tashkil etgan;
etologik tiplarini hisobga olib qo‘ylarning o‘sish, rivojlanish xususiyatlarini oshirish usuli Qoraqalpog‘iston respublikasi To‘rtko‘l tumanining “Qilishboy-quduq” fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Qoraqalpog‘iston respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining 2020 yil 05 martdagi 03/018-575-son, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish ko‘mitasining 2020 yil 29 maydagi 33/04-218-son ma’lumotnomalari). Natijada 1 bosh qo‘y hisobiga olinadigan foyda 98500 so‘mga oshgan, rentabellik 52,4 foizni tashkil etgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish