Nuriddinov Nodir Nurmat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Fors tilida qo‘shma so‘z va so‘z birikmalarining distinktiv belgilari”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil57.
Ilmiy rahbar: Quronbekov Ahmadqul, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Islamdjanova Xazifaxon, filologiya fanlari doktori, professor; Sotiboldieva Sarvinoz Ruzievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Fors tilida kopulyativ qo‘shma so‘z va erkin kopulyativ so‘z birikmalarining distinktiv belgilarini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
fors tilshunosligida qo‘shma so‘z va so‘z birikmasining lingvistik maqomini belgilovchi ishchi ta’rifi asoslangan;
kopulyativ qo‘shma so‘z (KQS) va erkin kopulyativ so‘z birikmasi (EKSB) ning 5 ta fonetik-fonologik, 5 ta morfologik, 3 ta sintaktik va 3 ta semantik jihatdan distinktiv belgilari aniqlanib, fonetik-fonologik belgining ustunligi asoslangan;
interfiksli KQSning 6 ta (to‘liqsiz reduplikatsiyali, به -be-, تا -tā-, در -dar- va بر -bar- interfiksli, imperativ, fe’lning hozirgi va o‘tgan zamon negizlari birikuvidan yasalgan, الف وصل interfiksli, interfiksi الف وصل ga aylanadigan) va interfikssiz KQSning 3 ta (to‘liq reduplikatsiyali, imperativ, interfiksi tushib qoluvchi) modellari aniqlangan;
interfikslarning 5 ta sinonimik qatori aniqlangan va به -be- interfiksining sermahsulligi dalillangan;
KQSning so‘z turkumlari (ot, sifat, son, olmosh, ravish, fe’l shakllari, taqlidiy so‘zlar) bilan ifodalanishi EKSBdan (ot, sifat, ravish va o‘tgan zamon sifatdoshi) keng doiraga egaligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Fors tilida qo‘shma so‘z va so‘z birikmalarining distinktiv belgilari tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
fors tilining tarixiy taraqqiyoti va kopulyativ qo‘shma so‘z takomili bilan bog‘liq natijalardan OT-F1-71 raqamli “Ilk va o‘rta asrlar Markaziy Osiyo mintaqasida etnolingvistik vaziyat” mavzusidagi ilmiy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 iyundagi 89-03-1972-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi ilk o‘rta asrlarda Markaziy Osiyodagi turkiy xalqlarga qo‘shni eroniyzabon elatlarning til vaziyati, o‘sha kezlardagi fors tilining holati, til xususiyatlari, lisoniy birliklarning muayyan davrdagi o‘zgarishlarini yoritib berishga xizmat qilgan;
fors tilidagi kopulyativ qo‘shma so‘z va so‘z birikmalarining struktur-semantik tasnifiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekistondagi Eron madaniyat markazining ilmiy aloqalari doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda foydalanilgan (O‘zbekistondagi Eron Islom Respublikasi elchixonasining 2019 yil 2 dekabrdagi 8913-24-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiyada keltirilgan kopulyativlarning nazariy tadqiqi va manbalardan to‘plangan misollarning amaliy tahlili kopulyativ qo‘shma so‘z va erkin kopulyativ so‘z birikmalarini belgilash mezonlarini yaratishga asos bo‘lgan;
fors tilidagi kopulyativ qo‘shma so‘z va erkin kopulyativ so‘z birikmalarini farqlashning fonetik-fonologik, morfologik-sintaktik va semantik mezonlari bilan bog‘liq tahlil natijalaridan O‘zbekistondagi Eron madaniyat markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ilmiy-amaliy tadbirlarda foydalanilgan (O‘zbekistondagi Eron Islom Respublikasi elchixonasining 2020 yil 10 martdagi 8913-25-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar kopulyativ birliklarning o‘zaro farqlash mezonlarini belgilash imkonini bergan;
fors tilidagi interfiksli va interfikssiz kopulyativ qo‘shma so‘zlar hamda erkin kopulyativ so‘z birikmalarining modellariga oid tahliliy fikrlari va xulosalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Mahalla» DUK teleradiokanalining “Munavvar soatlar” va “Vaqt qadri” radioeshittirishlarining ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Mahalla» teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2020 yil 11 iyundagi 04-04-305-son ma’lumotnomasi). Natijada fors tilidagi kopulyativ birliklarning struktur tiplari va modellari haqidagi ma’lumotlar radioeshittirishlar ta’sirchanligi va xalqchilligini oshirishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish