Otegenov Xakimbay Maksetbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xiva xonligi va Amudaryo bo‘limidagi 1916-yil xalq qo‘zg‘olonlari», 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD.Tar422.
Ilmiy rahbar: Koshhanov Baxitbay Abdikerimovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qoraqalpoq davlat universiteti, PhD.03/30.12. 2019.Tar.20.05.
Rasmiy opponentlar: Shamambetov Berdambet Shamambetovich, tarix fanlari doktori, professor; Polvonov Ne’matjon To‘raevich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Xiva xonligi va Amudaryo bo‘limidagi 1916--yil xalq qo‘zg‘olonlarining sabab va oqibatlarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Asfandiyorxonning farmoni (haramiga bekliklardan qizlar to‘plash haqidagi) xonlik aholisi o‘rtasida g‘alayon boshlanib ketishiga turtki bo‘lib, aslida Birinchi jahon urushi jarayonida Xorazm vohasining shahar va qishloqlaridagi og‘ir vaziyatning yanada keskinlashuvi qo‘zg‘olonlarning boshlanishi va ommaviy tus olishiga sabab bo‘lganligi ochib berilgan;
Xo‘jayli bekligidagi qo‘zg‘olon xonlikka qarshi noroziliklarning eng kul`minatsion nuqtasi sifatida namoyon bo‘lib, unda hokim Avazjanxo‘ja xonning hududdagi noibi bo‘lsa-da, yuzaga kelgan vaziyat uni mavjud tuzumga qarshi chiqishiga hamda o‘z xalqining ozodlik kurashi yo‘lboshchisiga aylantirgani isbotlangan;
Amudaryo bo‘limining boshlig‘i polkovnik Kolosovskiy Rossiya Imperiyasining mardikorlikka safarbar etish siyosatini amalga oshirishda mahalliy shart-sharoitlar, xalqning urf-odat va qadriyatlarini hisobga olmasligi xonlikda siyosiy vaziyatning keskinlashuvi va Junaidxon boshchiligidagi yovmut turkmanlarining faollashuviga olib kelganligi yoritilgan;
1916 yil Amudaryo bo‘limidagi umumxalq harakati jamiyatning barcha toifa vakillarini qamrab olganligi, ozodlik kurashlari, umummilliy, umuminsoniy manfaatlar uchun, erk va adolatga erishish yo‘lida olib borilganligi asoslanib, xalq harakatlarining ko‘lami, uyushqoqlik, ommaviylik darajasi yuksalib borganligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Xiva xonligi va Amudaryo bo‘limidagi 1916-yil xalq qo‘zg‘olonlariga oid olingan ilmiy natijalar asosida:
Dissertant 2020 yilning 18-19 fevral` kunlari O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DUK tarkibidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanali “Mavzu” ko‘rsatuvida ishtirok etib, “1916 yilgi Xiva xonligi va Amudaryo bo‘limidagi xalq qo‘zg‘olonlari” mavzusi bo‘yicha ma’lumotlar berdi. Shuningdek, mazkur masalaning o‘rganilganlik darajasi, tadqiqotning maqsadi hamda vazifalari, ob’ekti, predmeti va undan kutilayotgan ilmiy yangiliklar, tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyati xususida gapirib o‘tdi (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali DUKning 2020 yil 19 may 40-648-son ma’lumotnomasi). Ushbu ko‘rsatuvda 1916 yilda Xiva xonligi va Amudaryo bo‘limidagi xalq qo‘zg‘olonlari bo‘yicha ma’lumotlar berilib, keng ommaga targ‘ib qilindi.
2019 yilning 11 aprel` kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi milliy teleradiokompaniyasining «Qaraqalpaqstan» telekanalining ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy mavzusidagi “Ulkemiz boylap” ko‘rsatuvida dissertant Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanida joylashgan “Utesh botir qo‘rg‘oni” va “Utesh botirning xalqni bosqinchilardan xhimoya qilishdagi botirliklari xaqida”, 10 may kuni ushbu ko‘rsatuvda Xujayli tumanidagi 1916 yilgi xalq qo‘zg‘oloni haqida chiqib so‘zladi. Muallifning Xiva xonligi va Amudaryo bo‘limidagi 1916-yil voqealariga oid olib borgan chiqishlari, o‘zining ilmiy-amaliy jihatdan yangiligi, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashda milliy o‘zlikni anglashda muhim ahamiyatga ega (Qoraqalpog‘iston Respublikasi teleradiokompaniyasining “Qaraqalpaqstan” telekanalining 2020 yil 18 may 01-07//02-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari, jumladan, Xiva xonligi va Amudaryo bo‘limidagi 1916-yil voqealariga oid ma’lumotlar kelgusida “O‘zbekiston tarixi” telekanali orqali namoyish etiladigan teleko‘rsatuvlarni tayyorlashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi fondini boyitishda, shuningdek, Qoraqalpoq davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ekspozisiyasining “O‘rta Osiyo (Turkiston)ning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi va mahalliy xalqning bunga qarshi kurashi” nomli 1-bo‘limini yaratishda dissertatsiya ilmiy natijalari va ma’lumotlaridan foydalanildi. Dissertatsiyaning “Xiva xonligida Avazjon Xo‘ja rahbarligidagi 1916 yil xalq qo‘zg‘olonlari sabablari, xususiyatlari, bosqichlari, tugatilishi” nomli II bobi va “Turkiston o‘lkasi Amudaryo bo‘limidagi 1916 yildagi xalq qo‘zg‘oloni bo‘lib o‘tgan, hududlari, bosqichlari, mag‘lubiyati” nomli III bobida qayd etilgan natijalar mazkur davrni faktik materiallar, manbalar va ma’lumotlar bilan to‘ldirishga ko‘mak berib, Xiva xonligi va Amudaryo bo‘limidagi 1916-yilgi ijtimoiy-siyosiy, harbiy jarayonlarda faol qatnashgan vatandoshlarimizning Chor Rossiyasiga qarshi olib borgan qurolli harakatlari ilmiy asosda yoritilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2020 yil 29 may 46-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotchi tomonidan taqdim etilgan arxiv hujjatlarining nusxalari, qo‘zg‘olon qatnashchilarining fotolari, turli xaritalar hamda og‘zaki tarix materiallari ekspozisiyaning yanada qiziqarli va ta’sirchan bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
2019 yil 10 iyun` kuni X.M.Otegenov Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyiga 1916 yil qo‘zg‘oloni to‘g‘risida ma’lumot beruvchi portret-bannerini topshirdi hamda bu bilan muzey eksponatlari sonini yana ko‘paytirdi. Bu portret-banner muzeyning shu davrga tegishli bo‘limlarini boyitishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi Qoraqalpog‘iston tarixi va madaniyati davlat muzeyining 2020 yil 19 may 78-son ma’lumotnomasi). Ushbu tadqiqot natijalari, ajdodlarimizning tarixi va madaniyati bo‘yicha bilimlarni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.