Artikov Zokir Sayfiddinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Savdo xizmatini takomillashtirish orqali aholi hayot darajasi va sifatini oshirish yo‘llari”, 08.00.05 – Xizmat ko‘rsatish tarmoqlari iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Iqt374.
Ilmiy rahbar: To‘ychiev Alisher Jo‘raevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, DSs.03/30.12.2019.I.18.01.
Rasmiy opponentlar: Ergashev Raxmatulla Xidirovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Arabov Nurali Uralovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi savdo xizmatini takomillashtirish orqali aholi hayot darajasi va sifatini oshirish yo‘llarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aholi hayot darajasining amaldagi ko‘rsatkichlari tarkibi savdo xizmati sohasiga bevosita hamda bilvosita ta’sir ko‘rsatuvchi tovarlar xaridi muddati, uy-joy ta’minoti, daromadlar tafovuti, iqtisodiy xavfsizlik va bandlik darajasini tavsiflovchi ko‘rsatkichlarni kiritish asosida kengaytirilgan;
savdo xizmatini rivojlantirish imkonini beruvchi savdo klasteri faoliyatini farovonlik, xavfsizlik, inson salomatligi, hayot sifati va darajasi, mahalla instituti hamda ayollar faolligini ta’minlash jihatidan oltita guruh ko‘rsatkichlar orqali baholash taklif etilgan;
savdo xizmati sifati va samaradorligi hamda aholi farovonligi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aniqlash usulini takomillashtirish asosida savdo xizmatlarining yalpi ichki mahsulot va aholi farovonligining oshishiga ta’siri aniqlangan;
O‘zbekistonda aholi farovonligini oshirish va savdo xizmatlarini rivojlantirishning 2019-2025 yillarga mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Savdo xizmatini takomillashtirish orqali aholi hayot darajasi va sifatini oshirish yo‘llarini takomillashtirish yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
aholi hayot darajasining amaldagi ko‘rsatkichlari tarkibiga savdo xizmati sohasiga bevosita hamda bilvosita ta’sir ko‘rsatuvchi tovarlar xaridi muddati, uy-joy ta’minoti, daromadlar tafovuti, iqtisodiy xavfsizlik va bandlik darajasini tavsiflovchi ko‘rsatkichlarni kiritish taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Demografiya, inson kapitali darajasi va sifatini oshirish departamenti faoliyatida tahliliy ko‘rsatkichlar tarkibini kengaytirishda foydalanilgan (Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2020 yil 5 fevraldagi 6-5/20-201-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida aholining farovonligi, hayot darajasi va sifatini baholashda qo‘llaniladigan ko‘rsatkichlar sonini 8 tadan 14 taga etkazish asosida ushbu jarayonni to‘liq baholash imkoni yaratilgan;
savdo xizmatini rivojlantirish imkonini beruvchi savdo klasteri faoliyatini farovonlik, xavfsizlik, inson salomatligi, hayot sifati va darajasi, mahalla instituti hamda ayollar faolligini ta’minlash jihatidan oltita guruh ko‘rsatkichlar orqali baholash taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Demografiya, inson kapitali darajasi va sifatini oshirish departamenti faoliyatida tahliliy ko‘rsatkichlar tarkibini kengaytirishda foydalanilgan (Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2020 yil 5 fevraldagi 6-5/20-201-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiya savdo klasterini tashkil qilish evaziga savdo xizmatlari samaradorligi va sifatini oshirishga qanday innovatsion omillar ta’sir qilganligiga baho berish imkoniyatini yaratgan;
savdo xizmatlarining yalpi ichki mahsulot va aholi farovonligining oshishiga ta’sirini aniqlash imkonini beruvchi savdo xizmati sifati va samaradorligi hamda aholi farovonligi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni aniqlash usulini qo‘llash bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi o‘rnini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4210-son Qarori loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan (Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2020 yil 5 fevraldagi 6-5/20-201-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar asosida xalqaro tasniflagichlar va mezonlarni qo‘llagan holda savdo xizmatlari sifati va tovar aylanmasi davriyligini, undagi tebranishlar va o‘zgaruvchanlikni kompleks baholash imkonini yaratgan;
aholi farovonligini oshirish va savdo xizmatlarini rivojlantirishning 2019-2025 yillarga mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlaridan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Demografiya, inson kapitali darajasi va sifatini oshirish departamentida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning o‘rta muddatli dasturini ishlab chiqishda foydalanilgan (Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2020 yil 5 fevraldagi 6-5/20-201-son ma’lumotnomasi). Ushbu prognoz ma’lumotlar asosida istiqbolda aholi farovonligini oshirish va unga mos ravishda savdo xizmatlarini tashkil etish zarurligi baholangan.