Djabborova Matluba Rustamovnaning fan doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek mumtoz adabiyotida Jamshid obrazining badiiy talqini», 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2. PhD/Fil28.
Ilmiy rahbar: Homidov Hamidjon, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Jumanazarov Umrzoq Abdurazzoqovich, filologiya fanlari doktori, professor; Ochilov Ergash Zokirovich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi. 
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘zbek mumtoz adabiyotida Jamshid obrazining badiiy va tarixiy asarlardagi talqinlarini yoritish, obrazning paydo bo‘lish omillari, tarixiy taraqqiyot yo‘li, mumtoz lirikadagi muayyan ma’noni anglatishdagi poetik vazifasini belgilash hamda xalq kitobi «Qissai Jamshid»dagi bosh qahramon qiyofasini qiyosiy-tarixiy tadqiq etish va qissaning o‘zbek nasri taraqqiyotidagi o‘rnini asoslab berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Tarixiy manbalardagi Jamshid mavzusini qiyosiy o‘rganish orqali mazkur obrazning genezisiga doir ma’lumotlar misollar asosida aniqlangan;
mumtoz she’riyatdagi hamda Alisher Navoiyning «Xamsa» dostonlarida Jamshid va jomi Jam timsolining badiiy tasviri va ifodasi asosida mazkur obrazning o‘zbek mumtoz adabiyotidagi o‘rni, badiiy-estetik vazifasi ochib berilgan;
Jamshid siymosining tarixiy-badiiy asarlardagi tahlili orqali obrazning shakllanib borishi, syujetlarning takomillashuvi hamda an’anaviy syujet zamirida mustaqil xalq qissasining yaratilishiga asos bo‘lgani dalillangan;
«Qissai Jamshid»ning og‘zaki va yozma variantlarida bosh qahramon haqidagi syujetning o‘zida ko‘hna unsurlarni saqlagani va tadrijiy takomili, poetik xususiyatlari hamda qissaning XIX asr o‘zbek nasri tarixida tutgan o‘rni aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Jamshid obrazining o‘zbek mumtoz adabiyotidagi badiiy talqinini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida: 
an’anaviy Jamshid obrazining paydo bo‘lishi, mumtoz lirika va Alisher Navoiy asarlaridagi Jamshid obrazining badiiy talqini kabi mavzularning mazmun-mohiyatini yoritishda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan FA – F1-GO39 «Alisher Navoiy (2 jildlik) va Abdulla Qodiriy qomuslarini yaratish» mavzusidagi (2012–2016) fundamental loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2020 yil 7 fevraldagi 3/1255-400-son ma’lumotnomasi). Natijada Alisher Navoiyning tarixiy asarlarida, «Xamsa» dostonlarida va g‘azallaridagi an’anaviy Jamshid obrazining badiiy talqini masalasi aniqlashtirilgan hamda Alisher Navoiyning an’anaviy obrazdan foydalanishdagi o‘ziga xosligi va mahorati masalalarini ilmiy baholash imkoniyati yaratilgan;
«Qissai Jamshid»ning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutining Fol`klor arxivida saqlanayotgan «Jamshid» dostonining xalq varianti bilan qiyosiy-tarixiy usulda o‘rganish hamda xalq kitobi «Qissai Jamshid»ning XIX asr o‘zbek nasri tarixida tutgan o‘rni aniqlash bilan bog‘liq tadqiqot natijalaridan O‘zR Fanlar akademiyasi davlat Adabiyot muzeyida bajarilgan F1-FA-055746 «Markaziy Osiyo xalqlari qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish. O‘zbekiston shoir va mualliflar arxivini ilmiy tavsifi va nashr qilish» mavzusidagi (2012–2016) fundamental loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2020 yil 7 fevraldagi 3/1255-400-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq kitobi «Qissai Jamshid»ning 118-raqamli toshbosma nusxasi joriy imloga tabdil qilinib, nashrga tayyorlangan hamda mazkur qissaning XIX asr o‘zbek nasri tarixida tutgan o‘rni aniqlangan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish