Muradov Farrux Abdukaxarovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Atmosferada zararli moddalarning ko‘chishi va diffuziyasi jarayonlarini bashoratlash uchun modellar, algoritmlar va dasturlar majmui», 05.01.07 –Matematik modellashtirish. Sonli usullar va dasturlar majmui (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/T453.
Ilmiy rahbarningF.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni: Ravshanov Normaxmad, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:Toshkent axborot texnologiyalari universiteti huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markaz.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12.2019.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Polatov Asxad Muxamedjanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor;Isomiddinov Anvar Inomjonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sanoat hududlarida ekologik vaziyatni tadqiq qilish, bashoratlash va boshqarish bo‘yicha qarorlar qabul qilish uchun matematik modellar, samarali hisoblash algoritmlari va dasturiy majmualarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
kichik o‘lchamli zarrachalarning cho‘kish tezligining o‘zgarishi va iqlimiy omillarni hisobga olgan holda aerozol chiqindilarning atmosferada ko‘chishi va diffuziyasi jarayonlarining matematik modeli ishlab chiqilgan;
iqlimiy omillarni hisobga olgan holda aerozol chiqindilarning atmosferada ko‘chishi va diffuziyasi jarayonlarining uch o‘lchovli matematik modeli takomillashtirilgan;
aerozol chiqindilarning atmosferada ko‘chishi va diffuziyasi masalalarini echish uchun vaqt va fazoviy o‘zgaruvchilarga nisbatan yuqori tartibli aniqlikka ega samarali sonli algoritm yaratilgan;
aerozol zarralarning atmosferada ko‘chishi va diffuziyasi masalasini echish uchun fizik xususiyatlarga mos qismlarga ajratish usuliga asoslangan hisoblash algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Sanoat hududlari atmosferasining ekologik holatini kuzatish va bashoratlashning matematik modellari, hisoblash algoritmlari va dasturiy-uskunaviy vositalari majmui asosida:
shamolning yo‘nalishi va tezligini hisobga olgan holda atmosferada zararli moddalarning tarqalish jarayoni bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilishni qo‘llab quvvatlash, kuzatish va bashoratlash, shuningdek, yangi sanoat ob’ektlarining optimal joylashtirilishi uchun matematik model` va dasturiy ta’minot Samarqand viloyati Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish boshqarmasida joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 23 dekabrdagi 33-8/9025-son ma’lumotnomasi). Joriy qilishdan samaradorlikka Samarqand viloyati muhitida zararli moddalar konsentratsiyasining oshganligi haqidagi o‘z vaqtidagi ogohlantirish aniqligining 13-14% ga oshirgan;
zararli aerozol chiqindilarning ko‘chishi va diffuziyasi jarayonini kichik o‘lchamli zarrachalarning cho‘kish tezligini hisobga olgan holda tahlil qilish, kuzatish va bashoratlashning matematik va dasturiy ta’minoti «Jomboy Yashil Chiroqlari» MChJ da joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 23 dekabrdagi 33-8/9025-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 22 noyabrdagi 02-02/8-1583-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari klinker tayyorlovchi uskuna faoliyatining berilgan rejimida sement zarralari va yonish mahsulotlarining atmosfera chegaraviy qatlamidagi konsentratsiyasini bashoratlash aniqligini 10-12% ga oshirish imkonini bergan;
kichik o‘lchamli zarralar cho‘kish tezligining o‘zgarishini hisobga olgan holda aerozol chiqindilarning atmosferada ko‘chishi va diffuziyasi jarayonlarining matematik va dasturiy ta’minoti «Jomboy Don Mahsulotlari» MChJda joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2019 yil 23 dekabrdagi 33-8/9025-son ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2019 yil 22 noyabrdagi 02-02/8-1583-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari atmosferaning chegaraviy qatlamida va er yuzasi sathida donli, unli va omuxta emli zarralarning konsentratsiyasini bashoratlash aniqligini 11-13% ga oshirish imkonini bergan.