Xamidova Ozoda Joxongirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Hujayralarning osmotik stressga chidamliligida transport jarayonlarining rolini tadqiq qilish», 03.00.02 – Biofizika va radiobiologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/B65.
Ilmiy rahbar: Sabirov Ravshan Zairovich, biologiya fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston milliy universiteti huzuridagi Biofizika va biokimyo instituti, DSc.03/30.12.2019.V.01.13.
Rasmiy opponentlar: Xushmatov Shunqor Sadullaevich, biologiya fanlari doktori; Kurganov Erkin Shuhratovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: hujayralarning osmotik stress va kolloid-osmotik lizisga chidamliligida transport jarayonlarining rolini pora hosil qiluvchi moddalar hamda blokatorlar yordamida aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
eritrotsit hujayralarida hajmga bog‘liq anion kanallari mavjudligi hamda bu kanallar osmotik va kolloid-osmotik lizisda himoyalovchi funksiyaga ega ekanligi aniqlangan;
plazmatik membranadagi nanoskopik ion o‘tkazuvchi poralar hosil qiluvchi nistatin va essin moddalari ta’sirida kechuvchi gemoliz mexanizmlari tubdan farq qilishi va faqatgina nistatin chaqirgan kolloid-osmotik lizisdagina hajmga bog‘liq anion transporti himoyalovchi funksiyaga egaligi aniqlangan;
osmoproteksiya yordamida nistatinning eritrotsit va timotsit hujayralarida radiusi 0,39-0,42 nm bo‘lgan nanoskopik poralar hosil qilishi, natijada qo‘sh Donnan muvozanati buzilib, hujayra hajmi oshishi va membrana butunligi yo‘qolishi isbotlangan; essin moddasi juda katta (~2,6 nm radiusli) poralar hosil qililishi va natijada eritrotsit lizisi va timotsitlarning ko‘p fazali hajm ossillyasiyalari sodir bo‘lishi aniqlangan;
o‘simliklardan ajratilgan polifenol moddalar timotsitlardagi hujayra hajm boshqarilish jarayonini samarali susaytirishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Hujayralarning lizis jarayonlari hamda hajm boshqarilishining biofizikaviy tavsifi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qon hujayralarining osmotik stressga chidamliligi, kanal hosil qiluvchi moddalar ta’siridagi lizis va limfotsit hajm boshqarilishining biofizikaviy tavsifi bo‘yicha olingan natijalardan FA-A11-T031 raqamli «Ekdisteron va uning polisintetik hosilalari asosida qandli diabetni davolash uchun yangi samarali vositasini yaratish» (2015-2017) amaliy loyihasida individual ekdisteron va uning polisintetik hosilalarining qon hujayralari osmotik stressga chidamliligiga hamda ularning hujayra hajmining boshqarilishiga ta’sir mexanizmlarini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 4 iyuldagi 4/1255-1853 - son ma’lumotnomasi). Natijada, ekdisteron va uning polisintetik hosilalarining qon hujayralari osmotik stressga chidamliligiga hamda ularning hujayra hajm boshqarilishiga ta’sir mexanizmlarini tavsiflash imkonini bergan;
qon hujayralari va timus limfotsitlarining osmotik stress va kanal hosil qiluvchi moddalar ta’siridagi lizisning biofizikaviy tavsifi, qon hujayralarining osmotik va kolloid-osmotik lizisga chidamliligida ion-transport tizimining roli bo‘yicha olingan natijalardan PZ-20171024153 raqamli «Biologik faol moddalarni skrining qilish uchun sichqon ingichka ichak raki hujayra kul`turasi asosida test tizimi yaratish» (2018-2019) amaliy loyihasida Cuscuta evropea o‘simligi urug‘i ekstraktining gipoosmotik stress sharoitida timotsitlar hajm boshqarilishini kamaytiruvchi ta’sirini aniqlashda hamda ularning hujayra hajm boshqarilishiga ta’siri mexanizmlarini va ushbu ekstraktning gemolitik emasligini oydinlashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 7 oktyabrdagi 4/1255-2659-son ma’lumotnomasi). Natijada, Cuscuta evropea o‘simligi urug‘i ekstraktining hujayra membranasiga ta’siri hamda hujayra hajmining boshqarilish jarayoniga ta’sir mexanizmini tavsiflash imkonini bergan.