Mamlakatimizda joriy yil 8 iyul` sanasi holatida koronavirus infeksiyasini yuqtirganlar soni 10 982 nafarni tashkil etmoqda.
Iyul` oyining birinchi haftasida bemorlar soni 2 167 nafarga ko‘paygan, shundan 1 267 ta (58 foiz) holat aholi orasida aniqlangan. Bu karantin davridagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Afsuski bemorlar orasida o‘lim soni ham ortib bormoqda, hozirgi kunda jami 45 kishi bevaqt o‘lim topganligi ham barchamizni jiddiy tashvishga solishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoev rahbarligida joriy yil 8 iyul` sanasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda ta’kidlanganidek, bu juda murakkab sinov va og‘ir kurashda ko‘p narsa o‘zimizga, aql bilan harakatimizga, sabr-toqatimizga, temir intizom bilan qat’iyat va jipslikda ish ko‘rishimizga bog‘liq. Lekin, ming afsuski, aholi o‘rtasida ko‘pchilik mana shu talablarga to‘la amal qilmayapti.
Ayniqsa, tibbiy niqob taqmaslik yoki uni nomiga taqish, sanitariya-gigiena qoidalarini buzish, o‘zaro qo‘l berib ko‘rishish, ijtimoiy masofani saqlamaslik, zaruratsiz oilaviy tadbirlarni o‘tkazish holatlari ko‘paymoqda.
Yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olib, Respublika maxsus komissiyasiga koronavirus pandemiyasini jilovlash bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish yuzasidan zarur topshiriqlar berildi.
Yuqoridagilarni inobatga olib Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 2020 yil 10 iyuldan e’tiboran respublika miqyosida avtotransport vositalarining harakatini cheklash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etilmoqda:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga avtotransport vositalarining kirishi va chiqishi (viloyatlararo qatnov) to‘xtatiladi (Toshkent shahridan Toshkent viloyatiga hamda Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga kirib-chiqish bundan mustasno);
jamoat transporti harakati to‘xtatiladi;
avtotransport vositalarida maxsus ruxsatnomasiz (stikersiz) harakatlanishga faqatgina kunning muayyan vaqtida (07.00 dan – 10.00 gacha, 17.00 dan – 20.00 gacha) tegishli hudud doirasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi.
Bunda avtotransport vositalarining harakatlanishi davomida santariya-gigiena qoidalariga qat’iy rioya etish talab etiladi;
viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari atrofidagi yo‘l patrul xizmati maskanlari, blokpostlar va to‘siq postlar faoliyati ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va Mudofaa vazirligi kuchlarini hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi vakillarini jalb qilgan holda kuchaytiriladi.
Karantin davrida fuqarolarning mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanishiga faqatgina tibbiy niqobdan foydalangan holda hayotiy zarur ehtiyojlari – dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish, shifokor ko‘rigiga murojaat etish, shuningdek, ish joyiga borish va kelish uchun ruxsat etiladi.
Avtotransport vositalari harakatlanishi uchun Adliya vazirligi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ilgari berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo‘llaniladi.
Shu bilan birga ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan holda harakatlanayotgan avtotransport vositalarining huquqbuzarlik davom ettirilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida karantin talablarni buzgan shaxslarga ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilishi hamda avtotransport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilishi nazarda tutildi.
Viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan cheklovlar dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan etishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini (meva-sabzavot, poliz, ko‘kat mahsulotlari va b.q.) joylarga etkazish va sotish maqsadida viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga tatbiq etilmaydi.
Bunda dehqon va fermer xo‘jaliklarining avtotransport vositalari bozorlar, yarmarkalar va savdo nuqtalariga kiritishdan oldin dezinfeksiya qilinadi.
Qolaversa, yo‘nalishsiz taksilarga yo‘lovchi tashishga quyidagi maxsus talablar asosida ruxsat beriladi:
yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo‘lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus plyonka bilan to‘silgan bo‘lishi kerak;
haydovchi va yo‘lovchi tibbiy niqobda bo‘lishi (tibbiy niqobsiz yo‘lovchini tashish taqiqlanadi) lozim;
faqatgina ikki nafar yo‘lovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa o‘rindig‘iga o‘tkazilishi kerak;
faqatgina avtotransport vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hudud doirasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) harakatlanishi shart.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi O‘zbekiston musulmonlari idorasi va boshqa diniy konfessiyalarning takliflarini inobatga olgan holda respublikadagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib 2020 yil 10 iyuldan 2020 yil 1 avgustga qadar diniy tashkilotlar faoliyati to‘xtatilmoqda.
Karantin talablariga zid ravishda ko‘chalarda va maydonlarda uch kishidan ortiq bo‘lib yurish, shuningdek, niqobsiz yurish holatlari belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Manba: https://t.me/koronavirusinfouz