Maxsudov Davronbek Rutamovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Movarounnahr hanafiy mazhabi tafsirlarining qiyosiy tahlili (XIII-XV asrlar)”, 24.00.01 –  Islom tarixi va manbashunosligi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2020.2.DSc/Tar85.  
Ilmiy maslahatchi: Islomov Zohidjon Mahmudovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc 35/30.12.2019. Isl/Tar.57.01. 
Rasmiy opponentlar: Yusupova Dilorom Yunusovna, akademik, tarix fanlari doktori, professor; Munavvarov Zoxillo Inomxodjaevich, siyosiy fandar doktori, professor; Nuritdinov Mahmudxo‘ja Nizomovich, falsafa fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: XIII-XV asrlarda movarounnahrlik mufassirlar hayoti va ilmiy merosini o‘rganish, ularning tafsirlarini qiyosiy tahlil qilish orqali musulmon dunyosi tafsir ilmi rivojida tutgan o‘rnini belgilash hamda tafsirlarning hanafiy mazhabi rivojiga qo‘shgan hissasini isbotlab berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 
Movarounnahrda tafsir ilmi maktabi o‘zining kuchli “ustoz-shogird” tizimiga ega bo‘lganligi sababli XIII-XIV asrlar mo‘g‘ullar bosqini natijasida “ilmiy tanazzul” va turg‘unlik davriga to‘g‘ri kelishiga qaramay, tafsir yozish an’anasi davom etgani va natijada qariyb 30 nafar mufassir olimlar faoliyat yuritgani hamda bir qator tafsir yozilganligi aniqlanib, ushbu olimlar o‘sha davr musulmon olamidagi 70 dan ortiq o‘rganilgan mufassirlarga solishtarganda mintaqada tafsir ilmi rivoji yuqori bo‘lganligi isbotlab berilgan;
tafsir ilmining tadrijiy rivojlanishida XIII-XV asrlar alohida o‘ringa egaligi, ushbu davr ma’lum ma’noda to‘liq hajmli tafsirlardan to‘liq bo‘lmagan hamda hoshiya uslubidagi tafsirlarga o‘tilgani, shu tarzda to XX asrgacha mana shu holat saqlanib qolgani, bunga o‘z navbatida mo‘g‘ullar bosqini va hukmronligi bilan bog‘liq keskinlik oqibatida yagona ilmiy til sanalgan arab tilining o‘z mavqeini yo‘qota boshlagani ham sabab ekanligi isbotlangan;
Amir Temur va temuriylarning ilm-fanga homiyligi natijasida tafsir sohasida yangi qirralar ochilib, endilikda, Xo‘ja Porso va Ya’qub Charxiy kabi mufassirlar tomonidan o‘sha davr aholisi ehtiyojiga mos bo‘lgan to‘liq hajmli bo‘lmagan va fors tilidagi tafsirlar yaratilgani, Ali Qushchi, Sa’duddin Taftazoniy singari mufassirlarning asosan oldingi mashhur tafsirlarga hoshiya turkumidagi izohlar yozganligi, naqliy tafsirlar kamayib, uning o‘rnida aqliy tafsirlar, xususan XIII asrdan boshlab, tasavvufiy tafsirlar ham ko‘paygani asoslab berilgan;
XIII-XV asrlardagi tafsirlarni o‘rganish natijasida Hamiduddin az-Zarir al-Buxoriy, Shamsuddin Muhammad as-Samarqandiy, Buxoriy-zoda Muhammad ibn Abdullatif kabi hali ilmiy jamoatchilikka yaxshi ma’lum bo‘lmagan allomalar yoki Najmiddin Kubro, Ubaydulloh sodrush sharia, Sa’duddin at-Taftazoniy, Ali al-Qushchi, Hofiz Ko‘hakiy singari mufassir sifatida tanilmagan mutasavvif, faqih, mutakallim, falakiyotchi olimlar o‘z davrining Qur’on sharhlovchilari ekanligi aniqlangan;
mintaqada kuchli ta’sirga ega bo‘lgan hanafiy mazhabi va moturidiylik ta’limoti tafsirlarda ham aniq aks etgani, aynan hanafiy mazhabi mufassirlari Qur’oni karimni mo‘’tadillik asosida sharhlab, mutaassiblik va oyatlarni noto‘g‘ri talqin qilinishining oldini olganlari, shu jihatdan ushbu tafsirlar bugungi globallashgan va turli g‘oyaviy tahdidlar avj olib borayotgan kunimizga ham mos kelishi asoslangan;
bugungi dunyoda tafsirshunoslik ancha rivojlanib, islom olamida yuzlab ilmiy nashrlar yaratilishiga qaramay, tafsirlarni qiyoslash, mufassirlarni yaxlit o‘rganish va ularning uslublarini ochib berish borasidagi tadqiqotlar etarlicha emasligi ko‘rsatib berildi hamda tafsirlar bo‘yicha yurtimizda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan bir qator tadqiqotlar taklif etildi, shuningdek tafsirlarni qiyosiy o‘rganish fanini tafsir ilmining tarmog‘i sifatida belgilash va uni rivojlantirish taklifi berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Movarounnahr hanafiy mazhabi tafsirlarining qiyosiy tahlili bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazining mohiyati, maqsadi va vazifalarini ishlab chiqishda “Islom ta’limoti” ishchi guruhida faoliyat olib borib, Movarounnahrda yashab, ijod etgan qariyb 30 nafar mufassirlar, ularning ilmiy merosi, ular bilan bog‘liq ma’lumotlar, ayniqsa, o‘rta asrlarda tafsir ilmi rivoji va mufassirlar faoliyatiga doir ma’lumotlarni shakllantirish, Markaz pavil`onlarida islom ilmlari qatorida, Qur’on qo‘lyozmalari va tafsirlariga oid materiallarni tayyorlashda tadqiqot ma’lumotlaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2019 yil 30 oktyabrdagi 415/19-son ma’lumotnomasi). Natijada Markaz pavil`onida islom ilmlari qatorida tafsir ilmi bo‘limi ajratilib, bunga mos ravishda mufassirlar hamda tafsirlar, shuningdek dissertatsiya yangiligi sifatida taqdim etilan qariyb 30 nafar mufassir haqidagi yangi ma’lumotlar shakllantirilgan;
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Tafsir ilmiga kirish”, “Ahkomul Qur’on”, “Qur’on tafsirlarini qiyosiy o‘rganish” fanlari bo‘yicha o‘quv-me’yoriy materiallarni tayyorlash hamda Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi va Hadis ilmi maktabi o‘quv jarayonlarida dissertatsiya ma’lumotlaridan foydalanilgan. Tafsir va mufassirlar faoliyatiga doir bir nechta dissertatsiya va bitiruv malakaviy ishlariga rahbarlik qilingan va taqrizlar berilgan. (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2019 yil 31 oktyabrdagi 6056-son ma’lumotnomasi). Natijada “Tafsir ilmiga kirish” nomli o‘quv qo‘llanma va 40 dan ziyod tafsir bilan bog‘liq videodarslarda tafsir ilmining XIII-XV asrlardagi o‘ziga xosliklari ko‘rsatib berilgan hamda talabalarda tafsir bo‘yicha atroflicha bilimlar shakllantirilgan;
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyati, Markazning ochilishi bilan bog‘liq tashkiliy, ilmiy ishlar, adabiyotlarda, ayniqsa, “O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti” nomli asarning mufassirlarga doir qismini yoritishda, Markaz faoliyatini hamda Imom Termiziy, termizlik allomalar ilmiy merosini keng targ‘ib qilish jarayonida amaliyotga joriy etilgan (Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2019 yil 6 noyabrdagi 79-son ma’lumotnomasi). Natijada Markaz ma’lumotlari tasavvufiy, fors, to‘liq hajmli bo‘lmagan yangi adabiyotlar hamda aholining turli qatlamlari ajdodlar merosi bo‘yicha bilim va tasavvurlar bilan boyitilgan;
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan 2018-2019 yillar mobaynida o‘tkazilgan targ‘ibot faoliyatida dissertatsiyada foydalanilgan oyatlar misolida bag‘rikenglik, o‘zaro totuvlik, hanafiylik mazhabining mo‘’tadilligiga doir ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalardan foydalanilgan. Ushbu yangiliklar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasining 2018 yil 9 yanvar` kunidagi 08-60-sonli xati va tasdiqlangan dastur asosida Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan targ‘ibot ishlarida hamda O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi yuzasidan respublikada o‘tkazilgan tashviqot ishlarida joriy etilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2020 yil 8 yanvardagi 03/07-27-son ma’lmuotnomasi). Natijada 100 dan ziyod ma’navit-ma’rifat sohasi mutasaddilari, 300 atrofidagi mahalla faollari va ma’naviyat ustozlariga tizimli ravishda tushuntirishlar berilishi natijasida Qur’onni to‘g‘ri anglangan;
2017-2019 yillar mobaynida “Oʻzbekiston” telekanalining “Munosabat”, “Sharh+” va “Ziyo” media markazi, “Yoshlar” telekanalining muqaddas qadamjolar, buyuk ajdodlar bilan bog‘liq ko‘rsatuvlarida, “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Buyuk yurt allomalari”, “Biz kimlarning avlodimiz?” dasturlarida hamda “Dunyo bo’ylab” telekanalining “Tafsilot”, “Jajji sayohatchilar”, “Hafta turizmi” kabi o‘ttizdan ortiq teleko‘rsatuvlarni tayyorlash, ssenariylar ishlab chiqishda dissertatsiyada berilgan yangiliklar, jumladan, Qur’onning hanafiy mazhabi asosida sharhlash muhimligiga oid takliflar joriy etilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining 2019  yil 28 oktyabrdagi 01-35-2241-son; 2019 yil 25 oktyabrdagi 14-01-375-son; 01-16/438-son; 08-14-444-son ma’lmuotnomalari). Natijada yurtimizning mufassirlari, ularning islom olamida tutgan o‘rni, bugungi global dunyoda ajdodlar ilmiy merosini chuqur o‘rganishning ahamiyati va bugungi kunga mosligi haqida turkum ko‘rsatuvlar efirga uzatilgan;
2013-2015 yillar mobaynida dissertant Imom Buxoriy xalqaro markazida imom-xatiblar uchun tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida, “Imom Buxoriy saboqlari” ilmiy-ma’rifiy jurnalida XIII-XV asrlardagi tafsirlarni o‘rganish natijasida Hamiduddin az-Zarir al-Buxoriy, Shamsuddin Muhammad as-Samarqandiy, kabi hali ilmiy jamoatchilikka yaxshi ma’lum bo‘lmagan allomalar yoki Najmiddin Kubro, Sa’duddin at-Taftazoniy, Ali al-Qushchi, Hofiz Ko‘hakiy singari mufassir sifatida tanilmagan mutasavvif, faqih, mutakallim, falakiyotchi olimlar o‘z davrining Qur’on sharhlovchilari ekanligi o‘quvchilarga singdirilgan. Shuningdek Markazning ilmiy faoliyati, ilmiy tadqiqotlar, konferensiyalar va boshqa ko‘plab jarayonlarda foydalanilgan (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazining 2020 yil 15 yanvardagi  02/10-son  ma’lmuotnomasi). Natijada 200 dan ziyod imomlar hamda “Imom Buxoriy saboqlari” jurnali o‘quvchilari xali nomlari noma’lum bo‘lgan mufassirlar hayoti va ijodi bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lganlar;
Dissertatsiyada tafsirlarni qiyosiy o‘rganish fanini tafsir ilmining tarmog‘i sifatida belgilash va uni rivojlantirish taklifi berilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2020 yil 9 iyundagi 1301-son ma’lmuotnomasi) Natijada dissertatsiyada ko‘rsatib berilgan tadqiqotlar bo‘yicha hozirda bitiruv malakaviy ishlari, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini ishlash boshlangan;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 2 noyabrdagi 1023-sonli buyrug‘iga asosan o‘quv adabiyotining nashr ruxsatnomasi asosida “Islom manbashunosligi” darsligi nashr etilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1023-son buyrug‘i, 1023-003 raqamli guvohnoma). Natijada “Islom manbashunosligi” nomli darslik o‘quv jarayoniga kiritilgan hamda talabalar tafsir manbalari bo‘yicha yangi ma’lumotlarni o‘zlashtirganlar.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish