Asadov Maqsud Husenovichning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «O‘zbek mumtoz adabiyotida soqiynoma (genezisi, taraqqiyot bosqichlari, poetik xususiyatlari)», 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari)
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Fil123
Ilmiy maslahatchining familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Haqqulov Ibrohim Chorievich, filologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilganmuassasanomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.02/30.12.2019. Fil.46.01 
Rasmiy opponentlar: To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor;Abduqodirov Abdusalom, filologiya fanlari doktori, professor; Karimov Bahodir, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek mumtoz adabiyotining o‘ziga xos she’riy janrlaridan biri bo‘lgan soqiynomaning genezisi, janriy tabiati va spesifik xususiyatlarini oydinlashtirish, soqiynomachilik an’anasining shakllanish tamoyillari, poetik evolyusiyasi va tarixiy-tadrijiy takomili jarayonlarini aniqlash asnosida soqiynomalarning g‘oyaviy-badiiy olami va Sharq mumtoz adabiyotida tutgan mavqeini belgilashdan iboratdir. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
o‘zbek mumtoz adabiyotidagi soqiynomachilik an’anasiga doir materiallar soqiynoma janrining genezisi, poetikasi, taraqqiyot tamoyillari, obrazlar tizimi va g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini yoritishning asosiy manbai ekanligi dalillangan;
Sharq xalqlarining may mavzuiga aloqador diniy-mifologik qarashlari, e’tiqodiy inonchlari hamda marosimiy qadriyatlarining mumtoz badiiy adabiyotdagi poetik interpretatsiyasi soqiynoma janrining yuzaga kelishiga asos bo‘lganligi isbotlangan;
Sharq mumtoz adabiyotida, jumladan, o‘zbek mumtoz she’riyatida Navoiygacha yaratilgan soqiynoma xarakteridagi alohida misra, bayt va she’rlar, shuningdek, Navoiy lirikasidagi rindona mavzu ifodalagan g‘azallar va “Xamsa” dostonlaridagi soqiynoma xarakteridagi baytlar tahlili natijasida o‘zbek mumtoz adabiyotida soqiynoma janrining yuzaga kelishi uchun muayyan asos mavjud bo‘lganligi aniqlangan; 
Alisher Navoiy soqiynomasining o‘zbek mumtoz adabiyotida tutgan beqiyos o‘rni, obraz va timsollar olami, tarixiy-madaniy va badiiy xususiyatlarini tadqiq etish asnosida Sharq xalqlari mumtoz adabiyotidagi soqiynomachilik an’anasi o‘zbek adabiyoti bilan bevosita bog‘liq holda rivojlanganligi oydinlashtirilgan;
XVI–XIX asrlar o‘zbek mumtoz she’riyatida yaratilgan soqiynomalarning janr xususiyatlari, mushtarak va farqli jihatlari, g‘oyaviy-badiiy o‘ziga xosliklarini tahlil qilish asnosida XV asrdan keyingi davr turkiy adabiyotda yaratilgan soqiynomalarning mavzu-ma’no ko‘lami, kompozision qurilishi, obraz va tasvirdagi poetik transformatsiya jarayonlari Alisher Navoiy soqiynomasining ta’siri bilan bog‘liqligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek mumtoz adabiyotida soqiynoma janrining genezisi, taraqqiyot bosqichlari, poetik xususiyatlarini ochib berish jarayonidama’naviy-ma’rifiy tizimni takomillashtirish bo‘yicha belgilangan tadbirlar asosida:
soqiynomaning tarixiy takomili, taraqqiyot tamoyillari, g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini asoslashda FA-F8-032 raqamli 15 jildlik «O‘zbek fol`klori va adabiyoti tarixi» (2007 – 2011) fundamental loyihasida  foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2016 yil 17 noyabrdagi FTK-0313/814-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek mumtoz adabiyotida yaratilgan soqiynomalarning poetik xususiyatlari, Alisher Navoiy soqiynomasi va XV asrdan keyin o‘zbek she’riyatida ijod qilingan mazkur janr namunalariga uning ta’siri masalalari ilmiy dalillar asosida o‘z isbotini topgan;
soqiynomaning taraqqiyot bosqichlari va janr poetikasini yaxlit bir tizim sifatida o‘rganish, uni adabiy-tarixiy jarayon bilan bog‘liq holda ilmiy tahlil qilish, lirik janrlarning o‘zaro mushtarak va farqli jihatlarini ochib berishda FA-F8-035 raqamli «O‘zbek adabiyotida turlar va janrlar» (2007 – 2011) fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2020 yil 10 martdagi 3/1255-702 raqamli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning amaliyotga tatbiq etilishi soqiynoma janrining Sharq she’riyatida tutgan mavqei, uning o‘zbek mumtoz adabiyotida faollashuv miqyosi va darajasining ijtimoiy-estetik sabablarini aniq baholash imkonini bergan;
Navoiy lirikasida qo‘llangan soqiynoma janriga oid obraz va tushunchalarning mazmun-mohiyatini ochib berishda FA-F8-034 raqamli “O‘zbek tili leksikasi va terminologiyasining rivojlanish tamoyillari” (2007 – 2011) fundamental loyihasining “Navoiy asarlari lug‘ati” yo‘nalishida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2020 yil 10 martdagi 3/1255-702 raqamli ma’lumotnomasi). Ushbu ilmiy natijalar soqiy, may, sharob, mayxona, rind, pir, jom, qadah, dayr, xarobot, mutrib, mug‘anniy, mastona kabi 20 ga yaqin so‘z va tushunchalarining ma’nolarini berish, bazm, bazmgoh, durdoshom, jur’a, jur’ano‘sh, murod, murid, noma, xotir, qatrano‘sh, qo‘buz, ayog‘ kabi 10 dan ortiq istilohlarning she’riy matn tarkibidagi izohini aniq va mufassal ko‘rsatish, buyuk mutafakkirning salaflari, zamondoshlari haqidagi ma’lumotlarni to‘ldirish va yanada aniqlashtirish uchun asos bo‘lgan; 
soqiynomaning tarixiy-adabiy asoslari, xususan xalq og‘zaki ijodi bilan bog‘liq jihatlarini ko‘rsatishda F1-FA-2012-1-8 raqamli“O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini nashrga tayyorlash va uni tekstologik o‘rganish muammolari” (2012 – 2016) fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2020 yil 10 martdagi 3/1255-702 raqamli ma’lumotnomasi). Ilmiy ishlarning amaliyotga joriy etilishi “sharobi antahur” poetik obrazining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini yoritish, “safar kosa” odati, soqiylik an’analari, bo‘zaxo‘rlik marosimi va uning “Kuntug‘mish” dostoni badiiyatidagi o‘rnini ochib berish, “yas-yusun” marosimida kuylangan soqiy va mayni ulug‘lovchi xalq qo‘shiqlarini keng sharhlash imkonini bergan. 
Tadqiqot materiallari va xulosalaridan Turkiya Jumhuriyati Karabuk universiteti Adabiyot fakul`teti Turk tili va adabiyoti bo‘limining “Diniy-tasavvufiy xalq adabiyoti matn tahlillari” (TED707), “Tasavvuf adabiyoti” (TED227) darslarida foydalanilgan (Karabuk universiteti Adabiyot fakul`teti o‘qituvchisi M.Kundakchining 2020 yil 10 fevraldagi ma’lumotnomasi). Natijada Markaziy Osiyo xalqlari adabiyotida soqiynoma janrining genezisi, taraqqiyot bosqichlari va o‘zbek adabiyotida tutgan mavqeini belgilash, Navoiy, Fuzuliy, Tabibiy, Avaz O‘tar, Miriy, Majzub, Nodim kabi o‘nlab shoirlarning soqiynomalari, ularning o‘zaro o‘xshash va farqli jihatlarini mushohada qilish, soqiynoma janri imkoniyatlarni to‘g‘ri va aniq baholashga erishilgan.
Tadqiqot natijalaridan Ozarbayjon Bilimlar akademiyasi Nizomiy nomidagi Adabiyot institutining “Ozarbayjon-Turkmaniston-O‘zbekiston adabiy aloqalari” bo‘limida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlarda foydalanilgan. Dissertatsiyaning Navoiy soqiynomasida tasvirlangan urf-odatlarni nazariy-estetik jihatdan tahlil qilish bilan bog‘liq xulosalaridan Almaz Ulviyning “Alisher Navoiyning ilmiy-filologik va nasriy asarlari” (Baku, 2019) monografiyasida, shuningdek  Sayid Hasan Ardasher haqida keltirilgan ilmiy qarashlardan “Alisher Navoiy va Sayid Hasan Ardasher” (Baku, 2019) nomli tadqiqot ishida foydalanilgan (“Ozarbayjon-Turkmaniston-O‘zbekiston adabiy aloqalari” bo‘limi mudiri, filol.f.d., professor A.Ulviyning 2020 yil 6 martdagi ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy qilinishi ilmiy izlanishlarni yangi qarashlar bilan boyitib, tadqiqotlarning mukammallashuviga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish