Shayzakova Dilbar Abdikayumovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Shaxsga yo‘naltirilgan texnologiyalar va zamonaviy usullar asosida kimyo fanini o‘qitish mazmunini takomillashtirish (Umumiy o‘rta ta’lim maktablari misolida)”, 13.00.02 – Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (kimyo) (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Ped730.
Ilmiy rahbar: Nasimov Abdullo Murodovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti huzuridagi PhD.03/30.12.2019.K.02.05 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik kengash.
Rasmiy opponentlar: Hojiqul Tovboevich Omonov, pedagogika fanlari doktori, professor; Erkaboy Uskinovich Eshchanov, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax davlat pedogogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: umumiy o‘rta ta’lim maktablarida kimyo fanini o‘qitish mazmunini takomillashtirishda shaxsga yo‘naltirilgan texnologiyalar va zamonaviy usullarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
kimyo fanini o‘qitish mazmunini takomillashtirishning zamonaviy tendensiyalari asosida shaxsga yo‘naltirilgan omillarni (shaxsga yo‘naltirilgan yondashuv, shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim, shaxsga yo‘naltirilgan o‘qitish va shaxsga yo‘naltirilgan texnologiya) o‘quv amaliyotiga joriy etish yo‘llari ishlab chiqilgan;
kimyo fanini o‘qitish jarayonida shaxsga yo‘naltirilgan texnologiya (shaxsiy insonparvarlik, loyihalash, muammoli o‘qitish, evristik)lar va zamonaviy usullar (erkin fikrlash, tanqidiy tafakkur, ijodiy izlanish, muloqot, dialog)ni qo‘llashning nazariy-amaliy asoslari, hozirgi holati tahlillari asosida, ulardan foydalanishning tashkiliy-pedagogik shart-sharoitlari, mazmuni va metodlari, o‘ziga xos xususiyatlari (o‘quvchining individualligini oshirish, shaxs sifatida rivojlanishi, o‘quv-bilish kompetensiyalarini shakllantirishga yo‘naltirilganligi) aniqlanib, takomillashtirilgan;
shaxsga yo‘naltirilgan texnologiyalar va zamonaviy usullar asosida kimyo fanini o‘qitishda o‘quvchilar o‘quv-bilish kompetensiyalarini shakllantirishga motivatsiya beruvchi shaxsga yo‘naltirilgan darslarni loyihalash bo‘yicha ishlanmalar, umumo‘quv ko‘nikma va malakalar (o‘quv-tashkiliy, o‘quv-axborot, o‘quv-intellektual)ni oshirishga imkon beruvchi didaktik muammoli topshiriqlar tizimi ishlab chiqilgan;
o‘quvchilarning o‘quv-bilish kompetensiyalarini shakllantirish maqsadida “shaxs faoliyatiga yo‘naltirilgan (faoliyat maqsadi, mazmuni va uni o‘zlashtirish usullari, faoliyat xususiyatlari va funksiyalari, shaxs tajribasi va sifatlari, egallanadigan kompetentsiya komponentlari hamda faoliyat natijalari o‘z aksini topgan) model” ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Shaxsga yo‘naltirilgan texnologiyalar va zamonaviy usullar asosida kimyo fanini o‘qitish mazmunini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
kimyo fanini o‘qitish jarayonida, o‘quvchilarning o‘quv-bilish kompetensiyalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan shaxsni shakllantiruvchi omil (shaxsga yo‘naltirilgan yondashuv, shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim, shaxsga yo‘naltirilgan o‘qitish va shaxsga yo‘naltirilgan texnologiya) lari o‘quv jarayonida qo‘llanilgan (Xalq ta’lim vazirligining 2019 yil 16 martdagi 06-06/1-571 son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quvchilarda talab etilgan kompetentlik shakllanib, o‘quv faoliyati sifati va samaradorligini oshishiga xizmat qilgan;
o‘quvchilarning o‘quv-bilish kompetensiyalarini shakllantirishga yo‘naltirilgan taklif va tavsiyalar asosida “Kimyo fanini o‘qitish mazmunini takomillashtirishda shaxsga yo‘naltirilgan texnologiyalar va zamonaviy usullar” nomli o‘quv qo‘llanma nashr qilingan va o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan (Xalq ta’lim vazirligining 2019 yil 16 martdagi 06-06/1-571 son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu o‘quv qo‘llanma asosida, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining kimyo fani o‘qituvchilari shaxsni shakllantirishga yo‘naltirilgan omillarni mukammal o‘rganib, ulardan o‘quv mashg‘ulotlarida foydalanish, darslarni tashkil etish va o‘quv faoliyatini takomillashtirishga xizmat qilgan;
kimyo fanini o‘qitish mazmunini takomillashtirishda shaxsga yo‘naltirilgan texnologiyalar va zamonaviy usullardan foydalanishga oid tavsiyalardan o‘quv dasturlarini takomillashtirishda foydalanilgan (Xalq ta’lim vazirligining 2019 yil 12 martdagi 06-06/1-558-son ma’lumotnomasi). Natijada umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quv reja va o‘quv dasturlarini takomillashtirishga xizmat qilgan.