Yunusova Gul`shoda Dilshadovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Zamonaviy koreys tilida ko‘makchi fe’llarning semantik-funksional xususiyatlari”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Fil904.
Ilmiy rahbar: Kim Natal`ya Dek-xenovna, filologiya fanlari doktori, dotsent
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.
Rasmiy opponentlar: Siddikova Iroda Abduzuxurovna, filologiya fanlari doktori, professor; Kim P`engil` (Koreya Respublikasi), filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Zamonaviy koreys tilidagi ko‘makchi fe’llarni tadqiq etish, ularning semantik-funksional xususiyatlarini belgilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
koreys tilshunosligida ko‘makchi fe’lga nisbatan qo‘llanilayotgan 11 ta termindan 보조용언 [bojo yong-eon]ning aynan mosligi asoslangan;
ko‘makchi fe’llarni belgilashning 5 ta mezoni (구별 기준 [gubyeol gijun]) ishlab chiqilgan va uning asosida ko‘makchi fe’llarning 9 ta semantik guruhi aniqlangan;
harakat jarayoni va holatni ko‘rsatuvchi ko‘makchi fe’llarning 보조용언 하위 구분 [bojo yong-eon hawi gubun] tasnifi bo‘yicha yetakchi fe’l bilan munosabati, ravishlar bilan qo‘llanilishi, gapda va og‘zaki nutqdagi vazifalari kabi semantik-funksional belgilari isbotlangan;
ko‘makchi fe’llarning matniy ma’nolari asosida 발신인-수신인 [balsinin-susinin] «so‘zlovchi-tinglovchi» hamda 발신인-발신인 [balsinin-balsinin] «so‘zlovchi-so‘zlovchi» modellarida fe’lning hurmat shakli, o‘zlashtirma gap, shaxs-con kategoriyasi ifodalanishida shaxs o‘rnining muhimligi dalillangan;
tadqiq qilingan 13 ta ko‘makchi fe’ldan xohish-istak ma’nosini ifodalovchi 싶다 [sipta] fe’lining «sof ko‘makchi fe’l»lik xususiyati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Zamonaviy koreys tilida ko‘makchi fe’llarning semantik-funksional xususiyatlarining tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
koreys tilidagi harakat jarayonini ifodalovchi ko‘makchi fe’llar hamda “so‘zlovchi-tinglovchi” modelidagi 보다 [poda] va 주다 [chuda] ko‘makchi fe’llarining ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbekiston koreys madaniy markazlari uyushmasida ilmiy ishlar bo‘yicha o‘tkazilgan tadbirlarda hamda o‘quv-ilmiy qo‘llanmalar yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston koreys madaniy markazlari uyushmasining 2020 yil 22 fevraldagi 22/1-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar koreys tilidagi ko‘makchi fe’llarning o‘rnini belgilashda hamda o‘quv-ilmiy qo‘llanmalarni tuzishda xizmat qilgan;
koreys tilshunosligida ko‘makchi fe’llarning tadqiqi bilan bog‘liq tahlil natijalari va materiallaridan “Kazakh Ablai Khan University of International Relations and World languages”ning ilmiy-amaliy tadbirlarida foydalanilgan (“Kazakh Ablai Khan University of International Relations and World languages”ning 2020 yil 20 fevraldagi 20-26-son ma’lumotnomasi). Olingan nazariy va amaliy natijalar koreys tilidagi ko‘makchi fe’llarning morfologik xususiyatlarini chuqur o‘rganishga xizmat qilgan;
koreys tilida harakatga nisbatan munosabatni ifodalovchi ko‘makchi fe’llarning semantik-funksional xususiyatlari bo‘yicha tahliliy fikrlaridan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Ta’lim va tarraqiyot”, “Adabiy jarayon” radioeshittirishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2020 yil 27 yanvardagi 04-24-185-son ma’lumotnomasi). Natijada koreys tilida harakat boshqa inson uchun amalga oshirilishida ko‘makchi fe’llarning o‘rni hamda suhbatdoshga nisbatan muomalada ko‘makchi fe’l hurmat shakllarining qo‘llanilishi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatuvlarning xalqchilligini oshirishga xizmat qilgan.