Sulaymonova Hulkar Mo‘minjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Abu Mansur Saolibiyning “Kanzu-l-kuttab” tazkirasi va uning manbashunoslik tadqiqi”, 10.00.10 - Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3-4.PhD/ Fil.352.
Ilmiy rahbar: Xodjaeva Ra’no Umarovna, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil/Tar.21.01.
Rasmiy opponentlar: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nosirova Malika Anvarovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Abu Mansur Saolibiyning “Kanzu-l-kuttab” tazkirasi qo‘lyozmalarini o‘rganish, qo‘lyozmalarning turli davlatlarda saqlanayotgan nusxalari va nashrlarini topib, ularni o‘zaro qiyoslash orqali tazkiraning yig‘ma-qiyosiy matnini tuzish prinsiplarini ishlab chiqish, shuningdek, tazkirani adabiy manbashunoslik va matnshunoslik nuqtai nazaridan o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Abu Mansur Saolibiyning arab adabiyotida dastlabki biografik hamda poetik tazkiralar muallifi ekani isbotlangan hamda tazkira tuzishda zamon, makon va mavzu omillarini yangilik sifatida tatbiq etgani dalillangan;
“Kanzu-l-kuttab” tazkirasidagi she’riy parchalarning nasib, faxr, madh, vasf, hikma kabi janriy rang-barangligi yoritilgan va ularda qo‘llangan tashbeh, istiora, tajnis, tashxis kabi badiiy san’atlar aniqlangan;
“Kanzu-l-kuttab” tazkirasidagi Abu Bakr Xorazmiy, Abul Hasan Matroniy, Shoshiy Amiriy, Lahhom Harroniy kabi movarounnahrlik shoirlar va adiblar ijodidan namunalar ilk bor ilmiy muomalaga kiritilgan;
arab adabiyoti tarixi, nazariyasi, xususan, arab adabiyotshunosligida tazkira va epistolyar janrlarning genezisi va tadrijiy takomilini o‘rganishda Saolibiy tazkiralari muhim ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etishi asoslangan;
“Kanzu-l-kuttab”ning Toshkent, Vena, Parij qo‘lyozmalari hamda Iskandariya toshbosmasi ilmiy tavsiflanib, matnlari chog‘ishtirilgan holda yig‘ma-qiyosiy matn tuzish prinsiplari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Abu Mansur Saolibiyning “Kanzu-l-kuttab” tazkirasi va uning manbashunoslik tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
nishopurlik alloma Abu Mansur Saolibiy va uning tarjimai holi, ilmiy-adabiy merosi, olimning mumtoz arab adabiyoti rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi, shuningdek, O‘zbekistonda saolibiyshunoslikning rivojlanishi haqidagi natijalardan Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ilmiy-ma’rifiy tadbirlarda foydalanilgan (Eron Islom Respublikasining Toshkentdagi elchixonasining 2020 yil 10 fevraldagi 8813-23-son ma’lumotnomasi). Natijada Saolibiyning asli eronlik arabiynavis adib ekanligi isbotlangan, ilmiy merosiga oid yangi ma’lumotlar jamoatchilikka taqdim etilgan;
dissertatsiyaning kitobat san’ati, uning nazariy va amaliy masalalari, devonxona kotiblari uchun yozilgan asarlar, arab adabiyotida shakllangan rasmiy-idoraviy uslub janrlari hamda axborot asrida epistolyar adabiyotning o‘rni haqidagi ilmiy natijalaridan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Xalq ijodiyoti fakul`teti ilmiy seminar tadbirlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2020 yil 4 iyundagi 01-12-14-2222-son ma’lumotnomasi). Ilmiy xulosalarning amaliyotga joriy etilishi talaba yoshlarga sharq, xususan arab madaniyatining sohaga oid muhim jihatlarini ochib berish bilan birga “Kutubxona va axborot faoliyati” ta’lim yo‘nalishining ma’ruza va seminar mashg‘ulotlarida foydalanish uchun yangi nazariy ma’lumotlarni taqdim etgan;
dissertatsiyadagi Abu Mansur Saolibiy va uning ilmiy merosida Markaziy Osiyoning X-XI asrlardagi ilmiy, adabiy, madaniy hayotiga oid dalillar, movarounnahrlik arabiynavis ijodkorlar, Buxoro, Xorazm kabi ilm maskanlaridan etishib chiqqan shoir va adiblar haqidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston” teleradiokanali DUK “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharriyatining “Ta’lim va taraqqiyot”, “Bedorlik”, “Adabiy jarayon” radioeshittirishlarining 2019 yil iyun`-iyul` oylaridagi dasturlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston” teleradiokanali DUKning 2019 yil 19 avgustdagi O’z\R-1-155-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanishi sharq adabiyoti ixlosmandlari, she’riyat muxlislari bo‘lgan radiotinglovchilar uchun yangi, asoslangan ma’lumotlarni taqdim etishi bilan birga, ularda vatanparvarlik, ilmsevarlik, milliy ma’naviy merosimizdan faxrlanish tuyg‘ularini yanada yuksaltirgan.