Kadirova Zuxra Abrarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Mikroklonlash usuli yordamida virussiz dorivor Physalis alkekengi o‘simligini yaratish va biologik faol moddalar olish», 03.00.12–Biotexnologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.PhD/B347. 
Ilmiy rahbarlar: Tashmuxamedova Shoxista Sabirovna, biologiya fanlari doktori, professor. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Mikrobiologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.V.38.01.
Rasmiy opponentlar: Turdikulova Shaxloxon Utkurovna, biologiya fanlari doktori, professor; Ramazanov Nurmurod Sheralievich, kimyo  fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Genomika va bioinformatika markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tamaki mozaikasi virusini ajratish, tozalash va identifikatsiya qilish hamda mikroklonlash usulida virussiz Physalis alkekengi dorivor o‘simligini yaratish va biologik faol moddalarni olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Physalis alkekengi L. dorivor o‘simligidan Virgaviridae oilasiga mansub “tobamoviruslar” guruxi vakili bo‘lgan tamaki mozaikasi virusining TMV-Ph shtammi ajratilgan va unga pasport olingan; 
ajratib olingan tamaki mozaikasi virusining TMV-Ph shtammini dala sharoitida identifikatsiya qilish uchun sezgir immunoferment tahlil (dot-IFA) usuli qo‘llanilishi bilan asoslangan;
ilk bor Physalis alkekengi o‘simligi eksplantlarini o‘stirish uchun optimal oziqa muhitlari tanlangan va uning asosida Physalis alkekengi L. o‘simligi mikroklonal ko‘paytirilib, virussiz o‘simlik yaratilgan, shuningdek, o‘simlik rivojlanishining yuvenil fazasidan reproduktiv fazasiga o‘tishi va tuproqda o‘stirish sharoitlari asoslangan;
mikroklonlash usulida ko‘paytirilgan Physalis alkekengi o‘simligida TMV-Ph virusini aniqlash uchun praymerlar dizayni tuzilgan va polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) usuli yordamida o‘simlikda virus mavjud emasligi isbotlangan; 
Physalis alkekengi o‘simligi flavonoidlari ekstraktining Proteus mirabilis 9, Escherichia coli NC 101, Listeria monocytogenes va Bacillus subtilis kabi shartli patogen va patogen bakteriyalarga nisbatan faolligi, shuningdek, in vivo usulida immunostimulyatorlik faolligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Physalis alkekengi dorivor o‘simligini mikroklonal ko‘paytirish usuli yordamida virussiz o‘simlik yaratish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
tamaki mozaikasi virusi Tobacco mosaic virus-TMV-Ph shtammi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining “Fitopatogen va boshqa mikroorganizmlar” noyob ob’ekti kolleksiyasi genofondiga topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 25 iyuldagi  4/1255-2050-son ma’lumotnomasi). Natijada fitopatogen mikroorganizmlar shtammlari kolleksiya genofondini boyitish, virus turlar xilma-xilliklari elektron bazasi axborot-tahlil tizimini shakllantirish imkonini bergan;
Physalis alkekengi dorivor o‘simligidan ajratib olingan tamaki mozaikasi virusi TMV-Ph shtammi Jahon mikroorganizmlar ma’lumotlar markazining Patogen mikroorganizmlar milliy kolleksiyasining  (World Data Center for Microorganism (WDCM) National Collection of Phytopathogenic Microorganisms (NCAM)) ma’lumotlar bazasiga WDCM 862-raqami orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 25 iyuldagi 4/1255-2050-son ma’lumotnomasi). Natijada dunyoning turli mintaqalarida tarqalgan tobamoviruslar guruxiga oid turlarni tadqiq qilishda global doirada foydalanish imkonini bergan;
Physalis alkekengi dorivor o‘siligini mikroklonlash usulida ko‘paytirilishi I-2016-5/13 raqamli «Mikroklonlangan noyob o‘simlik navlarini yaratish texnologiyasini ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etish» amaliy loyihasida o‘simlik rivojlanishining yuvenil fazasidan reproduktiv fazasiga o‘tishi va tuproqda o‘stirish sharoitlarini aniqlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2020 yilning  11 martdagi 4/135-son ma’lumotnomasi). Natijada virussiz sog‘lom, dorivor Physalis alkekengi o‘simligi yaratish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish