Raximov Sadriddin Akaramovichning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 
I. Umumiy ma’lumotlar: 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlari tarixi (MDH va ShHT misolida)”, 07.00.05 – Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2020.1.PhD/Tar201.
Ilmiy rahbar: Abdullaev Ravshan Majidovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi DSc.11/30.12.2019.Tar/Yu/I/S/24.01 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik Ilmiy kengash. 
Rasmiy opponentlar: Nuriddinov Erkin Zuhriddinovich, tarix fanlari doktori, professor, Kobzeva Ol`ga Petrovna, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi 1991-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasining MDH va ShHT bilan hamkorligining asosiy yo‘nalishlarini tadqiq etishdan iborat. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:  
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy strategiyasining shakllanishiga asos bo‘lgan geosiyosiy (geografik joylashuvi va mintaqadagi o‘rni), iqtisodiy va ekologik omillar hamda respublikaning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlari ochib berilgan;
MDHning tashkil etilishi tarixi va institutsional rivojlanishi, O‘zbekistonning tashkilot doirasida ko‘ptomonlama (siyosiy, harbiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar) hamkorlik tuzilmalaridagi ishtiroki yoritib berilgan; 
MDH doirasida erkin savdo zonasini shakllantirish va umumiy sayyohlik makonini yaratish bo‘yicha O‘zbekiston hamda ishtirokchi davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik dinamikasi, ushbu sohalarda mavjud huquqiy-tashkiliy muammolar (erkin savdo zonasining to‘laqonli tuzilmaganligi; turizmga oid qarorlarni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlarining mavjud emasligi) aniqlangan;   
Shanxay hamkorlik tashkilotining institutsional rivojlanishi, O‘zbekistonning ShHT doirasida xalqaro aloqalarni kengaytirishdagi konstruktiv roli hamda Toshkentda joylashgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining zamonaviy taxdidlarga (xalqaro terrorizm, ekstremizm, afg‘on narkotrafigi) qarshi kurashdagi faoliyati ochib berilgan.  
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar bilan hamkorligi tarixini MDH va ShHT misolida tadqiq etish jarayonida ishlab chiqilgan ilmiy natijalar va amaliy tavsiyalardan quyidagilarda amaliyotga joriy etilgan: 
O‘zbekistonning MDH va ShHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorligi masalalari bo‘yicha xulosalardan “Noveyshaya istoriya Respubliki Uzbekistana” darsligini yaratishda foydalanilgan (Oliy ta’lim vazirligining 2017 yil 24 avgustdagi 603-127 sonli guvohnomasi). Tadqiqotning natijalarining qo‘llanilishi O‘zbekiston Respublikasining MDH va ShHTni shakllantirish va institutsional rivojlantirishdagi ishtiroki, shuningdek, mintaqada barqarorlikni ta’minlash va mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarini hamda ushbu birlashmalardagi faoliyatini o‘rganish va tahlil etish imkonni bergan.
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarining shakllanishi va rivojlanishi tarixi to‘g‘risidagi ilmiy xulosalaridan Tarix institutida bajarilgan FA-A1-G016P3-2014-0906065019 “O‘zbekistonning eng yangi tarixini fanlararo o‘rganish: metodlar, yondashuvlar va konsepsiyalar (2015-2017 yy.)” nomli amaliy loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 4 sentyabrdagi 3/1255-2350-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning joriy etilishi globallashuv sharoitida O‘zbekiston Respublikasining mintaqada barqarorlikni ta’minlashda BMT, MDH, ShHT va boshqa tashkilotlar doirasidagi ikki va ko‘ptomonlama hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari, Markaziy Osiyoda terrorizm va ekstremizmning kuchayishiga olib kelgan asosiy omillar, Afg‘onistonda narkotik moddalarni etishtirish dinamikasi hamda uning mintaqaviy barqarorlik tizimiga salbiy ta’sirlari, ShHTning Toshkentda ish olib boradigan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining faoliyatini yoritib berishga xizmat qilgan; 
O‘zbekistonning MDH tashkiloti a’zolari bo‘lgan mamlakatlar bilan hamkorligining asosiy aspektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markazida amalga oshirilgan “PZ-20170928749 O‘zbekiston mustaqillikka erishishining tarixiy shart-sharoitlari: ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy omillar” nomli amaliy loyihasida olingan natijalardan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2019 yil 4 sentyabrdagi 3/1255-2350-sonli ma’lumotnomasi). Natijalarning joriy qilinishi O‘zbekistonning MDHni tashkil etishdagi ishtiroki, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashdagi tashabbuslari, postsovet davrining dastlabki yillarida ushbu tashkilotning harbiy-siyosiy va boshqa muammolar echimida tutgan rolini aniqlash imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish