Azimova Dildora Bahriddinovna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yangi o‘zbek doston (poema)larida davr va shaxs fojeasining poetik talqini (Oybek, Mirtemir, S.Zunnunova, Zulfiya, E.Vohidov, A.Oripov dostonlari misolida)», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.3.PhD/Fil 952.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Ilmiy maslahatchi: Normatov Umarali, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01. 
Rasmiy opponentlar: Yakubov Islamjon Axmedjanovich, filologiya fanlari doktori, dotsent; Miliev Suvon, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: davr va shaxs fojeasi poetik talqinida yangi o‘zbek dostonlarining janr imkoniyatlarini, xususan, romanizatsiya (romanlashuv) hodisasining o‘rnini ochib berish, epik tasvirning lirik mushohada ob’ektiga aylanish jarayonini tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘zbek adabiyotidagi  Oybek, Mirtemir, S.Zunnunova, Zulfiya, E.Vohidov, A.Oripov, M.Yusuf, O‘.Haydar, U.Hamdam dostonlarida davr va shaxs fojeasining poetik talqini, dostonning janr sifatidagi  imkoniyatlari misollar asosida aniqlangan;
yangi o‘zbek dostonlarida davr va shaxs fojeasi muammosi, epik tasvirning lirik mushohada ob’ektiga aylanishi, dostonlarda realistik talqinning lirik sub’ekt vositasida ifoda etilishi, hozirgi dostonlarda kechayotgan  romanlashuv (romanizatsiya) jarayonining o‘ziga xos xususiyatlari, janr kanonlarining emirilish holati (dekononizatsiya) ochib berilgan;
urush davri umuminsoniy fojealarining yangi o‘zbek dostonlarida aks etishi, ularda davr va shaxs fojeasini tasvirlashda ijodkorlarning falsafiy-poetik talqini muammosi ochib berilgan;
dostonlarda milliy istiqlol masalalarining yoritilishi, mustabid tuzum sharoitida shoir shaxsi muammosi, qatag‘on davri fojeasining o‘tmish va kelajak rakurslaridan poetik idrok etilishi, globallashuv davrida shaxs ma’naviy fojeasining tanazzuli, yangi inson ruhiyatida yuzaga kelgan ziddiyatlar misollar asosida dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. 
Yangi o‘zbek dostonlarida davr va shaxs fojeasining poetik talqini bo‘yicha olingan natijalar asosida:
yangi o‘zbek dostonlarida adabiy ta’sir va ijodiy tafakkur tadriji singari tahlil natijalaridan O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan FA – F1-GO40 “O‘zbek adabiyoti qiyosiy adabiyotshunoslik aspektida: tipologiya va adabiy ta’sir” (2012 – 2016) fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2020 yil 7 yanvardagi 3/1255-37-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi jahon poemalari va yangi o‘zbek dostonlarini qiyosiy tekshirish imkonini bergan;
yangi  o‘zbek dostonlarida badiiy obraz psixologiyasi, qahramonlar xarakterining o‘ziga xos qirralarini namoyon etuvchi jihatlar tahlili natijalaridan Toshkent davlat pedagogika universitetida bajarilgan A-1-118 raqamli “Navoiy obrazining tasvir va talqinlariga oid o‘quv qo‘llanmasini tayyorlash va nashr etish” (2015 – 2017) mavzusidagi amaliy tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2019 yil 18 dekabrdagi 89-06-135-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijaning qo‘llanilishi zamonaviy dostonlardagi epik tafakkur ildizlarini epos va mumtoz yozma dostonlar bilan aloqadorlikda tekshirish imkonini bergan;
dostonlarning shakllanishi va taraqqiyot xususiyatlariga  oid ilmiy natijalardan O‘zR FA Davlat adabiyot muzeyida yangidan tashkil etilayotgan “Xalq og‘zaki ijodiyoti” va “Hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti” ekspozisiyalarida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2020 yil 7 yanvardagi 3/1255-37-sonli ma’lumotnomasi). Natijada yangi o‘zbek dostonlarining epos, mumtoz yozma dostonlar va jahon poemalari ta’sirida shakllangan janr ekanini asoslashga yordam bergan;
zamonaviy dostonlardagi davr va shaxs fojeasining poetik talqiniga oid ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalining “Adabiy jarayon” adabiy, ilmiy-ma’rifiy ko‘rsatuvlari dasturlarini tuzishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Madaniyat va ma’rifat” telekanali davlat unitar korxonasining 2019 yil 17 dekabrdagi 01-14/489-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlarda ko‘tarilgan badiiy asar va ijodkor dunyosiga oid adabiy masalalarning ilmiy asosi ta’minlangan;
zamonaviy o‘zbek  dostonlarining o‘ziga xos g‘oyaviy-badiiy xususiyatlariga oid tahliliy natijalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali “Bedorlik” eshittirishining 2019 yil oktyabr`-noyabr` oylarida efirga uzatilgan sonlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2019 yil 17 dekabrdagi 04-25-2666-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari asosida “Dostonlarda milliy istiqlol masalalarining yoritilishi”, “Qatag‘on davri fojealarining o‘zbek dostonlarida aks etishi” eshittirishlari efirga uzatilgan. Natijada eshittirishlarda yoritilgan adabiy masalalarning ilmiy asosi ta’minlangan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish