Turdiev Azizbek Anvarjonovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek she’riyatida fol`klor an’analari va sinkretik holat (To‘ra Sulaymon ijodi misolida)”, 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Fil762.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Ilmiy rahbar: Eshonqulov Jabbor Solievich, filologiya fanlari doktori.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil.46.02.
Rasmiy opponentlar: Rahmonov Nasimxon Asqarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Ochilov Ergash Zokirovich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: zamonaviy o‘zbek she’riyatida fol`klorga xos an’analardan foydalanish tamoyillarini To‘ra Sulaymon ijodi misolida tadqiq etish, she’riyatda fol`klorizm hodisasini o‘rganish, fol`klorga yondashuvda an’ana va novatorlikni tahliliy misollar orqali ko‘rsatish, she’riy matn badiiyati takomilida fol`klorizm hodisasining o‘rni va ahamiyatini, yozma va og‘zaki ijodning sinkretik imkoniyatlarini ilmiy baholashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
To‘ra Sulaymon ijodiy merosi yuzasidan turli tadqiqotchilar tomonidan olib borilgan izlanishlar va bildirilgan ilmiy fikrlar qiyosiy o‘rganilib, yaxlit umumiy xulosalarga kelingan;
o‘zbek adabiyotshunosligi va fol`klorshunosligida To‘ra Sulaymon fol`klorizmi istilohi ilmiy jihatdan batafsil izohlangan;
To‘ra Sulaymon ijodiy merosi to‘liq fol`klor an’analari asosiga qurilganligi uning ijodkor sifatida mavjudligi va o‘ziga xosligini belgilovchi eng muhim omil ekanligi ilmiy dalillangan;
o‘zbek fol`klorshunosligi va adabiyotshunosligida simvolizm tendensiyalarida fol`klorizm masalasi tahlilga tortilgan. Masalaning shu tarzda qo‘yilishi va imkon darajasida hal etilishi ishning o‘ziga xos yangiligini ta’minlaydi;
Istiqlol davri she’riyatida fol`klordan foydalanishdagi an’ana va novatorlikning o‘ziga xos jihatlari aniq misollar bilan ko‘rsatib berilgan;
yangi davr o‘zbek she’riyatidagi badiiy matn takomilida fol`klorizmlarning o‘rni va ahamiyati tahlil qilingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zbek she’riyatida fol`klor an’analari va sinkretik holatning tahlilidan olingan natijalar asosida:
o‘zbek she’riyati takomilida fol`klorizm hodisasi va uning badiiy evolyusiyasidan olingan natijalardan Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan OT - A1 - 47 – raqamli “Fol`klorshunoslik atamalari lug‘ati” (2017-2018) amaliy loyihasida foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2019 yil 30 dekabrdagi 3/1255-3384-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotda fol`klorning yozma adabiyotga ta’siri fol`klorizm hodisasi, fol`klor va o‘zbek she’riyati kabi mavzular tahlili misolida yoritilib, fol`klor va badiiy ijod, fol`klor an’analari, badiiy ijodda sinkretik holat kabi masalalar o‘zbek fol`klorshunosligi borasidagi tasavvurlarini kengaytirgan;
dissertatsiya ilmiy natijalari, jumladan, tadqiqotchi tomonidan nashrga tayyorlangan “Go‘ro‘g‘li sulton bir yon”, “Sensiz yolg‘iz, g‘arib bo‘ldim” kitoblaridan PQ–3271-son hamda VM-891 qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyida yangidan tashkil etilayotgan “Xalq og‘zaki ijodi” hamda “Hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti” nomli ekspozisiya taqdimotida foydalanilgan (O‘zR Fanlar akademiyasining 2019 yil 30 dekabrdagi 3/1255-3384-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot ishining mazmun mohiyati orqali keng kitobxon va she’riyat ixlosmandlarining ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashi shakllantirilgan;
fol`klor namunalari, xususan, maqollarning zamonaviy o‘zbek adabiyotida qo‘llanishi muayyan ijodkorlar asarlarining xalqchilligi, ommaviyligi, ravonligini ta’minlashi, adabiy personajlar nutqining ta’sirchanligini oshirishi xususidagi xulosalardan O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan tashkil etilgan seminarlarda, jumladan, “Teleradio boshlovchilik mahorati mezonlari, bu borada yuzaga kelgan muammolar va ularning echimlari” mavzusidagi seminar-trening tavsiyalarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining 2019 yil 10 dekabrdagi 15/509-son ma’lumotnomasi). Natijada ijodkorlar asarlarining xalqchilligi, ommaviyligi, ravonligini haqidagi xulosalar keng omma ongiga etkazilgan;
T.Sulaymon ijodida fol`klor an’analarining tutgan o‘rni ilmiy izohidan olingan natijalar “O‘zbekiston” teleradiokanalining “Assalom, O‘zbekiston!”, “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, “Ta’lim va taraqqiyot” turkum ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zMTRK “O‘zbekiston” teleradiokanali DUKning 2019 yil 10 dekabrdagi 02-02-2609-son ma’lumotnomasi). Natijada yozma adabiyotdagi fol`klor ramzlarining o‘rni, uning asarlar ravonligi va xalqchilligini ta’minlovchi jihatlari ko‘rsatuvlarda ilgari surilgan qarashlarning ilmiyligini ta’minlashga xizmat qilgan.