Mamatqulova Feruza Toxirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. 
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tohir va Zuhra” dostoni turkiy versiyalarining qiyosiy tahlili”, 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Fil491. 
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qo‘qon davlat pedagogika instituti  
Ilmiy rahbar: Mamatqul Jo‘raev, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil46.02.
Rasmiy opponentlar: Joppar Eshonqulov, filologiya fanlari doktori, professor Ilhom Saidqulov, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi “Tohir va Zuhra” dostonining o‘zbekcha og‘zaki variantlari hamda qo‘lyozma nusxalarini turkiy versiyalar bilan qiyosiy-tipologik jihatdan o‘rganish asosida doston syujetining tarixiy asoslari va badiiy evolyusiyasini aniqlashdan iboratdir. 
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Turkiy xalqlar fol`klorida alohida o‘rin tutadigan “Tohir va Zuhra” dostonining og‘zaki versiya va variantlarini yaxlit epik tizim sifatida ilk bor tadqiq etish asosida o‘zbek kitobiy eposining ishqiy-romanik tipiga mansub dostonlar XVII-XIX asrlarda xalq ijodi an’analari va yozma adabiyotning sintezi sifatida yaratilganligi haqidagi nazariy qarashlar takomillashtirilgan;
“Tohir va Zuhra” dostoni Rahmatulla Yusuf o‘g‘li, Zohir Qo‘chqor o‘g‘li va Qora baxshi Umirov variantlarini qiyosiy tahlil qilish natijasida baxshilar badiiy mahoratining o‘ziga xosligi variantlararo farqli jihatlarni yuzaga keltirganligi asoslangan; 
“Tohir va Zuhra” dostonining o‘zbek variantlarini qiyosiy tadqiq etilishi natijasida kitobiy eposning shakllanishi va variantlashuviga ushbu epik syujetning ertak sifatidagi namunalari asos bo‘lganligi, binobarin, bu asarning janubiy O‘zbekiston dostonchilari epik repertuaridan o‘rin olishi dostonlar nashrining baxshilar ijodiga ta’siri bilan bog‘liqligi isbotlangan;
 dostonning turkiy xalqlar fol`kloridagi versiyalari o‘zaro qiyosiy-tipologik jihatdan o‘rganilgan va fol`klorshunoslik tarixida birinchi marta bu dostonning versiyalararo o‘xshash va farqli jihatlari aniqlangan;
“Tohir va Zuhra” dostoni syujetining tarixiy-genetik ildizlari yoritilib, mazkur epik syujetning manbalari hamda tadrijiy rivoji jarayoni oydinlashtirilgan; 
“Tohir va Zuhra” dostonining barcha namunalarini qiyosiy-tipologik jihatdan o‘rganish asosida turkiy xalqlar fol`klorida ushbu epik syujetning qorluq-chigil, qipchoq hamda o‘g‘uz versiyasi mavjudligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
“Tohir va Zuhra”  dostonining o‘zbek variantlarini ushbu epik asarning turkiy versiyalari bilan qiyosiy-tipologik jihatdan tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
“Tohir va Zuhra” dostonidagi g‘ayritabiiy tug‘ilish motivining mifologik asoslariga doir ilmiy xulosalari hamda o‘zbek xalq kitobiy dostonlarining shakllanishida romanik eposning ta’siriga doir qarashlaridan Navoiy davlat pedagogika institutida bajarilgan F1-XT-0-19919 “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotidagi o‘rni” (2012-2016) fundamental loyihaning «O‘zbek fol`klori va mifologiya» qismida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2020 yil 9 yanvardagi 89-03-124-son ma’lumotnomasi). Natijada  turkiy xalqlar dostonlarining shakllanishida muhim rol` o‘ynagan epik motivlarning mifologik asoslari oydinlashtirilgan; 
“Tohir va Zuhra” dostonining og‘zaki versiya va variantlarini qiyosiy tahlil qilish asosida uning badiiy jihatdan eng mukammal namunasini aniqlash bilan bog‘liq tadqiqot materiallaridan O‘zR Madaniyat vazirligi “Qo‘qon” davlat  muzey-qo‘riqxonasining fol`klorshunoslik bo‘limiga oid eksponat va materiallar ko‘rgazmasini tashkil etishda dissertatsiyadan olingan manbalardan foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi “Qo‘qon” davlat  muzey-qo‘riqxonasining 2020 yil 6 iyundagi 22-sonli ma’lumotnomasi). Natijada istiqlol yillarida milliy adabiyotimiz sohasida ilmiy tadqiqot ishlarining mazmunini takomillashtirishda, yoshlarni vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashda samarali xizmat qilishga erishilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tuman hokimligi muassisligidagi “YO’GDU-YAYPAN” televideniesi “Tohir Bag‘dod” telekanalining “O‘zbekiston tumani yangiliklari” loyihasida “Iste’dod. Qadriyat” turkum ko‘rsatuvlarini tayyorlashda milliy urf-odatlar va og‘zaki adabiyot namunalarini keng omma orasida targ‘ib qilishda tadqiqot manbalaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Farg‘ona bo‘limi 2020 yil 15 maydagi 20/11-son ma’lumotnomasi) Natijada teleko‘rsatuv va eshittirishlarning mazmuni boyitilib, g‘oyaviy, ilmiy ta’sirchanligi oshirishilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish