Israilova Zarina Sadriddinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining samaradorligini baholash mexanizmini takomillashtirish”, 12.00.02 – Konstitusiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Ilmiy rahbar: Ismailova Gulnoza Saydiganixodjaevna, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.02.
Rasmiy opponentlar: Ro‘zmetov Xayrullo Ibadullaevich, yuridik fanlar doktori, Murataev Serikbek Alpamisovich, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining samaradorligini baholash mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
saylovchilarning ishonchini oqlay olmagan hamda uni deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiya oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarmagan deputatlar siyosiy partiyaning taklifi asosida chaqirib olinishi zarurligi asoslab berilgan;
mahalliy Kengashlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida o‘z vakolatlarini amalga oshirishga oid qarorlarining normativ-huquqiy xujjatlar talablari doirasida qabul qilinayotganligi, ijrochiga etkazilayotganligi va ommaviy ahborot vositalarida e’lon qilinayotganligi, qaror ijrosini ta’minlash darajasi mezoni sifatida baholash zarurligi asoslab berilgan;
mahalliy Kengash deputatlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida deputatlar tomonidan xalq bilan bevosita muloqotning qay darajada yo‘lga qo‘yilganligi, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarni hal etish mezoni sifatida baholash zarurligi asoslab berilgan;
“Mehnatkash deputat” maqomiga ega bo‘lish uchun nomzodlar ya’ni, mahalliy Kengash deputatlari o‘z faoliyatini ommaviy axborot vositalarida doimiy yoritib borishlari mezoni sifatida baholash zarurligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining samaradorligini baholash mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
deputatni, senatorni chaqirib olish masalasini ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kiritilgan so‘rovi, shuningdek, uni deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatgan siyosiy partiyaning taklifi asos bo‘lishi mumkinligiga oid taklif O‘zbekiston Respublikasining “Xalq deputatlari mahalliy Kengashi deputatini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini va Senati a’zosini chaqirib olish to‘g‘risida”gi Qonunning 2-moddasi ikkinchi xatboshisini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2019 yil 25 oktyabrdagi 06/2-06-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif mavjud kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etish, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlarni baholash, shuningdek, mahalliy davlat vakillik organlari faoliyatini takomillashtirish uchun xizmat qilgan.
mahalliy Kengashlar tomonidan o‘z vakolatlarini ro‘yobga chiqarishga oid qarorlarining qonun hujjatlari talablari doirasida qabul qilinayotganligi, ijrochilarga etkazilayotganligi va ommaviy axborot vositalarida (veb-saytda) e’lon qilinayotganligi, qarorlar ijrosi qay darajada ta’minlanayotganlilik mezoniga oid taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2017 yil 27 oktyabrdagi KQ-225 – III - sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashini “namunali” deb topishning mezonlari to‘g‘risida”gi Nizomning 3.1-bandi beshinchi xatboshisini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining 2019 yil 9 sentyabrdagi 11-09/1734-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif xalq deputatlari Kengashlarining axborot jihatdan ochiqligini sezilarli ravishda kengaytirib, har bir hudud, tuman va shahar aholisiga ular tomonidan saylangan hokimiyat faoliyatini baholash va ularni boshqa tegishli xalq deputatlari Kengashlari faoliyati natijalari bilan taqqoslashga xizmat qilgan;
deputatlar tomonidan xalq bilan bevosita muloqotning qay darajada yo‘lga qo‘yilgani, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarida ko‘tarilgan muammo hamda masalalarni hal etish bo‘yicha deputatlar faoliyatining samaradorlik mezoniga oid taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2017 yil 27 oktyabrdagi KQ-225 – III - sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashini “namunali” deb topishning mezonlari to‘g‘risida”gi Nizomning3.4-bandi ikkinchi xatboshisini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining 2019 yil 9 sentyabrdagi 11-09/1734-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklif mahalliy Kengashlar, ularning doimiy komissiyalari va deputatlari faoliyatini to‘liqroq o‘rganish, ularning ijobiy va namunali faoliyatini rag‘batlantirish, faoliyati namunali tashkil etilgan mahalliy Kengashlar ish tajribasini boshqa Kengashlarga ham tatbiq etish orqali ushbu organlar faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qilgan;
o‘z faoliyatini ommaviy axborot vositalari orqali doimiy yoritib borishlilik mezoniga oid taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2017 yil 25 dekabrdagi KQ-278 – III - sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarini ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi namunaviy Nizom”ning 6-bandi beshinchi xatboshisini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining 2019 yil 28 oktyabrdagi 11-09/32-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif mahalliy davlat hokimiyati vakillik organi va hokimiyat faoliyatini muntazam yoritib borish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuni 10-moddasining ijrosi samaradorligini oshirish, ya’ni ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan muntazam o‘zaro hamkorlik qilishni ta’minlash uchun xizmat qilgan;
jamiyat ijtimoiy hayotidagi faolligi bilan xalq orasida munosib obro‘-e’tibor qozonishlilik mezoniga oid taklif O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2017 yil 25 dekabrdagi KQ-278 – III - sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlarini ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi namunaviy Nizom”ning 7-bandi to‘rtinchi xatboshisini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining 2019 yil 28 oktyabrdagi 11-09/32-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif deputatlarning aholi (saylovchilar) bilan uzviy muloqot o‘rnatgan va ularning muammolarini o‘rgangan holda, xalqni qiziqtirayotgan masalalar bo‘yicha to‘liq tasavvurga ega bo‘lishiga, o‘zining mahalliy davlat hokimiyati vakillik organidagi ish faoliyatida siyosatning to‘g‘ri yo‘nalishini ishlab chiqishiga xizmat qilgan.