Boymurodov Shuxrat Toshkentovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbekistonda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimidagi o‘zgarishlar (1991-2016 yy)” , 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: V.2019.3.PhD/Tar.91.
Ilmiy rahbar: Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Ishanxodjaeva Zamira Rayimovna, tarix fanlari doktori, professor;
Shamsieva Iroda Muhiddinovna, tarix fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda mustaqillik yillarida o‘rta maxsus ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, amalga oshirilgan tadbirlar va ularning mohiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
mustaqillikning dastlabki yillarida ta’lim tizimi ziddiyatli va murakkab davrni boshidan kechirib, soha huquqiy bazasini mustahkamlash yuzasidan muayyan tadbirlar olib borilishi bilan bir qatorda o‘rta maxsus ta’lim tizimida kadrlar tayyorlash hududlardagi iqtisodiy tarmoqlarning real ehtiyojlaridan ortda qolgan holda qabul kvotalarini belgilashda mehnat bozori ehtiyojlari o‘rganilmaganligi asoslangan;
Ta’lim samaradorligi o‘quv jarayoni bilan chambarchas bog‘liqligi inobatga olinib, akademik lisey va kasb-hunar ta’limi tizimdagi mavjud ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari va adabiyotlar tayyorlash hamda nashr ettirishga bir qadar e’tibor qaratilgan bo‘lsada, o‘quv adabiyotlarini yaratishga mas’ul bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari o‘quv darsliklari yaratish rejasini bajarmaganligi, amaliy mashg‘ulotlar va o‘quv amaliyotlarini davlat ta’lim standartlariga muvofiq ravishda tashkil etish uchun ta’lim muassasalari kerakli xom ashyo va materiallar bilan ta’minlanmaganligi yoritib berilgan;
bitiruvchilarda kasb ko‘nikmalari va mahoratni etishmasligi, ularning o‘z bilimlarini amaliyotda etarli darajada qo‘llay olmasligi hamda ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etishdagi kamchiliklar, amaliyot va o‘quv jarayoni o‘rtasidagi aloqaning etarli emasligi va bitiruvchilar bilim darajasining pastligi ularni ishga olishda muammolarga sabab bo‘lganligi ochib berilgan;
hududlarda transport infratuzilmasi etarli darajada rivojlanma-ganligi, o‘quv binolarning aholi punktlaridan uzoq masofada joylashuvi, kasb-hunar kollejlarida o‘quvchilarni intellektual, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyalashga yuzaki yondashish, ularning bo‘sh vaqtlarini tashkil etishning samarasiz mexanizmi davomatning tushib ketishiga va o‘quvchilar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik hamda jinoyatlar sonining ortishiga sabab bo‘lganligi ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida o‘rta maxsus ta’limning shakllanish va rivojlanish tarixi bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:
o‘rta maxsus ta’limini rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosati va uning natijasi, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar kontekstida ta’lim tarixining xronologik bosqichlari hamda ta’lim muassasalari shakllariga berilgan tavsif, tizim moddiy-texnika bazasining holati, umuman, sohadagi islohotlarining mohiyatini aniqlashga doir natijalari-dan Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida bajarilgan OT-F8-211 raqamli «XX asr O‘zbekiston madaniyati tarixi» mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018 yil 20 dekabrdagi № 89-03-4387-son ma’lumotnomasi). Bu ta’limning boshqa bosqichlari kabi o‘rta maxsus ta’limi tizimi qaytadan tashkil etilishi, ta’lim tizimi tubdan va mutloq islohotlarga muhtoj ekanligi haqidagi haqiqatni keng ommaga etkazishga xizmat qilgan;
o‘rta maxsus ta’lim sohasida yoshlar ma’naviy tarbiyasi va uning shakllari, kollej va liseylarda bu sohada olib borilgan tadbirlar, o‘smirlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlarga doir natijalaridan Qarshi davlat universitetida bajarilgan OT-F8-022 “Hozirgi zamon sivilizatsiyasining inson ijtimoiy qiyofasiga ta’siri” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018 yil 20 dekabrdagi № 89-03-4387-son ma’lumotnomasi). Bu O‘zbekistonda o‘rta maxsus ta’lim tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlarning yaxshi yo‘lga qo‘yilishi Respublikada jinoyatchilikning olidini olishda eng samarali vositalardan biri ekanligini omma ongiga singdirishga xizmat qildi;
Tadqiqot natijalaridan Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining “2018-yildagi ma’naviy ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va soxani rivojlantirishni yangi bosqichga ko‘tarishga doir qo‘shimcha chora tadbirlar dasturi” ning 3-bob “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy majlis palatalariga murojaatnomasini keng axoli qatlamlariga etkazish bo‘yicha tizimli targ‘ibot ishlari” 23-bandi “O‘zbekiston Konsititusiyasining axoli qatlamlari orasida maxallalar, ta’lim muassasalari va tashkilotlarda “Konsititusiya xamda qonun talablariga og‘ishmay amal qilish ma’naviy saviyamiz madaniyatimizning asosiy mezoniga aylanishi shart” mavzusidagi davra suxbatlar o‘tkazishda keng foydalanilgan. (Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining 25.03.19 yildagi 02/09-305-19 sonli dalolatnomasi) Respublikada o‘rta maxsus ta’lim tizimi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xalqaro aloqalar tizimida ta’lim sohasidagi hamkorlikning o‘rniga doir natijalardan Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasining bir nechta ssenariylari, ko‘rsatuvlari va eshittirishlarini shakllantirish-da foydalanilgan. (Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasining 2017 yil 2 noyabrdagi 12-15-1484-son ma’lumotnomasi). Bu yoshlar ongida diniy ekstremizm, terrorizm va boshqa buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan murosasizlik, yoshlarni xorij ta’lim sohasiga qiziqtirish va ularga intilishini shakllantirishga xizmat qilgan.