Yusupova Moxidil Abdumutalibovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Markaziy Farg‘onadagi qumli dahalarning agroekomeliorativ holati va uning antropogen ta’siridagi o‘zgarishi», 03.00.13 – Tuproqshunoslik (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/B282. 
Ilmiy rahbar: Isaqov Valijon Yunusovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti. 
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.B.05.03.
Rasmiy opponentlar: Jabbarov Zafarjon Abdukarimovich, biologiya fanlari doktori, dotsent; Parpiev G‘ofurjon Toxirovich, qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: Markaziy Farg‘onada turli davrlarda o‘zlashtirilgan qum va qumli tuproqlarning genezisi, xossa-xususiyatlari, agroekologik-meliorativ holatida antropogen omil ta’sirida yuz bergan o‘zgarishlarni aniqlash hamda unumdorligini oshirish yo‘llarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qum dahalarining morfogenezi, ekomeliorativ holati, tabiiy va inson omilining keng qamrovli ta’sirida qumli tuproqlar shakllanishining mexanizmi aniqlangan;
antropogen omil ta’sirida Markaziy Farg‘onaning qum dahalarida tarqalgan qum, qumli cho‘l va sug‘oriladigan qumli cho‘l tuproqlarning ximizmi, mexanik, umumfizik, fizik-kimyoviy va agrokimyoviy xossalarining o‘zgarishi sug‘orish suvlari tarkibidagi cho‘kindi loyqalarga bog‘liqligi ochib berilgan;
Katta Farg‘ona kanalining loyqa suvlari bilan o‘zlashtirilgan hududlardagi qumli tuproqlar 15–30 yillar davomida qumloq, engil qumoq toifasiga o‘tganligi, Katta Andijon kanalining ta’siri mintaqasida esa qumlar mexanik tarkibiga ko‘ra juda kuchsiz o‘zgarganligi aniqlangan;
qumli tuproqlarda etishtiriladigan g‘o‘za ekini uchun mineral o‘g‘itlarning me’yorlari aniqlangan: azotning eng mo‘’tadil me’yori 150 (100) kg/ga, fosfor – 120 va kaliy – 80 kg/ga, bu me’yorlarda azotning fosfor va kaliyga nisbati 1:0,8(1,2):0,6(0,8) ekanligi aniqlangan;
kollektor-zovurlar, sug‘orish shahobchalari tozalanganda chiqarib tashlangan cho‘kindi – rashalar og‘ir qumoqligi isbotlangan, tuproqqa solish me’yorlari, ozuqa elementlar dinamikasi hamda sug‘oriladigan qumli tuproqlardan samarali foydalanish unumdorligini saqlash, tiklash va oshirishga doir ilmiy asoslangan tavsiya ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Markaziy Farg‘ona qumli dahalarining agroekologik-meliorativ holati va uning antropogen ta’siridagi o‘zgarishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
erga solinadigan tarkibi aniqlangan 450–500 tonna rasha (ariq loyqasi) «Saidamirxon fayzli» fermer xo‘jaligida chigit ekishdan oldin 26 gektar er maydoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 15 noyabrdagi 02/027-3702-son ma’lumotnomasi). Natijada rasha solinmagan erga nisbatan 8,5 s/ga ortiq hosil olish va iqtisodiy samaradorlikni oshirish imkonini bergan;
qumli tuproqlarga rasha solish tadbiri «Saidamirxon fayzli» fermer xo‘jaligining 
20 gektar takroriy ekin er maydonida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 15 noyabrdagi 02/027-3702-son ma’lumotnomasi). Natijada haydalma qumli qatlam tarkibida gumus va NPK miqdorini va qumli tuproqlarning unumdorligini oshirish hamda ulardan oqilona foydalanish imkonini bergan;
sug‘orish davomiyligiga bog‘liq ravishda harakatchan fosfor, almashinuvchi kaliy miqdorini loyqa bilan tuproqqa kelib yotish dinamikasi va qumli tuproqlarga kanal loyqasi solish me’yorlari «Saidamirxon fayzli» fermer xo‘jaligida amaliyotga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 15 noyabrdagi 02/027-3702-son ma’lumotnomasi). Natijada tuproqdagi fosfor va kaliy miqdori eng kam ta’minlangan guruhdan kam ta’minlangan guruhga o‘tish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish