Djuraev Bekzod Bekmatovichning falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
 
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qishloq xo‘jaligida marketing tizimidan foydalanishning takomillashtirish yo‘llari », 08.00.04–Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.PhD/Iqt.278.
Ilmiy rahbar: Umurzakov O‘ktam Pardaevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot instituti va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida bajarilgan.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSc.03/30.01.2020. I.10.03.
Rasmiy opponentlar: Gulyamov Saidasror Saidaxmedovich, iqtisodiyot fanlari doktori, akdemik; Abduxalilova Laylo, iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Bozor munosabatlari sharoitida qishloq xo‘jaligida marketing tizimining o‘rnini asoslash va uni rivojlantirishning tashkiliy-iqtisodiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy taklif hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish kanalini “sotish hajmi”, “o‘rtacha bahosi” “sotish xarajatlari”, “etkazib berish xarajatlari”, “vaqt va mehnat sarfi” kabi koeffisientlar orqali aniqlash bo‘yicha uslubiy yondashuv ishlab chiqilgan;
agrofrancheyzinglarni tashkil etish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga brendni shakllantirish, uni targ‘ib qilish tizimini takomillashtirish asoslangan;
qishloq xo‘jaligining marketing tizimiga bog‘liq ma’lumotlar bazasi, shuningdek, ulardan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan maqsadli va manzilli foydalanish imkoniyatlarini yaratish maqsadida manfaatdor davlat muassasalari tarkibida hamda xususiy marketing markazlarini tashkil etish asoslangan;
qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish hajmi, bozor sig‘imini hisobga olgan holda narx o‘zgarishining 2025 yilgacha bo‘lgan prognozlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qishloq xo‘jaligida marketing tizimidan foydalanishning asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotishning samarali usullarini joriy etish yuzasidan ishlab chiqilgan taklif O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan amaliyotga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 5 noyabrdagi 02/076-3477-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida mahsulotlarni sotish xarajatlarini 15 foizga kamaytirish bilan birga mahsulot etishtiruvchilar bilan iste’molchilar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri axborot almashish imkoni yaratilgan;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini reklama qilish tizimida agrofrancheyzinglar tashkil qilish orqali rivojlantirish va ular tomonidan mahsulotlarga qo‘yiladigan talablar hamda o‘zaro iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirish yo‘llari bo‘yicha berilgan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 5 noyabrdagi 02/076-3477-son ma’lumotnomasi). Bunda agrofrancheyzinglar orqali mahsulot brendi yaratilib, kafolatli xaridorga ega bo‘lishadi va ishlab chiqaruvchi sub’ektlar 20 foizgacha qo‘shimcha foyda olishga erishishi asoslangan;
qishloq xo‘jaligida marketing tizimini rivojlantirish, ma’lumotlar bazasini yaratish maqsadida agromarketing markazlarini va ularning namunaviy tashkiliy tuzilmasini davlat-xususiy sherikligi asosida tegishli davlat idorali tarkibida tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan amaliyotga tatbiq etilgan  (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 5 noyabrdagi 02/076-3477-son ma’lumotnomasi). Bunda mahsulot etishtiruvchilar bevosita agromarketing markazlari bilan hamkorlikda ularning xulosalari va marketing tadqiqotlari natijalariga asoslangan holda faoliyatlarini tashkil qilish natijasida 15-20 foiz qo‘shimcha samaraga erishish imkoniga ega bo‘lishi asoslangan;
erkin bozor uchun etishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarini prognozlashda ularga ta’sir qiluvchi omillarni eng kichik kvadratlar usuli orqali baholashning qisqa va o‘rta muddatli prognozlarini belgilash bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan amaliyotga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2019 yil 5 noyabrdagi 02/076-3477-son ma’lumotnomasi). Bunda erkin bozor uchun etishtiriladigan mahsulotlar hajmi va turlarini rejalashtirish asosida bozorlarda shakllanadigan mahsulot narxlarining keskin o‘zgarishining oldini olish va mavsumiy narx muvozanatini ta’minlash imkoniyati yaratilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish