Nazarov Muxamatali Azimovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqida jazo tayinlash», 12.00.08–Jinoyat huquqi. Huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.1.PhD/Yu348.
Ilmiy rahbar: Rustambaev Mirzayusup Xakimovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Axmedova Guzalxon Utkurovna, yuridik fanlar doktori (DSc), Palvanov Marat Biyembetovich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sudlar tomonidan jinoiy jazoni tayinlash bilan bog‘liq huquqiy munosabatlarni kompleks tarzda o‘rganish, xalqaro va ichki normalarni hamda jazo qo‘llanilishi bilan bog‘liq asosiy jinoyat-huquqiy muammolarni qiyosiy huquqiy tahlil qilish, shuningdek, jazoni qo‘llashda jinoyat qonunchiligi normalarni to‘g‘ri qo‘llashga qaratilgan ilmiy jihatdan asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
majburiy jamoat ishlari shaklidagi yangi jazo turini jazo tizimiga kiritish lozimligi asoslangan;
sud tomonidan ayblov hukmini chiqarishda kvalifikatsiya qilish va jazo tayinlashda aybdorning shaxsini hisobga olish, shuningdek keyinchalik jazodan ozod qilgan holda ayblov hukmini chiqarish hamda jazo tayinlamasdan ayblov hukmini chiqarish lozimligi isbotlangan;
turli xil jinoiy jazolarni tayinlashda sud jazoni o‘tash shartlarini konkretlashtirish va yanada aniq belgilash lozimligi asoslab berilgan;
bir necha jinoyat sodir etganlik uchun va bir necha hukm yuzasidan uzil-kesil jazo tayinlash hamda ozodlikdan mahrum qilish jazo muddatini hisoblash yuzasidan takliflar asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasi jinoyat huquqida jazo tayinlash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
majburiy jamoat ishlari shaklidagi yangi jazo turini jazo tizimiga kiritish to‘g‘risidagi takliflardan 2017 yil 29 martdagi «Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ishlab chiqishda foydalanilgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 451, 821-moddalari «Majburiy jamoat ishlari» bilan to‘ldirilgan, 43-moddasi b1-bandi «majburiy jamoat ishlari» bilan to‘ldirilgan, 81-moddasi 1a-bandi «majburiy jamoat ishlari» bilan to‘ldirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2019 yil 19 oktyabrdagi 06-13/2104-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi sudlar tomonidan majburiy jamoat ishlari jazosini alternativ jazo turi sifatida tayinlashga asos bo‘lmoqda;
sud tomonidan ayblov hukmini chiqarishda, qilmishida Jinoyat kodeksi Maxsus qismining bir moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlar belgilari mavjud bo‘lgan harakatlarini kvalifikatsiya qilish va jazo tayinlashda aybdorning shaxsini hisobga olish, shuningdek keyinchalik jazodan ozod qilgan holda ayblov hukmini chiqarish hamda jazo tayinlamasdan ayblov hukmini chiqarish to‘g‘risidagi holatlarga oid tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil 23 maydagi «Sud hukmi to‘g‘risida»gi 7-sonli qarorining 11, 27, 28, 29, 32-bandlariga kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 25 yanvardagi 4-son va 2019 yil 1 noyabrdagi 11-94-11-son ma’lumotnomalari). Mazkur masalalar yuzasidan Oliy sud Plenumi tomonidan berilgan tushuntirishlar sud tomonidan ayblov hukm chiqarishda qonun normalarni to‘g‘ri ko‘llashni ta’minlaydi;
turli xil jinoiy jazolarni (jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash) tayinlash va o‘tash shartlarini konkretlashtirish va yanada aniq belgilash, shuningdek ozodlikni cheklash tarzida jazoni o‘tashda sud tomonidan aybdorga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha taqiqlar (cheklovlar), mahkumni ushbu jazoni o‘tashdan ashaddiy bo‘yin tovlagan deb topish shartlariga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2015 yil 13 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida»gi qarorining 12, 21, 22, 23, 24, 251, 252, 253, 254, 255, 256, 28, 38-bandlariga qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 17 martdagi 04/11-122-16-son va 2019 yil 1 noyabrdagi 11-94-11-son ma’lumotnomalari). Ushbu takliflar turli xil jinoiy jazolarni tayinlash hamda ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni tayinlashda qo‘shimcha taqiqlar (cheklovlar) belgilashda qo‘llanilmoqda;
Jinoyat kodeksi 60-moddasining 5-qismiga ko‘ra, bir necha hukmlar yuzasidan axloq tuzatish ishlari yoki xizmat bo‘yicha cheklash jazolarni tayinlash, muqaddam ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tamagan shaxsga o‘tash koloniya turini belgilash, Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hukm chiqarilganida 59-moddasining 8-qismi tartibida uzil-kesil jazo tayinlash, birinchi hukm bilan tayinlangan jazoni to‘liq o‘tamasdan jinoyat sodir qilgan, lekin oxirgi hukm chiqish paytiga birinchi hukm bilan tayinlangan jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan shaxsga Jinoyat kodeksining 60-moddasini qo‘llash, jinoyatlar majmui yoki bir necha hukm bilan muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi asosiy va qo‘shimcha jazo sifatida tayinlanganda uzil-kesil jazo tayinlash, ozodlikdan mahrum qilish jazo muddatini hisoblash yuzasidan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2014 yil 23 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 8-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi «Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida»gi qarorining 20, 30, 361, 53, 54, 561, 57, 58-bandlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2017 yil 19 maydagi 04/11-296-17-son va 2019 yil 1 noyabrdagi 11-94-11-son ma’lumotnomalari). Mazkur takliflar sudlar tomonidan bir necha hukm va jinoyatlar majmui bo‘yicha uzil-kesil jazo tayinlash, ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashda jazo muddatini hisoblash bir xilda qo‘llanilishini ta’minlaydi.