Sultonov Abdulla Azamatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ishni sudga qadar yuritish bosqichida protsessual xarajatlarni to‘lash mexanizmini takomillashtirish», 12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor qidiruv huquqi va sud ekspertizasi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Yu170.
Ilmiy rahbar: Muxitdinov Faxritdin Muxitdinovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Rajabov Baxtiyor Almaxmatovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Kadirova Moxigul Xamitovna, yuridik fanlar nomzodi.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sud`yalar oliy kengashi huzuridagi Sud`yalar oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi jinoyat-protsessual qonunchilikda protsessual xarajatlarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida videokonferensaloqadan foydalanishda sarflangan xarajatlarni protsessual xarajatlarning alohida turi sifatida jinoyat-protsessual qonunchilikda belgilash zarurati asoslantirilgan;
ishni sudga qadar yuritish bosqichida tergov harakatlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llagan holda, masofadan turib (onlayn) o‘tkazish orqali protsessual xarajatlarni tejash mumkinligi isbotlangan;
protsessual harakatlarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish asosida ishni qisqa muddatlarda, kam kuch va mablag‘ sarflagan holda ko‘rib chiqishga imkon berishi asoslangan;
turar joy ijarasi xarajatlarini, shuningdek yo‘lkira sarfini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmaganida ushbu xarajatlarni hisoblash tartibi va qoplash miqdorini normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlash zarurati isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi
Ishni sudga qadar yuritishda protsessual xarajatlarni to‘lash mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida videokonferensaloqadan foydalanish chog‘ida sarflangan xarajatlarni protsessual xarajatlarning yangi turi sifatida jinoyat-protsessual qonunchilikda mustahkamlashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 318 moddasi 71-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 2020 yil 28 yanvardagi 1-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi ishni sudga qadar yuritish bosqichida sarflangan xarajatlarni to‘liq qamrab olishga asos bo‘lishi bilan birga, protsessual xarajatlar turining kengayishiga xizmat qilgan;
sud-tergov amaliyotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llagan holda tergov harakatlarini masofadan turib (onlayn) o‘tkazish orqali protsessual xarajatlarni tejashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 911moddasi 1 va 4-bandi qoidalarini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2020 yil 18 fevraldagi 06/1-05/117vx-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi so‘roq qilish, shaxsni yoki narsani tanib olish, yuzlashtirish tergov harakatlarida uzrli sabablarga ko‘ra bevosita qatnashish imkoni bo‘lmagan, shuningdek ishtirok etishi ortiqcha xarajat keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan hollarda protsess ishtirokchilariga yuqoridagi tergov harakatlarida bilvosita (masofadan turib, onlayn) ishtirok etish imkonini bergan;
protsessual harakatlarni amalga oshirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish asosida ishni qisqa muddatlarda, kam kuch va mablag‘ sarflagan holda ko‘rib chiqish tizimini tatbiq etishga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi PF-5953-son (2020.02.03) farmoniga ilova sifatida tasdiqlangan Davlat dasturining «Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari» nomli II bo‘limning  46-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (Taraqqiyot strategiyasi markazining 2020 yil 9 martdagi 1008-1/20-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lgan va uni ayblash uchun etarli dalillar bo‘lgan hollarda ish yuritishni soddalashtirish hamda engilroq jazo tayinlash tartibi ishlab chiqilishiga asos bo‘lgan;
turar joy ijarasi xarajatlarini, shuningdek yo‘lkira sarfini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmaganida ushbu xarajatlarni hisoblash tartibi va qoplash miqdorini normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlashga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019 yil 12 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xizmat safarlari to‘g‘risida yo‘riqnomaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi 92 va 34-2019-QQ-son qarorining 3 va 5- moddalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2020 yil 3 fevraldagi 04/03-03-06-32/591-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi jinoyat protsessi ishtirokchilarining protsessual harakatlar o‘tkaziladigan joyga kelib ketishi hamda turar joyni ijaraga olishi bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish