Darmonova Mashxuroxon Adiljon qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Toshkent shahar markaziy davlat arxivi: tarixi, jamg‘armalar tasnifi va turkum manbalar tahlili”, 07.00.08–Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2020.1.PhD/Tar215
Ilmiy rahbar: Ziyaeva Dono Hamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Tarix instituti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti. DSc.02/30.12.2019 Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Doniyorov Alisher Xudoyberdievich, tarix fanlari doktori, professor; Ermetov Avaz Abdullaevich, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Toshkent shahar markaziy davlat arxivining shakllanish tarixi, faoliyati, rivojlantirish muammolarini aniqlash, arxiv jamg‘armalarida saqlanayotgan manbalarni yo‘nalishlar bo‘yicha tasniflash, hujjatlarni muammoviy yondoshuv asosida tahlil qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
XX asr 70-yillar boshida hududiy arxivlar tizimini kengaytirish siyosati natijasida poytaxt ahamiyatiga ega bo‘lgan arxiv hujjatlarini alohida saqlash uchun Toshkent shahar davlat arxivining tashkil etilishi tarixiy bosqichlari hamda arxivning zamonaviy faoliyati, hujjatlar bilan jamlanishi holati, arxiv sohasidagi huquqiy va tashkiliy islohotlar, xizmat ko‘rsatish sektori modernizatsiyasi, axborot texnologiyalarini joriy etilish jarayonlarining rivojlanganligi aniqlangan;
700ga yaqin arxiv jamg‘armalari tarkibida saqlanayotgan hujjatlarning manbaviy tavsifi ishlab chiqilib, uning asosida shahar ijtimoiy-iqtisodiy hayotida chuqur iz qoldirgan jarayonlar, xususan, sovet hokimiyatining natsionalizatsiya, munisipalizatsiya, jamoalashtirish, “quloqlashtirish” siyosatining amalga oshirilishi natijasida xususiy mulkchilik tugatilganligi, davlat monopoliyasi o‘rnatilganligi va iqtisodiy taraqqiyot izdan chiqqanligi ilmiy bilimlarning rivojlanish jarayonlari kontekstida ochib berilgan;
100dan ortiq yig‘majildlar tarkibida mujassamlashgan 3 mingdan ziyod arxiv manbalari ilmiy iste’molga kiritilishi natijasida O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushiga qo‘shgan ulkan hissasi, ya’ni Toshkent shahriga evakuatsiya qilingan aholini joylashtirish, yosh bolalarni qaramog‘iga olish, frontga xom ashyo, oziq-ovqat va moddiy yordam yuborilganligi tarixiy faktlar bilan asoslangan;
mustaqillik yillariga oid arxivda saqlanayotgan madaniyat, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport muassasalari faoliyatini aks ettiruvchi hujjatlar aniqlanishi natijasida, aholi demografiyasi, oliy va o‘rta maxsus hamda umumta’lim maktablar tizimi, tibbiy va sog‘lomlashtirish maskanlari faoliyatining o‘sish dinamikasi va rivojlanganligi arxiv manbalari asosida dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Toshkent shahar markaziy davlat arxivining tarixi, jamg‘armalar tasnifi va turkum manbalar tahlili masalalari bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy natijalar va amaliy takliflardan:
Toshkent shahar markaziy davlat arxivining shakllanish tarixi, jamg‘armadagi tarixiy hujjatlar tavsifi, mustaqillik yillarida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha ilmiy xulosalar O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O’zbekiston tarixi» telekanalida 2019 yil 9 oktyabrda efirga uzatilgan «Taqdimot» dasturining “Toshkent shahar markaziy davlat arxivi tarixi va tarixiy manbalari” ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2019 yil 11 noyabrdagi 02-40-2352-son ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi poytaxt arxivining shakllanish va rivojlanish tarixi, arxivni hujjatlar bilan jamlanishi hamda jamg‘armadagi tarixiy hujjatlar mazmunini yoritib berishga xizmat qilgan.
Toshkent shahar markaziy davlat arxividagi 1917-2019 yillar uchun 674 ta jamg‘arma tizimlashtirilib, davlat hokimiyati va davlat boshqaruv organlari, sud-huquq tizimi, iqtisodiy va xalq xo‘jaligi, xalq ta’limi, fan, mehnat, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot, kasaba uyushmalari, jamoat birlashmalari tashkilotlari, korxonalari va muassasalarining asosiy faoliyati va shaxsiy tarkibini aks ettiruvchi jamg‘armalar mazmuni bo‘yicha o‘zbek tilida qisqa axborot beruvchi arxiv ma’lumotnomasi tuzishda foydalanilgan (Toshkent shahar Arxiv ishi hududiy boshqarmasining 2019 yil 02 dekabrdagi 01-18/590-son ma’lumotnomasi). Arxiv faoliyati uchun taqdim etilgan jamg‘armalar bo‘yicha tavsifli arxiv ma’lumotnomasi (spravochnik) mutaxassislar, tarixchilar va foydalanuvchilarga arxiv manbalari bilan ishlashda ilmiy-amaliy yo‘riqnoma sifatida xizmat qilgan.
Toshkent shahar markaziy davlat arxivi jamg‘armalaridagi hujjatlar tahlili asosida, poytaxtdagi ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari va sport inshootlari masalalarining yoritilishiga oid ilmiy natijalaridan Tarix institutida bajarilgan F1-FA-0-11986 raqamli “O‘zbekiston shaharlar tarixi: an’analar, urbanizatsiya va transformatsiya jarayonlari (eng qadimdan hozirgacha)” mavzusidagi fundamental loyihasi doirasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2020 yil 10 martdagi 3/1277-0903-son ma’lumotnomasi). Keltirilgan ma’lumotlar shahar ijtimoiy infratuzilmasida ta’lim, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish va servis, madaniy maskanlar, aholi uchun qulay shart-sharoit hamda sog‘lom turmush tarzini ta’minlashga xizmat qiluvchi ob’ektlar faoliyatini yoritishda asos sifatida xizmat qilgan.