Sayt test rejimida ishlamoqda

«Ilmiy darajalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom»ning 5-bandiga muvofiq fan va texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan kamida uchta ixtiro yoki seleksiya yutug‘i muallifiga fan doktori (DSc) ilmiy darajasi hamda uchtagacha ixtiro yoki seleksiya yutug‘i muallifiga falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi dissertatsiya himoyasisiz istisno tariqasida berilishi mumkin.

Ixtiro yoki seleksiya yutug‘i muallifiga falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish uslubiy jihatdan quyidagilar asosida amalga oshiriladi.

1a. Ixtiro yoki seleksiya yutug‘iga patent hammualliflikda bajarilgan bo‘lsa, hammuallif (hammualliflar) mazkur patentning (1) g‘oyasi (g‘oyaga hammuallif) ushbu talabgorga tegishli ekani, (2) u mazkur patentdan ilmiy daraja olish uchun foydalanishi mumkinligi va (3) ushbu patentdan keyinchalik shu maqsadda hammualliflar foydalanmasligi yuzasidan rozilik xatini bergan bo‘lishi kerak (rozilik xati alohida har bir hammuallif yoki hammualliflar tomonidan birgalikda yozilishi mumkin).

Rozilik xatidagi hammuallifning imzosi u faoliyat olib borayotgan (yoki tadqiqot amalga oshirilgan) tashkilot tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

1b. Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun talabgor o‘rnatilgan tartibda malakaviy imtihonlar topshirgan bo‘lishi kerak.

Fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun talabgor fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) yoxud xorijiy davlatlarda berilgan boshqa ilmiy darajaga ega bo‘lishi kerak.

2a. Tegishli OTM yoki ITM yo‘llanma xat bilan O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligiga murojaat qilishi, uning asosida O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi ixtiro yoki seleksiya yutug‘i patentiga xulosa berishi kerak.

2b. Ilmiy natijalar amaliyotga tatbiq etilgani to‘g‘risida tegishli tashkilot (tashkilotlar) ma’lumotnoma bergan bo‘lishi kerak.

2v. Tadqiqot amalga oshirilgan OTM yoki ITM kengashining ixtiro yoki seleksiya yutug‘i patentining (1) ulkan ahamiyati, (2) ilmiy yangiliklari va (3) amaliyotga joriy etilgani bo‘yicha xulosasi bo‘lishi kerak.

Tadqiqot amalga oshirilgan OTM yoki ITM rasmiy xat bilan ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashga murojaat qilgan bo‘lishi kerak.

2g. Ilmiy kengash majlisida talabgor tomonidan ixtiro yoki seleksiya yutug‘i patentining ulkan ahamiyati, ilmiy yangiliklari va amaliyotga joriy etilishi bo‘yicha taqdimot qilishi kerak.

2d. Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash majlisida mutaxassis tomonidan olingan tegishli ixtiro yoki seleksiya yutug‘i patentining ulkan ahamiyati, ilmiy yangiliklari va amaliyotga joriy etilganiga xulosa berilgan bo‘lishi kerak.

Izoh: talabgor ixtiro yoki seleksiya yutug‘i patenti asosida falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy ilmiy darajasini dissertatsiya himoyasisiz istisno tariqasida berilishi yuzasidan tegishli oliy ta’lim yoki ilmiy-tadqiqot muassasasi rahbariyatiga murojaat qilishi kerak.

Yangiliklarga obuna bo‘lish